22-fevral kuni Jenevada “Barqarorlikni kuchaytirish: iqlim o‘zgarishlari davrida aholini sog‘liqni saqlash xizmatlari bilan to‘la qamrab olish istiqbollari” mavzusida vebinar bo‘lib o‘tdi. Bu Parlamentlararo Ittifoq tomonidan iqlim o‘zgarishlari bilan bog‘liq favqulodda sharoitlarda sog‘liqni saqlash masalalariga e’tibor qaratishga bag‘ishlangan uchinchi vebinar hisoblanadi.
Vebinar dunyo mamlakatlari parlamentlariga jamoatchilik salomatligini saqlash va iqlim o‘zgarishlari bilan bog‘liq muammolarga eng samarali yechimlar topishga ko‘maklashish uchun tashkil etildi. Oflayn va onlayn tarzda o‘tkazilgan forumda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o‘rinbosari, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov so‘zga chiqdi.
O‘zbekiston vakili, avvalo, Parlamentlararo Ittifoq shafeligida o‘tkazilgan mazkur anjuman uning ishtirokchilariga global ko‘lamlarda sog‘liqni saqlash va ekologik barqarorlikni ta’minlash ishiga barchaning birdek sodiq va o‘zaro hamjihatlikda qat’iy mas’ul ekanligini anglatishiga e’tiborni qaratdi. Bugun tashvishli iqlim o‘zgarishlari davrida aholini sog‘liqni saqlash xizmatlari bilan to‘la qamrab olish mavzusining keng muhokama etilayotgani nafaqat dolzarb, balki juda muhim qadam hamdir.
BMTning Barqaror taraqqiyot maqsadlarida sog‘liqni saqlash masalasiga alohida o‘rin ajratilgan. Xususan, 3-maqsadning “Sog‘lom turmush tarzini ta’minlash va barcha insonlarga, yoshidan qat’i nazar, farovon yashashi uchun ko‘maklashish” deb nomlangani bejiz emas.
Parlamentlararo Ittifoq tomonidan taqdim etilgan hujjatlarda, ayniqsa, “Eng “yashil” parlamentlar uchun 10 ta sa’y-harakat” va Birlashgan Arab Amirliklarining Barqaror qishloq xo‘jaligi (COP28) deklaratsiyasida iqlim o‘zgarishlari va sog‘liqni saqlash sohasi bilan bog‘liq muammolarni hal qilish borasida harakatlar rejasi tavsiya etilgan. Qonun ijodkorlari uchun amaliy ahamiyatga ega ushbu harakatlar rejasida izchil taraqqiyot va barqarorlikka erishish yo‘llari ko‘rsatib berilgan.
Keyingi yillarda O‘zbekiston parlamenti va hukumati iqlim o‘zgarishlari bilan bog‘liq muammolarni hal etish va aholini sog‘liqni saqlash xizmatlari bilan to‘la qamrashni yanada oshirish yo‘lida sezilarli qadamlar qo‘ydi. Bunda ekologik barqarorlik bilan aholining salomatligini saqlashga oid muammolarning bir-biriga bog‘liqligini hisobga olgan holda ish olib borilmoqda.
Davlat atrof-muhit musaffoligini yaxshilash, qayta tiklash, asrab-avaylash va himoya qilish uchun astoydil intilmoqda. Bunda ekologik muvozanatni saqlab turish va Orol dengizi mintaqasidagi iqlimni yaxshilash masalalariga alohida e’tibor qaratilmoqda.
O‘zbekiston “yashil” iqtisodiyotga o‘tish va iqlim o‘zgarishlari asoratlarini yumshatish bilan bog‘liq uzoq muddatli milliy majburiyatlarni zimmasiga olgan. Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan ana shu sa’y-harakatlar O‘zbekistonning Barqaror taraqqiyot bo‘yicha milliy maqsadlari, “Yashil” iqtisodiyotga o‘tish strategiyasi, Iqlim o‘zgarishlariga qarshi kurashish bo‘yicha strategiya kabi bir qator dasturiy hujjatlari talablariga to‘la mos bo‘lib, ushbu strategiyalar iqlim o‘zgarishlari sharoitida barqarorlikni oshirish maqsadiga yo‘naltirilgani juda muhim.
