Bugungi kunda butun dunyoga koronavirus infektsiyasi jiddiy xavf solib turibdi. Shu munosabat bilan BMT va boshqa xalqaro tashkilotlar timsolida jahon hamjamiyati barcha davlatlarni COVID-19 virusi pandemiyasiga qarshi kurash sharoitlarida aholi sog'lig'ini himoya qilish va bu boradagi inson huquqlarini ta'minlashga chaqirmoqda.
Xususan, koronavirus infektsiyasi aniqlangan mamlakatlarda insonlarning yashash va sog'lig'ini saqlashga doir huquqlarini himoya qilish, barcha ehtiyojmandlarning hech qanday kamsitishlarsiz tibbiy yordamdan foydalanish imkoniga ega bo'lishini ta'minlash yuzasidan tegishli choralar ko'rilishi so'ralmoqda. Aholining COVID-19 xatari oldida nisbatan zaif qatlamlari, ya'ni keksalar, nogironlar, ayollar, muhojirlar, boshpanasiz kishilarga muntazam g'amxo'rlik ko'rsatish zarurligiga ahamiyat qaratilmoqda.
Harakatlanishni yalpi cheklash choralari joriy etilgan mamlakatlarda hukumatlar bolalar va o'smirlarni masofadan o'qitish uchun barcha vosita hamda imkoniyatlarni ishga solishlari lozim. Bundan tashqari, davlatlar hech kimni g'amxo'rlik va e'tibordan chetda qoldirmaslik uchun aholining ehtiyojmand guruhlarini asosiy tovarlar va xizmatlar bilan ta'minlab turishi taqozo etiladi.
Yaqinda BMT tarixida ilk bor koronavirusga qarshi kurash bo'yicha rezolyutsiya qabul qilinganini alohida ta'kidlash lozim. Bosh assambleyada 188 ta davlat, jumladan O'zbekiston ham hammuallif hisoblanuvchi ushbu rezolyutsiya bo'yicha ovoz berish pandemiya sababli yig'ila olinmayotgani sababli yangi qoidalar bo'yicha o'tkazildi.
BMTga a'zo davlatlar qabul qilgan va kuchga kirgan mazkur rezolyutsiyada koronavirusning jamiyatga vayronkor ta'siri, iqtisodiyotga jiddiy zarar yetkazayotgani, global safarlar va savdoga e'tibor qaratilgan. Unda xalqaro hamkorlikni qo'llab-quvvatlash va BMTning pandemiyaga qarshi global kurashda markaziy rol` o'ynashi, nochor va pandemiyadan eng ko'p jabr ko'rgan davlatlarga ko'mak ko'rsatish zarurligi ta'kidlangan.
Bundan tashqari, BMT hujjatida koronavirusga qarshi kurashda tahqirlash va ksenofobiyaning har qanday turidan voz kechish va inson huquqlarini hurmat qilish lozimligi belgilab qo'yilgan. Hujjat, shuningdek, xalqaro hamjamiyatni koronavirusga qarshi kurashdagi ma'lumotlar, bilimlar va yutuqlar bilan bo'lishishga chaqiradi.
Bugungi voqelik shundan dalolat beradiki, koronavirus infektsiyasi tarqalishi oqibatida tobora ko'proq mamlakatlar inson huquqlariga bevosita ta'sir qiladigan qat'iy choralarni, jumladan, harakatlanish va shaxsiy hayot erkinligiga daxl qiladigan cheklovlarni qo'llamoqda. Binobarin, favqulodda holat va xavfsizlikni ta'minlash bo'yicha karantin bilan bog'liq boshqa har qanday chora-tadbirlar albatta inson huquqlarini himoya qilish printsipiga tayanishi shart.
BMTning Inson huquqlari bo'yicha oliy komissari bir qator hukumatlar va xalqaro tashkilotlar COVID-19 virusiga qarshi kurashning inson huquqlariga, ayniqsa, iqtisodiy va ijtimoiy huquqlarga ko'rsatadigan ta'sirini yumshatishga qaratilgan muhim choralarni tatbiq etayotganini qutladi.
