O‘zbekiston delegatsiyasi BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashining 55-sessiyasida ishtirok etmoqda

26-fevral kuni Jenevada Birlashgan Millatlar Tashkiloti Inson huquqlari bo‘yicha kengashining 55-sessiyasi boshlandi. Sessiyaning Oliy darajadagi segmenti ishida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o‘rinbosari, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov boshchiligidagi mamlakatimiz delegatsiyasi ishtirok etmoqda.

Sessiyani Marokash elchisi Umar Zniber ochdi va unga raislik qilmoqda. Ochilish marosimida BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish, shuningdek, BMT Bosh Assambleyasi Prezidenti Dennis Frensis, BMTning Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari Folker Tyurk va Shveysariya Tashqi ishlar federal departamenti boshlig‘i Ignazio Kassis nutq so‘zladi.

Xususan, Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissar F.Tyurk inson huquqlari sohasidagi yangicha yechimlarni taqdim etdi. Uning ta’kidlashicha, inson huquqlarining qudrati – universalligida, ya’ni shu huquqlar himoya qiladigan har bir inson hayotining birdek qadrli ekanidadir. Hamma joyda inson huquqlarining aynan bir xil andozalari qo‘llanilishi kerak va bunday yondashuv bo‘yimiz yetmaganidan keyin qo‘l siltab ketadigan baland marra bo‘lib qolmasligi, aksincha, bizni istiqboldagi yutuqlarga ruhlantiradigan aniq nishonga aylanishi zarur.

Inson huquqlari bo‘yicha kengash 55-sessiyasining Oliy darajadagi segmenti ishida 110 dan ortiq davlat boshliqlari va hukumatlar rahbarlari, vazirlar va inson huquqlari bo‘yicha milliy institutlar, xalqaro tashkilotlar vakillari va fuqarolik jamiyati faollari qatnashmoqda.

Sessiya davomida BMT Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari, uning Boshqarmasi va tayinlangan ekspertlar, Maxsus tartib-taomillar mandatlari va tergov mexanizmlari hamda Bosh kotibning maxsus vakillari bilan 37 ta interaktiv muloqot o‘tkaziladi. Kengash uchta kengaytirilgan interaktiv muloqot va bitta yuqori darajadagi muloqot hamda to‘qqizta umumiy debat ham o‘tkazadi.

Shuningdek, 55-sessiyaning Oliy darajadagi segmenti doirasida O‘zbekiston delegatsiyasining so‘zga chiqishi kutilmoqda.

 

Ma’lumot uchun: BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashining Yuqori darajadagi segmenti – inson huquqlari va erkinliklarini rag‘batlantirish va himoya qilish masalalari bo‘yicha BMTga a’zo davlatlarning umumiy va o‘zaro maqbul yondashuvlarini muvofiqlashtirish va ishlab chiqish mexanizmidir. Mazkur Segment yig‘ilishining maqsadi dunyo mamlakatlarida inson huquqlarini himoya qilishning dolzarb masalalarini yuqori siyosiy darajada muhokama qilish, ushbu sohada xalqaro hamkorlikni rivojlantirish va inson huquqlari xavfsizligi mexanizmlari va tartib-taomillarini mustahkamlashdan iborat.

Yuqori darajadagi segment yig‘ilishi yiliga bir marta Inson huquqlari bo‘yicha kengash sessiyasi doirasida o‘tkaziladi. Bu yig‘ilishlarga har yili davlat va hukumat rahbarlari, tashqi ishlar, adliya vazirlari delegatsiyalari, shuningdek, bir qator xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar rahbarlari tashrif buyuradi.

Yuqori darajadagi segmenti yig‘ilishida BMTga a’zo 100 dan ortiq mamlakatdan davlat boshliqlari, hukumatlar rahbarlari, tashqi ishlar vazirlari, adliya va inson huquqlari bo‘yicha delegatsiyalar, bir qator xalqaro tashkilotlar rahbarlari o‘z ma’ruzalari bilan ishtirok etadi.

 

Inson huquqlari bo‘yicha

O‘zbekiston Respublikasi

Milliy markazining

matbuot xizmati

Powered by GSpeech