XUSUSIY MULKKA EGALIK HUQUQINING DAHLSIZLIGI
Chjao Sinsin,
Xitoydagi “Jack Technology Co., Ltd” kompaniyalari guruhining raisi:
- Yaqinda O‘zbekistonda mamlakatning yangilanajak Konstitutsiyasi loyihasi bo‘yicha milliy muhokamalar bo‘lib o‘tdi. Buning natijasi o‘laroq, 2023 yil 30 aprelda "O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi to‘g‘risida"gi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy Qonuni loyihasi bo‘yicha umumxalq referendumi o‘tkazilishi belgilandi.
Konstitutsiyaga o‘zgartish va qo‘shimchalarning qabul qilinishi har qanday mamlakat, shu jumladan, O‘zbekiston siyosiy hayotida ham juda muhim voqea hisoblanadi. Bu qonunga muvofiq va insoniy qadriyatlarga alohida e’tibor qaratgan holda davlat boshqaruvi va mamlakatni ijtimoiy rivojlantirishni kompleks modernizatsiya qilish dasturini amalga oshirishning muhim chorasidir. Bu O‘zbekiston o‘zining farovon kelajagini qurish yo‘lidan qat’iy va qat’iyat bilan borayotgani kafolatidir.
Davlat tomonidan Konstitutsiyaning barcha normalari va qoidalariga rioya qilinishi xalqning tub manfaatlarini amalga oshirish ta’minlanishini anglatadi.
Qonun ustuvorligi odamlarning baxt-saodati va yaxshi hayotining muhim mazmuni va garovidir. Konstitutsiyaning asosi xalqni davlat tomonidan har tomonlama qo‘llab-quvvatlashda namoyon bo‘ladi. Konstitutsiya odamlar qalbida chuqur ildiz otgan taqdirdagina unga rioya qilish haqiqatan ham butun xalqning ongli harakatiga aylanishi mumkin.
O‘zbekiston Konstitutsiyasiga kiritilayotgan o‘zgartishlar ko‘p millatli xalqning huquqlari hurmat qilinishini yaxshiroq ta’minlashga qaratilgani bilan ham ahamiyatlidir.
Konstitutsiyaga kiritilishi taklif qilinayotgan o‘zgartishlar O‘zbekiston xalqi va barcha etnik guruhlarining umumiy irodasini to‘la aks ettiradi.
“Jack Technology Co., Ltd” kompaniyalari guruhi O‘zbekistonning Asosiy qonuniga kiritish taklif qilinayotgan konstitutsiyaviy o‘zgartish va qo‘shimchalarni yuqori baholaydi.
Momoko Chiba (Yaponiya),
Jyuntendo universiteti professori, tibbiyot fanlari doktori, Orol mintaqasi bo‘yicha tadqiqotchi :
- So‘nggi yillarda O‘zbekistonda ekologik barqarorlikni ta’minlash, aholining qulay tabiiy muhitga ega bo‘lishi uchun zarur shart-sharoitlar yaratish, tabiiy resurslardan oqilona va samarali foydalanish, yuzaga kelayotgan ekologik muammolarning oldini olish masalalariga alohida e’tibor qaratib kelinmoqda.
Shu asosda aholi ekologik madaniyatini yuksaltirish hamda atrof-muhitni muhofaza qilishda ular faolligini kuchaytirish, sohaga axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etish, chiqindilar bilan bog‘liq muammolarni hal etish bo‘yicha bir qator samarali ishlar olib borilyapti.
O‘zbekistonning yangilanayotgan Konstitutsiyasida fuqarolarning ekologik huquqlarini ta’minlashga bag‘ishlangan maxsus normalar, xususan har kim qulay atrof-muhitga, uning holati to‘g‘risidagi ishonchli axborotga ega bo‘lish huquqiga ega ekanligi, davlat tomonidan atrof-muhitni yaxshilash, tiklash va muhofaza qilish, ekologik muvozanatni saqlash, Orolbuyi mintaqasining ekologik tizimini muhofaza qilish hamda tiklash yuzasidan choralar ko‘rilishi belgilanmoqda.
Ushbu normalar tabiiy zaxiralar qisqarayotgan, global iqlim o‘zgarishi ekologiya va tabiat bilan bog‘lik muammolar insoniyat kelajagiga tahdid solayotgan hozirgi davrda muhim ahamiyat kasb etadi.
