OSTONA, 10-dekabr. /"Dunyo" AA/. Qozog'istonning ommabop "Infozakon" axborot-tahliliy nashrida O'zbekiston taraqqiyotiga bag'ishlangan turkum maqolalar joylashtirildi, deb xabar bermoqda "Dunyo" AA muxbiri.
Jumladan, mazkur nashr tomonidan O'zbekistonning yangi Konstitutsiyasida inson huquqlarini himoya qilish kafolatlarini kuchaytirish masalalariga bag'ishlangan tahliliy maqola tarqatildi. Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Milliy markazi direktorining birinchi o'rinbosari Mirzatillo Tillabayev qalamiga mansub materialda BMTning 2030-yilgacha Barqaror rivojlanish maqsadlariga hamohang bo'lgan «O'zbekiston – 2030» strategiyasi doirasida amalga oshirilayotgan siyosiy, huquqiy va ijtimoiy-iqtisodiy modernizatsiya islohotlarida inson huquqlari markaziy o'rinni egallagani qayd etilgan.
Muallif so'nggi yillarda respublikada «Inson sha'ni va qadr-qimmati yo'lida» g'oyasi doirasida amalga oshirilayotgan ishlar, Inson huquqlari bo'yicha Milliy strategiyani amalga oshirish, xususan, milliy qonunchilik, inson huquqlari va erkinliklari sohasida xalqaro standartlarni joriy etish bo'yicha vazifalarni qalamga olgan.
Mazkur elektron nashrda joylashtirilgan navbatdagi maqola O'zbekistonning Markaziy Osiyoda siyosiy barqarorlik, millatlararo totuvlik va do'stona muhit asoslarini mustahkamlash borasidagi sa'y-harakatlariga bag'ishlangan.
Muallif, Mintaqaviy tahdidlarni o'rganish markazi rahbari Viktor Mixaylovning yozishicha, so'nggi yillardagi eng katta boyligimiz umumiy uyimiz – Markaziy Osiyodagi tinchlik va barqarorlik, millatlararo totuvlikning ta'minlanganidir.
«Davlatimiz rahbarining siyosiy irodasi tufayli O'zbekistonda bag'rikenglik tamoyilini mustahkamlash, qo'shni davlatlar bilan yaqin do'stlik aloqalarini o'rnatish, o'zbek xalqining bag'rikengligini butun dunyoga ochib berish ko'lami borasida nihoyatda muhim ishlar amalga oshirildi», - deyiladi maqolada.
"Infozakon" onlayn nashri, shuningdek, O'zbekistonda xususiy biznes sektorining rivojlanishi haqidagi maqolani tarqatdi.
«Jahon banki ma'lumotlariga ko'ra, O'zbekiston jahon iqtisodiyoti jadal rivojlanayotgan davlatlardan biridir,- deyiladi nashrda. -2018-yildan buyon O'zbekiston o'zining suveren kredit reytingini BB - darajasida saqlab kelmoqda. Islohotlar xorijiy sarmoyalarni jalb qilish, valyuta bozorini liberallashtirish, soliqlarni kamaytirish va tartibga solish imkonini berdi».
Materialda O'zbekistonda davlatning mamlakat iqtisodiyotidagi bevosita ishtirokini qisqartirish, xususiy sektor imkoniyatlarini kengaytirish choralari ko'rilayotgani alohida ta'kidlangan.
Qayd etilganidek, 2021-yil mart oyida hukumat O'zbekistonda jadal xususiylashtirish orqali davlat korxonalari sonini 75 foizga qisqartirish niyatida ekanligini ma'lum qildi.
«Islohotlar natijasida O'zbekiston Amerikaning «Heritage Foundation» tadqiqot institutining iqtisodiy erkinlik indeksida 8 pog'onaga ko'tarilib, 109-o'rinni egalladi. Mamlakat soliq yuki, sarmoya va savdo erkinligi bo'yicha ham ilgarilab ketdi», - deya ta'kidlagan muallif.
"Infozakon" onlayn nashri O'zbekistonda yangi milliy jamoat xavfsizligi tizimini takomillashtirish bo'yicha ko'rilayotgan chora-tadbirlarga bag'ishlangan maqolani ham e'lon qildi.
Maqolada o'tgan o'tgan yetti yil davomida amalga oshirilgan islohotlar natijasida davlat xavfsizligini ta'minlash tizimida «Xalq manfaatlariga xizmat qilish» tamoyili asosidagi ishlarni tashkil etishning prinsipial yangi mexanizmlari va tartiblari joriy etilgani qayd etilgan.
«Amalga oshirilayotgan islohotlar doirasida «Xavfsiz shahar», «Xavfsiz poytaxt», «Ravon va xavfsiz yo'l», «Xavfsiz kvartira», «Xavfsiz uy», «Xavfsiz ta'lim muassasasi» konsepsiyalari juda samarali natijalar bermoqda», - deb yozgan manba.
Materialda qayd etilishicha, qabul qilingan O'zbekiston Respublikasi jamoat xavfsizligi konsepsiyasi va 2022 - 2025-yillarda O'zbekiston Respublikasida jamoat xavfsizligini ta'minlash tizimini rivojlantirish strategiyasida mamlakatda jamoat xavfsizligini ta'minlashning sifat jihatidan yangi tizimini joriy etish bo'yicha ilmiy, tashkiliy chora-tadbirlarni samarali amalga oshirish yo'llari hamda mexanizmlari aniq belgilab berilgan.
- Qo'shildi: 11.12.2023
- Ko'rishlar: 3128
- Chop etish