Karantinda o'qing: «Sevgi bilan g'olibman har on!» kitobi

Prezident Shavkat Mirziyoev 2017 yilda Jizzax shahrida Sharof Rashidov haykalining ochilishiga bag'ishlangan tantanali marosimda so'zlagan  nutqida «Sharof Rashidovning “Ikki dil dostoni” degan go'zal asarini hammamiz sevib o'qiganmiz. Mening nazarimda, chinakam sevgi va sadoqat dostoni bo'lmish bu asarda Sharof aka va u kishining mehribon rafiqasi, oqila va munis o'zbek ayoli Xursanoy opaning ibratli hayoti va taqdiri mujassam bo'lgandek tuyuladi» deb ta'kidlagandi.

Adabiyot ixlosmandlari  halqimizning buyuk farzandi, yirik davlat va jamoat arbobi Sharof Rashidovning betakror iste'dodi bilan ezgu qadriyatlarni tarannum etgan roman va qissalar, she'r va dostonlar muallifi ham ekanligini juda yaxshi bilishadi. Adibning katta nasr namunalari bo'lgan «G'oliblar»,  «Bo'rondan kuchli»,  «Qudratli to'lqin» romanlari bilan bir qatorda «Samarqand kuylari», «O'lkam», «Orzuimiz», «Qahrim» she'riy to'plamlari, «Chegarachi» dostoni, «Kashmir qo'shig'i», «Komde va Mudan» lirik qissalari nashr etilgan.

Yaqinda Sharof Rashidov nomidagi xalqaro jamoat fondi tomonidan «Niso poligraf» nashriyotida uning «Sevgi bilan g'olibman har on!» she'riy kitobi chop etildi. Ushbu kitobdan atoqli adibning  o'quvchilarga yaxshi tanish bo'lgan she'rlari bilan birga matbuotda hali e'lon qilinmagan yangi nazmiy asarlari ham o'rin olgan.

Akademik Akmal Saidovning "O'zbekiston adabiyoti va san'ati" gazetasining 2020 yil 22 may sonida e'lon qilingan Sevgi bilan toparman zafar" sarlavhali maqolasida ana shu kitobning mazmuni va mohiyati muxtasar talqin etilgan.

Muallif qayd etganidek, Sharof Rashidovichning juda mas'uliyatli, hamisha ham tekis bo'lmagan hayot yo'llarida, ayniqsa, bu buyuk inson  vafot etganidan keyin unga tuhmat va malomatlar yog'ilgan yillarda turmush o'rtog'i Xursanoy G'afurovnaning donoligi va oqilaligi, chuqur mulohazakorligi, metindek irodasi  doimo qo'l kelgan. Yoriga hamisha g'oliblik baxsh etib kelgan Xursanoy opa  umr bo'yi Sharof Rashidov bilan hamnafas bo'lib, hayotning barcha sinovlariga matonat bilan bardosh berib, eng og'ir damlarda ham umr yo'ldoshiga sodiq bo'lib yashadi.

2020 yilda Xursanoy G'afurovna tavallud topganiga 100 yil to'ldi. Qirg'inbarot urushning  qonli janggohlarida bitilgan va “Sevgi bilan g'olibman har on!” deya xitob qilingan muhabbat izhorlarini o'zida jamlagan yangi nazmiy kitob ana shu muborak sanaga  munosib sovg'adir.

Inson huquqlari bo'yicha
O'zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati

Powered by GSpeech