Bu haqda fikr yuritganda, mamlakatimizda ushbu xatarni bartaraf etish uchun barcha zarur choralar ko'rilayotganini qayd etish maqsadga muvofiqdir. Eng muhimi, bunda avvalo inson manfaatlarining har narsadan ustunligi talabidan kelib chiqilmoqda.
O'zbekistonda o'tgan oz fursat ichida epidemiyaga qarshi kurashish doirasida nima ishlar qilishga muvaffaq bo'lindi? Taniqli siyosatshunos, Oliy Majlis Senati a'zosi Qudratilla Rafiqov "Qudratimiz – birlikda, biz g'alaba qozonamiz" nomli maqolasida sanab o'tgan yetakchi omillarning quyidagi muxtasar bayoni ushbu savolga munosib javob bo'lishiga aminmiz:
birinchidan, O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev koronavirus pandemiyasining oldini olish va unga qarshi kurash bo'yicha strategik rejani o'z vaqtida va juda qisqa fursatda qabul qildi;
ikkinchidan, davlatimiz rahbari tashabbusi bilan mamlakatda mintaqalar xususiyatlarini hisobga olgan holda epidemiyaga qarshi kurashishning samarali tizimi yaratildi;
uchinchidan, Prezidentimiz jamiyat barqarorligini himoya qilishga qaratilgan tezkor choralarni amalga oshirdi;
to'rtinchidan, O'zbekiston Prezidenti muntazam ravishda axborot-targ'ibot ishlarini kengaytirishga chaqirmoqda;
beshinchidan, Prezidentimiz ijtimoiy masalalar, ayniqsa, kishilarning talablariga darhol e'tibor qaratmoqda va yuzaga kelgan muammolarning zudlik bilan yechim topishiga faol ko'maklashmoqda;
oltinchidan, Prezident Shavkat Mirziyoev O'zbekistonning bu yo'nalishdagi faoliyati xalqaro hamjamiyat tomonidan qo'llab-quvvatlanishi yo'lida izchil ish olib bormoqda.
Eng asosiysi, O'zbekistonning koronavirus pandemiyasi oldini olish va unga qarshi kurash bo'yicha strategik rejasida ko'zda tutilgan umumiy maqsad – qat'iyat bilan kasallik tarqalishining oldini olishdir. Buning kuchi shundaki, butun mamlakat ushbu pandemiyaga qarshi kurashda yagona rejaga amal qilishi zarur. Ushbu yo'nalishdagi asosiy jihatlar infektsiya manbasini nazorat qilish va uning tarqalish yo'llarini yopishdan iborat.
Shu ma'noda, koronavirus pandemiyasi keltirib chiqargan inqirozga qarshi kurashish sharoitida tadbirkorlikni qo'llab-quvvatlash masalalari bo'yicha 3 aprel` kuni o'tkazilgan videoselektor yig'ilishida O'zbekiston Prezidenti yana bir bor xalqimizga murojaat qilgani muhim ahamiyatga ega bo'ldi. Davlatimiz rahbari bugungi kunda butun dunyo, insoniyat murakkab davrni boshidan kechirayotganiga e'tiborni qaratib, mamlakatimizda epidemiologik vaziyatni jilovlash, aholi salomatligini har tomonlama himoya qilish uchun barcha choralar ko'rilayotganini ta'kidladi.
Yig'ilishda koronavirus infektsiyasi tarqalishiga qarshi kurashish borasidagi ishlar tanqidiy tahlil qilindi. Davlat tomonidan ko'rilayotgan choralar odamlarimizning kasallikni yuqtirib olish ehtimolini imkon qadar chegaralash, virusli infektsiyaning tarqalishini jilovlashga qaratilgani qayd etilib, aholini ijtimoiy va tibbiy muhofaza qilish, shuningdek, shunday qiyin vaziyatda iqtisodiyotimizni, tadbirkorlarni faol qo'llab-quvvatlashning dolzarb vazifalari belgilab berildi.