Shuningdek, Orolbo‘yidagi murakkab ekologik vaziyat, aholi genofondini muhofaza qilish, salomatligini yaxshilash, hududda barqaror rivojlanishni ta’minlashga qaratilgan keng ko‘lamli loyihalar amalga oshirilyapti.
Shu bilan birga, davlat tomonidan Orolbo‘yi mintaqasining ekologik tizimini muhofaza qilish hamda tiklash, mintaqani ijtimoiy va iqtisodiy jihatdan rivojlantirish yuzasidan choralar ko‘rishi belgilab qo‘yilmoqda.
Ishonamanki, yangilanayotgan Konstitutsiyada ushbu normaning belgilanishi mintaqa aholisi uchun munosib yashash sharoitlari yaratilishi va turmush darajasining yaxshilanishini ta’minlaydi.
Fariza Sham,
Malayziya Islom sivilizatsiyasi institutining direktori:
- Konstitutsiya davlatning asosiy qonuni bo‘lib, mamlakatdagi butun huquqiy tizimning asosi hisoblanadi. U boshqa qonunlarning mazmuni va mohiyatini belgilaydi.
Zamonaviy globallashuv sharoitida butun dunyoda konstitutsiyaviy rivojlanishning o‘ziga xos modellarini izlash jadal olib borilmoqda. Shubhasiz, O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli hamda jadal demokratik o‘zgarish va islohotlar sharoitida mamlakat Konstitutsiyasiga ham tegishli ravishda o‘zgartirish kiritilishi tushunarli hol, bu birinchi navbatda, respublika fuqarolarining konstitutsiyaviy huquqlarini yanada kengaytirishga xizmat qiladi.
Shu o‘rinda hujjat muhokamasi chog‘ida aholidan 220 mingdan ortiq takliflar kelib tushgani O‘zbekiston xalqi tomonidan konstitutsiyaviy islohotlar g‘oyasi yuksak darajada qo‘llab-quvvatlanayotganidan dalolat berishini alohida ta’kidlashni istar edim.
Malayziya akademik doirasi vakilasi sifatida O‘zbekistonning yangilanajak Asosiy qonuni loyihasida huquq va ta’lim olish, shuningdek, o‘qituvchilarga konstitutsiyaviy maqom berish masalalarini yanada kengroq qamrab olish mo‘ljallanayotgani juda quvonarli holdir.
Oliy ta’lim muassasalariga akademik erkinlik berish, nodavlat ta’lim tashkilotlarini qo‘llab-quvvatlash normalari yosh avlodga zamonaviy mutaxassisliklarni o‘zlashtirish orqali o‘z hayotini yaxshilash, orzularini ro‘yobga chiqarish, hayotda o‘z o‘rnini topish va shaxsiyatini rivojlantirish uchun juda yaxshi imkoniyatlarni yaratadi.
Bundan tashqari, ta’lim muassasalarida alohida ehtiyojmand bolalarning inklyuziv ta’lim va tarbiya olishlarini tashkil etish, ularni umumiy ta’lim va boshqa maktablarga yuborish Yangi O‘zbekistonda inson qadr-qimmati tamoyiliga rioya etilishini yaqqol namoyoe qiladi.
O‘qituvchilarning sha’ni va qadr-qimmatini himoya qilish, ularning ijtimoiy va moddiy farovonligi, kasbiy o‘sishi haqida qayg‘urish bo‘yicha joriy etilayotgan yangi me’yor, shubhasiz, mamlakat taraqqiyotida muhim rol o‘ynaydigan o‘qituvchilarning ijtimoiy mavqei va obro‘sini yanada yuksaltirishga, ularning intellektual salohiyatini oshirishga xizmat qiladi.
Umuman olganda, bo‘lajak referendum va Yangi O‘zbekistonda yangi Konstitutsiyaning tasdiqlanishi aholi farovonligi oshirish va mamlakat iqtisodiy ravnaqini jadallashtirish, uning dunyodagi ilmiy salohiyati va raqobatbardoshligini mustahkamlash vazifalarini amalga oshirishga xizmat qilishiga ishonchim komil.
