Yangi O‘zbekiston – xorijliklar nigohida

4 aprel kuni Toshkentda akkreditatsiyadan o‘tgan xorijiy diplomatik korpus vakillarining katta guruhi Qoraqalpog‘iston Respublikasining Mo‘ynoq shahrida bo‘ldi. Mo‘ynoq aeroportida diplomatlarni respublika va shahar rasmiylari kutib oldi. So‘ngra diplomatlar Orol dengizining qurigan tubi hududiga bordi, shuningdek, Orol dengizi tarixi muzeyi ekspozitsiyasi bilan tanishdi.

 Chet ellik diplomatlar mamlakat rahbariyati tomonidan Orolbo‘yi ekologiya-sini tiklash bo‘yicha olib borilayotgan ishlar bilan tanishdilar: saksovul plantatsiyalariga tashrif buyurib, ko‘chat ekish jarayonini kuzatdilar.

Eslatib o‘tamiz, Orol dengizining qurigan tubida o‘rmon plantatsiyalarini barpo etish bo‘yicha 2018 yil dekabr oyida boshlangan davlat dasturiga muvofiq, bugungi kunga qadar 1 million 730 ming gektar o‘rmonga ko‘chatlar ekilgan.

Safar doirasida tabiiy resurslar, investitsiyalar, sanoat va savdo vazirlik­lari hamda BMTning O‘zbekistondagi vakolatxonasi tomonidan Orol fojiasi oqibatlarining oldini olish bo‘yicha amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari taqdimoti o‘tkazildi.

“Dunyo” axborot agentligi muxbiri delegatsiyaning ayrim a’zolari bilan suhbatda bo‘ldi.

 Munir Mamedzade YuNISEFning O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari:

– Qoraqalpog‘istonga tez-tez kelib turgan bo‘lsam-da, birinchi marta Orolbo‘yini ko‘rish imkoniga ega bo‘ldim. Bugun men Orol fojeasi oqibatlarini bartaraf etish borasida amalga oshirilgan ishlarning ko‘lamini o‘z ko‘zim bilan ko‘rdim. Imkoniyat uchun tashkilotchilardan minnatdorman.

Bu juda muhim, chunki biz diplomatlar ham bu jarayonning bir qismimiz, BMTning Orolbo‘yi hududi uchun inson xavfsizligi bo‘yicha ko‘psheriklik trast fondi bilan hamkorlik qilamiz. Biz YuNICEF va BMTning boshqa agentliklari joylardagi dasturlarda ishtirok etamiz. Bundan tashqari, sizlarga ma’lumki, Prezident Shavkat Mirziyoev tashabbusi bilan BMT Bosh Assambleyasi tomonidan Orolbo‘yi mintaqasini ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar hududi, deb e’lon qilish to‘g‘risidagi maxsus rezolyusiya qabul qilingan.

O‘z navbatida, hududda ekotizimni tiklash, ushbu ekologik ofatning bolalar, o‘smirlar va yoshlarga ta’sirini kamaytirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Bu borada hozir bu yerda amalga oshirilayotgan ishlar kelajak uchun salmoqli naf keltiradi. Umid qilamizki, birgalikdagi ishlarimiz mahalliy aholi manfaatlarini eng yaxshi tarzda ta’minlashga ko‘maklashadi.

Biz O‘zbekiston rahbariyatining Orolbo‘yi mintaqasini qo‘llab-quvvatlash, xalqaro hamjamiyat e’tiborini umumbashariy muammoga qaratish, mahalliy aholi uchun eng yaxshi turmush sharoitlarini yaratish uchun davlat tuzilmalarini safarbar etish borasidagi siyosiy irodasini olqishlaymiz.

Beybut Atamqulov Qozog‘iston elchisi:

– Bugun biz Orol dengizining qurib borayotgan tubini borib ko‘rdik. 150 kilometrga yaqin masofani bosib o‘tdik – juda katta hududda ekologik ofat oqibatlarini yumshatish bo‘yicha ko‘rilayotgan chora-tadbirlar samarasini ko‘rish imkoniga ega bo‘ldik. Bu ishlarning barchasi O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoevning bevosita rahnamoligida amalga oshirilayotgani tahsinga sazovor. Bu mintaqamiz taraqqiyotiga, Orol dengizining qurishi bo‘yicha global ekologiya muammosini hal etishga qo‘shilayotgan ulkan hissadir.

