Mamlakatimizda mo‘tabar ayol zotiga ulkan ehtirom ko‘rsatish, davlat va jamiyat hayotida tutgan o‘rni va nufuzini oshirish masalasi davlat siyosati darajasiga ko‘tarilgan. Shu ma’noda, o‘zining samarali mehnati, boy tajribasi bilan yurtimizda olib borilayotgan keng ko‘lamli islohotlar jarayonida faol qatnashib, Yangi O‘zbekistonni barpo etish, xalqimiz farovonligini yuksaltirish yo‘lida tashabbus va ibrat ko‘rsatib kelayotgan, oilalarda ma’naviy-axloqiy muhitni mustahkamlash, yoshlarimizni ona Vatanga muhabbat, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalashga katta hissa qo‘shayotgan xotin-qizlar muntazam rag‘batlantirilmoqda hamda izchil qo‘llab-quvvatlanmoqda.
4-mart kuni Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazida o‘tkazilgan “Muqaddas ayol” mavzusidagi tadbirda shu haqda so‘z bordi. Ushbu ma’naviy-ma’rifiy tadbir 8-mart – Xalqaro xotin-qizlar bayrami munosabati bilan tashkil etildi.
Tadbirni Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov ochdi.
O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi, “Opa-singillar” milliy teleseriali ssenariy hammuallifi va rejissyori Zamira Begimqulova, O‘zbekiston xalq artisti Dilorom Karimova, aktyor Behzod Mirzayev hamda aktrisa Zahro Mirzayeva so‘zga chiqdi.
Jamiyat negizi bo‘lgan oila va undagi ayollarning roli aks etgan “Opa-singillar” milliy teleserialining yaratilishi tarixi haqidagi qiziqarli ma’lumotlar tadbir ishtirokchilariga manzur bo‘ldi. Ushbu teleserialdan lavha ham namoyish etildi.
Tadbirda ishtirok etgan barcha ayollarga gul va sovg‘alar taqdim qilindi.
Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 06.03.2024
- Ko'rishlar: 3909
- Chop etish