O'zbekiston Respublikasi Prezidenti 3 aprel` kuni «Koronavirus pandemiyasi davrida aholi, iqtisodiyot tarmoqlari va tadbirkorlik sub'ektlarini qo'llab-quvvatlashga doir qo'shimcha chora-tadbirlar to'g'risida»gi farmonni imzolagani ham juda muhimdir. Bu davlatimiz rahbarining pandemiya sharoitida qabul qilingan ikkinchi Farmoni hisoblanadi.
Farmonda iqtisodiyot va biznes sohalariga yetkazilgan asoratlarni davlat mablag'i hisobiga yengilashtirishga doir muhim vazifalar ko'zda tutilgan. Unda, shuningdek, kam daromadli insonlar va ehtiyojmand oilalarni ijtimoiy himoyalash va tadbirkorlarni qo'llab-quvvatlash bilan bog'liq dolzarb choralar o'z aksini topgani g'oyat ahamiyatlidir.
Ma'lumki, 2020 yil 27 mart kuni “O'zbekiston Respublikasining Jinoyat, Jinoyat-protsessual kodekslariga va Ma'muriy javobgarlik to'g'risidagi kodeksiga o'zgartish va qo'shimchalar kiritish to'g'risida”gi qonun matbuotda e'lon qilindi. Ushbu qonun misolida O'zbekistonda inson huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari ustuvor ekani yana bir bor o'z ifodasini topdi.
Mazkur qonun karantin to'g'risida aholi orasida asossiz vahima tarqalishining oldini olish, jamoat xavfsizligini ta'minlash hamda mutasaddi idoralarning normal faoliyat yuritishi uchun sharoit yaratish, qolaversa, bu borada olib borilayotgan ishlarni to'laqonli amalga oshirish hamda ushbu sohada javobgarlikni kuchaytirish maqsadida qabul qilingan. Aksariyat xorijiy davlatlar tajribasi ham yangi qonun talablarining hayotga tatbiq etilishi butun dunyoda global muammo bo'lib turgan pandemiya tarqalishining oldini olishda muhim ahamiyat kasb etishini tasdiqlamoqda.
Eng asosiysi, mazkur kasallik jahon iqtisodiyotiga salbiy ta'sir etayotgan hozirgi sharoitda odamlar salomatligidan iqtisodiyotni ustun qo'ygan davlatlarning achchiq tajribasi bu yo'lning nechog'lik noto'g'ri ekanini ko'rsatmoqda. Shu bois mamlakatimizda infektsiyaning keng tarqalib ketishiga yo'l qo'ymaslik hamda kasallikni davolashga barcha kuch va vositalar safarbar qilingani alohida e'tiborga loyiq.
Xorijiy davlatlardagi kasallik qayd etilgan fuqarolarimiz begona yurtlarda o'z holiga tashlab qo'yilmasdan, charter reyslar bilan olib kelinmoqda. Bu davlatimizning xalqona mehribonlik siyosatigina bo'lib qolmasdan, yurtimiz fuqarolarining har biri O'zbekiston farzandi sifatida qaerda bo'lishidan qat'i nazar davlatimiz e'tiborida, qaramog'ida ekanining tasdig'idir. Ushbu bemorlarda to'liq davolash muolajalari o'tkazilib, jiddiy asoratlarning oldini olish imkoniyati borligi davlatimizda olib borilayotgan insonparvar siyosatning yaqqol namoyishidir.
Boshqacha aytganda, haqiqatan ham, O'zbekiston xalqi o'z davlatining qudrati va ruhini, ulkan mas'uliyat va onglilikni namoyon etmoqda, bu xalqaro hamjamiyat tomonidan ham yuqori baholanmoqda. Nafaqat o'zbek xalqining, balki butun Markaziy Osiyo mintaqasi aholisining xavfsizligi va sog'lig'ini ta'minlash bo'yicha aniq choralar ko'rilmoqda.
Shuni alohida ta'kidlash kerakki, 26 mart kuni koronavirus infektsiyasi tarqalishiga qarshi kurashishni kuchaytirish masalalariga bag'ishlangan videoselektor yig'ilishida Prezident Shavkat Mirziyoev mutasaddilarni ayni paytdagi holatga favqulodda vaziyat deb qarashga chaqirdi. Davlat rahbari ta'kidlaganidek, koronavirusga qarshi kurashishda favqulodda vaziyat holatidagi kabi ishlasak, shunda kutilgan natijalarga erisha olamiz.