Qozog‘iston elchisi sifatida shuni aytmoqchimanki, bu muammo bizning mamlakatimiz uchun ham dolzarbdir. Uning salbiy oqibatlarini xuddi Qoraqalpog‘istondagi kabi millionlab qozog‘istonliklar ham boshdan kechirmoqda.

Bugun biz Orol dengizining qurigan tubida olib borilayotgan ishlar samarasini ko‘rdik – keng hududlarda yashil maydonlar barpo etilgan.

Tabiat o‘zini o‘zi davolaydi, lekin unga yordam kerak. O‘zbekistonning barcha qadamlari samarali bo‘lishiga umid qilaman.

Biz O‘zbekistonning mintaqa ekotizimini saqlash va mahalliy aholini qo‘llab-quvvatlash borasidagi barcha sa’y-harakatlarini hurmat qilamiz va qo‘llab-quvvatlaymiz.

Yazguli Mammedov Turkmaniston elchisi: 

– Bugun Qoraqalpog‘istonga yetib keldik. Mo‘ynoq shahrini ziyorat qildik, Orol dengizidagi kemalar qabristonini ko‘rdik. Juda ta’sirli manzara.

Mintaqada Orol dengizining qurigan tubida o‘rmonzorlar barpo etish borasida juda ulkan ishlar amalga oshirilayotganiga bevosida guvoh bo‘ldik.

Bu boradagi ishlaringizga muvaffaqiyatlar tilaymiz. Ushbu sa’y-harakatlarning barchasi mintaqamiz ekotizimini saqlab qolishga yordam beradi, deb umid qilamiz.

Konstantin OBOLENSKIY, Shveysariya elchisi:

— Shubhasiz, biz bu yerda jiddiy ekologik falokatni ko‘rib turibmiz. Uning oqibatlarini faqat birgalikdagi sa’y-harakatlar bilan yumshatish mumkin.

Shuningdek, elchi 2018-2023 yillarda yaratilgan 1 million 730 ming gektar maydondagi o‘rmon allaqachon naf keltirayotgani va bu jarayonni davom ettirish zarurligini qayd etdi.

Elchi O‘zbekiston rahbarining Orol dengizining qurigan tubida o‘rmon plantatsiyalarini yaratish tashabbusi xususida to‘xtalar ekan, “Davlat haqiqatan o‘z hududida bunday o‘ta muhim masala bilan shug‘ullanayotgani juda katta e’tiborga molikdir”, dedi. 

Konstantin Obolenskiyning aytishicha, BMT buni zamonaviy dunyodagi eng katta ofatlardan biri, deb tan olgan va bugungi kunda mavjud bo‘lgan barcha eng yaxshi texnologiyalardan foydalangan holda, ushbu muammoni hal qilish jahon hamjamiyati uchun juda muhimdir.

Abdujabbor RAHMONZODA, Tojikiston elchisi:

— Orolbo‘yidagi ekologik inqiroz bilan yaqindan tanishish uchun keldik. Orol dengizidan nima qolganini va u qanday jiddiy muammolarga olib kelganini o‘z ko‘zimiz bilan ko‘rdik.

Bugun diplomatiya korpusi vaziyat bilan bevosita joyida tanishish, shuningdek, Orol dengizining qurigan tubida o‘rmon plantatsiyalarini yaratish bo‘yicha davlat dasturini amalga oshirishning natijalari bilan tanishish imkoniga ega bo‘ldi.

Biz bajarilgan ishlardan hayratdamiz. Bu yerga saksovul ko‘chatlarini ekish orqali o‘z hissamizni qo‘shganimizdan juda mamnun bo‘ldik.

O‘zbekistonning Orol ekotizimini tiklash va dengiz qurishining salbiy oqibatlarini yumshatish borasidagi sa’y-harakatlari yanada samarador bo‘lishiga ishonamiz.

“Dunyo” AA

 

Powered by GSpeech