Bugun AOKA tashabbusi bilan axborot xizmatlari rahbarlari uchun «Zoom» ilovasi orqali Meta kompaniyasi vakillari: Avrora Li va Senura Abeyvardena ishtirokida seminar-trening o‘tkazildi.
Treningda Avrora Li Facebook, Instagram ijtimoiy tarmoqlarida hamda WhatsApp messenjerida akkauntlar xavfsizligini ta’minlash, bunda ikki bosqichli autentifikatsiyaning ahamiyati haqida batafsil tushuncha berdi.
Shuningdek, "Building community across" (dunyo bo‘ylab kommuniti yaratish) mavzusidagi ko‘rgazmali taqdimotda auditoriyani kengaytirishda qanday vositalardan foydalanish haqida ma’lumot berildi.
Jumladan, auditoriya yoshi, sohasi, qiziqishlari va vaqt kesimiga ko‘ra kontent mavzusi va yo‘nalishi, shuningdek, janrini tanlash misollar bilan tushuntirildi.
Trening dasturiga ko‘ra "Measuring success" – "Muvaffaqiyatni o‘lchash" yuzasidan ma’lumotlar berishda kontentni ommalashtirish, kanal va guruhlarda repostlar sonini oshirish, bunda xabarning xolisligini saqlab qolish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Tadbir yakunida Meta vakillari matbuot kotiblarini qiziqtirgan savollarga javob berishdi hamda davlat organlarining ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalariga verifikatsiya belgisini olishda yordam ko‘rsatishga tayyorliklarini bildirishdi.
- Qo'shildi: 23.02.2024
- Ko'rishlar: 2445
- Chop etish