Mamlakatimiz rahbari raisligida 19 mart kuni ham koronavirus pandemiyasining aholi turmush darajasi va iqtisodiyot tarmoqlariga salbiy ta'sirini yumshatish masalalariga bag'ishlangan videoselektor yig'ilishi o'tkazilgan. Xuddi shu kuni O'zbekiston Prezidentining "Koronavirus pandemiyasi va global inqiroz holatlarining iqtisodiyot tarmoqlariga salbiy ta'sirini yumshatish bo'yicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar to'g'risida"gi farmoni imzolandi.
Davlatimiz rahbari 26 martda "O'zbekiston Respublikasida koronavirus infektsiyasi keng tarqalishining oldini olishga doir qo'shimcha chora-tadbirlar to'g'risida" hamda "Koronavirus infektsiyasi tarqalishiga qarshi kurashishga jalb qilingan tibbiyot va sanitariya-epidemiologiya xizmati xodimlarini qo'llab-quvvatlashga oid qo'shimcha chora-tadbirlar to'g'risida", 27 martda esa "Aholining dori vositalari, tibbiy buyumlar, tibbiy texnika va eng zarur tovarlarga bo'lgan ehtiyojini ta'minlashga doir qo'shimcha chora-tadbirlar to'g'risida"gi qarorlarni imzoladi. Shuningdek, 23 martda Vazirlar Mahkamasining "Koronavirus infektsiyasi tarqalishiga qarshi qo'shimcha chora-tadbirlar to'g'risida"gi qarori qabul qilindi.
Bugungi kunda ushbu yig'ilishlar va rasmiy hujjatlarda belgilab berilgan muhim vazifalarning ijrosi joylarda va barcha tarmoqlarda qat'iy ta'minlanmoqda. Jumladan, Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi koronavirus infektsiyasining tarqalishiga yo'l qo'ymaslik, karantin rejimini buzishning barcha salbiy oqibatlarini aholiga tushuntirish bo'yicha o'z vazifa va vakolatlari doirasida izchil ish olib bormoqda.
Karantin talablaridan kelib chiqqan holda, bu muhim ishlarni asosan masofadan bajarishga to'g'ri kelmoqda. Bunda Markazning rasmiy sayti va hamkor ommaviy axborot vositalari muhim ro` o'ynayotganini qayd etish lozim. Misol uchun, mamlakatda koronavirus infektsiyasi aniqlangani rasman e'lon qilingan vaqtdan buyon o'tgan davrda saytimizda ayni mavzuda 100 tadan ortiq axborot, videolavha va infografika joylashtirildi.
Keyingi vaqtlarda ijtimoiy tarmoqlarda koronavirus infektsiyasiga chalingan kishilarning shaxsiy ma'lumotlariga doir axborotlar ham tarqalgani kuzatildi. Shu munosabat bilan Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi tomonidan koronavirus tarqalishi sharoitida inson huquqlarini ta'minlashning dolzarbligi mavzusidagi axborotlarni tarqatish masalasiga alohida urg'u berildi. Bunda jamoatchiligimiz e'tibori Jahon sog'liqni saqlash tashkilotining ayni yo'nalishdagi chaqiriqlariga qaratildi.
Yurtimizda joriy yilning 28-29 may kunlari Inson xuquqlari bo'yicha Samarqand forumini o'tkazishga tayyorgarlik ko'rilayotgandi. Jahon sog'liqni saqlash tashkiloti tomonidan 2020 yil 11 martda COVID-19 koronavirusining pandemiya deb e'lon qilinishi munosabati bilan, shuningdek, koronavirus tarqalishining oldini olish maqsadida O'zbekiston Respublikasi hukumati ushbu forumni keyinga qoldirishga qaror qildi.
Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi bu qarordan xalqaro, xorijiy va milliy hamkorlarimizni o'z vaqtida xabardor qildi. Dunyodagi epidemiologik vaziyat tez orada hal etilishiga umid qilamiz. Inson huquqlarini rag'batlantirish va himoya qilish sohasida yanada samarali hamkorlik qilishga tayyormiz.