A.Saidovning ta’kidlashicha, mamlakatimiz tomonidan iqlim o‘zgarishlari va salomatlik bilan bog‘liq shu qo‘shaloq muammoga samarali yechim topish uchun kompleks strategiya ilgari surilmoqda. Bu strategiyaning zamirida, bir tomondan, barqaror taraqqiyotni ta’minlash, ikkinchi tomondan, atrof-muhitni himoya qilish, uchinchi tomondan, aholining barcha qatlamlariga sifatli tibbiy xizmatlar ko‘rsatish imkoniyatini yaratish masalalari o‘z mujassamini topgan.
O‘zbekiston vakili vebinar ishtirokchilari e’tiborini ayni sohadagi to‘rtta muhim prinsipga qaratdi.
Birinchi prinsip – integratsiya. Dunyo parlamentlari iqlim o‘zgarishlariga chidamlilikni sog‘liqni saqlash va aholining sog‘liqni saqlash xizmatlari bilan to‘la qamrovini ta’minlash siyosati rejalariga integratsiyalashtirish, ya’ni uyg‘unlashtirish choralarini ko‘rishi zarur. Shu orqali mamlakatlar sog‘liqni saqlash tizimlarining iqlim o‘zgarishlari tufayli kelib chiqqan muammolarga moslashishga shayligi hamda qodirligiga erishiladi.
Ikkinchi prinsip – adolat. Parlamentlarning bu boradagi sa’y-harakatlari hech kim e’tibordan chetda qolmasligini kafolatlaydigan tenglik va adolatga tayanishi kerak. Chunki iqlim o‘zgarishlaridan aholining zaif qatlamlari ko‘proq zarar ko‘rmoqda. Shu ma’noda, mamlakatlarimizning sog‘liqni saqlash tizimlari, ijtimoiy ahvolidan qat’i nazar, barcha insonlarga yordam ko‘rsatishga layoqatli bo‘lishi darkor.
Uchinchi prinsip – barqarorlik. Parlamentlar nafaqat o‘z mamlakatlarining ekologiya borasidagi siyosatida, balki milliy sog‘liqni saqlash tizimlarida ham barqarorlikka intilishlari lozim. Bu o‘rinda, jumladan, barqaror infratuzilma uchun investitsiyalar yo‘naltirish, “yashil” texnologiyalarni tatbiq etish va sayyoramizni asrab-avaylashga xizmat qiladigan ilg‘or amaliyotlarni joriy qilish nazarda tutilmoqda.
To‘rtinchi prinsip – hamkorlik. Parlamentlar duch kelayotgan muammolar ham o‘ta murakkab, ham o‘zaro chambarchas bog‘liqdir. Shuning uchun ularning yechimini birgalikda topish, bu borada mamlakatlar, sohalar va tarmoqlar o‘rtasidagi hamkorlikni yanada kuchaytirish taqozo etiladi.
A.Saidov o‘z so‘zi yakunida Jenevada o‘tkazilgan ushbu vebinar dolzarb masalalar muhokamasiga bag‘ishlangan shunchaki yig‘ilish emas, balki davrimizning ana shu taqdirulamal muammolarini hal etish uchun amaliy harakatga chorlaydigan ta’sirchan forumga aylanishiga ishonch bildirdi. Vebinar ishtirokchilariga iqlim o‘zgarishlari bilan bog‘liq favqulodda sharoitlarda sog‘liqni saqlash tizimlari faoliyatini tubdan yaxshilashning samarali yechimlarini topish, shu yo‘l bilan ona sayyoramizning musaffoligi, barqarorligi va sobitligiga munosib hissa qo‘shish yo‘lida omad tiladi.
Jeneva vebinarida Parlamentlararo Ittifoqqa a’zo boshqa mamlakatlar parlamentlari namoyandalarining ham kun tartibidagi masalalar bo‘yicha milliy tajriba hamda amaliyotiga oid chiqishlari tinglandi.
Taqdimotlar qizg‘in muhokama qilindi. Istiqboldagi loyihalar uchun amaliy taklif va tavsiyalar bildirildi.
Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 23.02.2024
- Ko'rishlar: 2548
- Chop etish