Yakov Silin,
Ural Davlat iqtisodiyot universiteti rektori, iqtisodiyot fanlari doktori, professor:
- Bugungi kunda o‘zbekistonlik hamkasblarimiz, o‘zbek do‘stlarimiz katta siyosiy tadbir oldida turibdi - 30 aprel kuni mamlakat Konstitutsiyaviy qonuni loyihasi bo‘yicha referendum bo‘lib o‘tadi.
So‘nggi yillar davomida bizga yaqin bo‘lgan O‘zbekistonning iqtisodiyotida, ijtimoiy-siyosiy hayotida ulkan ijobiy o‘zgarishlar ro‘y berganiga guvoh bo‘ldik. Rossiya - O‘zbekiston munosabatlariga, ikki mamlakat jamoat tashkilotlari o‘rtasidagi hamkorlik sohalari qamrovini kengaytirish, iqtisodiyot, biznes, barcha sohalardagi hamkorlikka ijobiy ta’sir ko‘rsatgan muhim o‘zgarishlar ro‘y berdi. Biz davlatlararo darajadagi munosabatlar qanchalar mustahkam ekanligi va rivojlanayotganiga, aloqalarning qanchalar yuqori darajasi va ularning salmoqli samaralariga guvoh bo‘lmoqdamiz.
So‘nggi yillar davomida O‘zbekistonda yuz bergan ko‘p jihatlar, mening nazarimda, yangilanajak Konstitutsiya loyihasida o‘z aksini topgan. Yangi O‘zbekistonga - yangi Konstitutsiya!
Biz nima bo‘layotganiga va qanday bo‘lishiga, O‘zbekiston fuqarolarining bunga qanday munosabatda bo‘lishiga befarq emasmiz. Men bunga sabab tariqasida Rossiya va O‘zbekiston universitetlari o‘rtasidagi mavjud munosabatlarimizni qayd etishni istar edim.
Ural Davlat iqtisodiyot universiteti va O‘zbekistonning bir qator universitetlari o‘rtasidagi jiddiy munosabatlar o‘rnatilgan. Masalan, Toshkent Davlat iqtisodiyot universiteti bilan yuqori malakali mutaxassislarni tayyorlash bo‘yicha eng kuchli, haqiqiy va muvaffaqiyatli dasturlardan biri besh yildan buyon hayotga tadbiq etilmoqda. Biz ikkita diplom qo‘shma dasturini amalga oshirmoqdamiz. Bundan tashqari, o‘tgan yili Ural Davlat iqtisodiyot universiteti va Toshkent Davlat iqtisodiyot universitetining 129 ta bitiruv diplomini topshirish orqali birinchi ajoyib natijaga erishdik. Bu yil salkam 300 nafar bitiruvchi bo‘ladi. Biz nafaqat bakalavr, balki magistratura dasturini ham ishlab chiqdik va amalga oshirmoqdamiz.
Toshkent Moliya instituti bilan ham o‘zaro hamkorlik o‘rnatganmiz. Uning ham istiqbolli yaxshi bo‘ladi, deb o‘ylayman. Samarqand Davlat universiteti bilan hamkorlik qilamiz. Sverdlovsk viloyati O‘zbekistonning Farg‘ona viloyati bilan ijtimoiy-iqtisodiy aloqalarni rivojlantirib, yuqori natijalarga erishmoqda. Viloyatlarimiz rahbarlari bir necha bor uchrashgan, biznes ahllari uchrashgan, shartnomalar tuzilgan, O‘zbekistonda ham, Rossiyaning Sverdlovsk viloyatida ham yangi ish o‘rinlari yaratilgan.
Men ana shunday samarali hamkorlikka yana boshqa misollar ham keltirishim mumkin.
Ushbu fursatdan foydalanib, bugun Rossiya Federatsiyasida o‘qiyotgan yoki mehnat qilayotgan O‘zbekiston fuqarolariga murojaat qilmoqchiman. Men o‘zbekistonlik barcha do‘stlarimizni fuqarolik huquqidan foydalangan holda yangi Konstitutsiya bo‘yicha o‘z nuqtai nazarini namoyon etishga chaqiraman. Sizlarni fuqarolik pozitsiyangizni bildirishga, ovoz berishda ishtirok etish asnosida yangi Konstitutsiya orqali Yangi O‘zbekistonga yangi imkoniyat berishga da’vat etaman.
“Dunyo” AA
- Qo'shildi: 19.04.2023
- Ko'rishlar: 4429
- Chop etish