Koronavirus infektsiyasining tarqalish xavfi davom etayotganligi sababli Milliy markazda jismoniy shaxslarni va yuridik shaxslarning vakillarini qabul qilish vaqtincha to'xtatildi. Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari INFO@NHRC.UZ elektron pochtasi orqali qabul qilinmoqda.
Ayni vaqtda Markaz binosining ichkarisi va atrofi dezinfektsiya qilinishi, xodimlarning shaxsiy himoya vositalari, jumladan, niqoblar taqib yurishi, bir joyda 2-3 nafardan ziyod kishining to'planmasligi, majlislar o'tkazmaslik, hujjatlarni elektron shaklda qabul qilish qat'iy yo'lga qo'yilgan. Xodimlarimizning bir qismi haq to'lanadigan ta'tilga chiqarilgan bo'lsa, yana bir qismi masofadan, ya'ni uyda ishlash tartibiga o'tkazildi.
Uyimiz – qo'rg'onimizdir. Har birimiz uyimizdagina xavfsiz bo'lishimiz mumkin. Statistik raqamlardan ko'rib turibmiz: kasallanganlar soni ortib bormoqda. Cheklov tadbirlariga, karantin qoidalariga, shifokorlar tavsiyalariga amal qilsakgina vaziyat chigallashib ketishining oldini olamiz.
Hamjihatlik, insonparvarlik va saxovatpeshalik – xalqimizga xos ulug' qadriyat. Barchamiz uchun sinovli bo'lgan ushbu davrda vaziyatga befarq bo'lmagan holda, yurtdoshlarimizga markazlashgan tartibda ma'naviy va moddiy yordam taqdim etayotgan, muhtojlarga yordam qo'lini uzatayotgan, vaqti va harakatlarini ayamayotgan tashkilotlar, turli darajadagi deputatlar, saxovatpesha insonlarning sa'y-harakatlari tahsinga sazovordir.
Ayni murakkab vaziyatda o'zbek xalqiga xos bo'lgan hamjihatlik va saxovatpeshalik fazilatlari koronavirus infektsiyasiga qarshi kurash doirasida tashkil etilgan «O'zbekiston mehr-shafqat va salomatlik» jamoat fondiga kelib tushayotgan beminnat mablag'lar misolida ham namoyon bo'lmoqda. Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi hamda «Demokratlashtirish va inson huquqlari» jurnali tahririyati xodimlari ham ushbu fond mablag'lari ko'payishiga ixtiyoriy ravishda o'z hissalarini qo'shdilar.
Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi jamoasi shu kunlarda ommaviy axborot vositalarida e'lon qilingan O'zbekiston Kasaba uyushmalari Federatsiyasining barcha vatandoshlar, mehnatkashlar, faxriylar, ayollar va yoshlarga Murojaatini to'la qo'llab-quvvatlaydi.
Biz ham jamiki vatandoshlar, ishchi-xizmatchilar, faxriylar, ayollar va yoshlarni xalqimiz tomonidan yakdillik bilan saylangan muhtaram Millatimiz Sardori Shavkat Mirziyoevning da'vatlari yo'lida birlashishga va boshimizga tushgan jiddiy sinovni tezroq yengib o'tish uchun barcha sa'y-harakatlarni safarbar etishga chaqiramiz.
Yangi O'zbekiston hayotining bosh tamoyilini hech qachon unutmaymiz: "O'zbekistonda hech bir inson, hech bir oila davlatimiz va jamiyatimiz e'tibori va g'amxo'rligidan chetda qolmaydi". Prezidentimiz ta'biri bilan aytganda, hammamiz yanada jipslashib, sabr-matonatli bo'lsak, shifokorlar tavsiyalariga to'liq amal qilsak, albatta, ushbu kasallikni tezroq yengib o'tamiz. Bu kurashda tibbiy choralar bilan birga yuksak tafakkur, qat'iy intizom, sabr-toqat va ulkan mas'uliyat ko'rsatishimiz lozim.
Akmal Saidov,
Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi
Milliy markazi direktori
- Qo'shildi: 05.04.2020
- Ko'rishlar: 4469
- Chop etish