Katrin Tiyerfeld: O‘zbekiston bilan ishlashni doim orzu qilganmiz
Joriy yil 5-7-mart kunlari “ITB-2024” nufuzli xalqaro yarmarkasi bo‘lib o‘tdi. Anjumanda dunyoning 170 davlatidan turizm, gastronomiya, logistika, turizm texnologiyalari kabi sohalarga ixtisoslashgan 5 500 ga yaqin yirik kompaniya va firma, xalqaro ekspertlar ishtirok etdi.O‘zbekistonning Germaniyadagi elchixonasi ko‘magida 150 kvadrat/metrdan kengroq maydonda tashkil etilgan milliy stendimizda 30 dan ziyod sayyohlik kompaniyasi va firmasi yurtimiz turizm imkoniyatini namoyish etdi.
Xorijlik mutaxassislar ko‘rgazma bilan tanishuv chog‘ida elchixonamiz vakillariga taassurotlarini gapirib berdi.
Nina Libig, Xalqaro hamkorlik jamiyati (GIZ)ning G‘arbiy Bolqon, Markaziy Osiyo va Sharqiy Yevropa davlatlari bo‘yicha loyihalar guruh boshlig‘i:
– Germaniya xalqaro hamkorlik jamiyati – GIZ O‘zbekistonda GFR iqtisodiy hamkorlik va rivojlanish federal vazirligi nazorati ostida ko‘p yillardan buyon turli sohalarda yaqin hamkorlik qilib kelamiz. Bu jarayonda turizmni rivojlantirishga alohida ahamiyat beriladi.
Samarqand, Buxoro, Xiva kabi tarixiy shaharlar butun dunyoga mashhur. Shu bilan birga biz yurtingizning hali sayyohlar kashf etmagan jozibador maskanlarini rivojlantirishga ko‘maklashishdan mamnunmiz. Masalan, Qoraqalpog‘istonda bir necha aniq loyihani amalga oshirishga hissa qo‘shyapmiz. Farg‘ona, Namangan, Andijon viloyatlari hamda O‘zbekistonga chegaradosh Tojikiston va Qirg‘izistonning ayrim shaharlarida tuzilgan jamiyatlar bilan birga ish olib boryapmiz.
Shuningdek, yoshlar turizm sohasida, masalan usta-hunarmand, menejer, xizmat ko‘rsatish mutaxassisi yo‘nalishlarida kasbiy ta’lim olishida yordam beryapmiz. Xullas, 32-yildan ko‘proq vaqt davomida o‘zbekistonlik do‘stlarimiz bilan birga mamlakat iqtisodiyotini rivojlantirish yo‘lida hamqadammiz.
Mirko Novak, “LUNO” kompaniyasi raisi:
– “ITB-2024” xalqaro yarmarkasi O‘zbekiston stendida mamlakatingiz boy turistik salohiyati muvaffaqiyatli namoyish etilgan. Ayniqsa, Markaziy Osiyo davlatlari bir ayvonda joylashgani, butun mintaqa sayyohlik salohiyati bir-biriga hamohang tarzda taqdim etilgani barchada iliq taassurot qoldirdi. O‘zbekistonda turizm iqtisodiy taraqqiyot drayveri sifatida tez sur’at bilan rivojlanib borayotgani, infratuzilmani yaxshilash, mehmonxonalar, turli mintaqalar bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri havo qatnovi sonini ko‘paytirish uchun kiritilayotgan sarmoya bizni hayratga solmoqda.
Fikrimcha, ushbu ko‘rgazma germaniyalik va umuman xorijlik sayyohlarni tobora ko‘proq jalb etish uchun eng to‘g‘ri yo‘l. Men O‘zbekistonda bo‘lganman, yurtingizning beqiyos tarixiy va zamonaviy me’morchilik uyg‘unlashgan shaharlari meni o‘ziga maftun etgan.
Katrin Tiyerfeld, Germaniyaning “Stiftung Handwerk stiftet Zukunft” xalqaro hamkorlik uyushmasi raisi:
– O‘zbekiston milliy stendi namoyishi menga chindan ma’qul bo‘ldi, tadbirda ishtirok etganimdan behad shodman. Eng asosiysi, hamkorlar bilan kasb-hunarga o‘qitish bo‘yicha aloqani yo‘lga qo‘yishga kelishib oldik.
AQSH, Mo‘g‘uliston, Sloveniya kabi ko‘plab davlatlarda sheriklarimiz bor. O‘zbekiston bilan ishlashni ham doim orzu qilardik, mana niyatimiz ushaldi. Bunday tadbirlar boy o‘zbek madaniyatini dunyoga tanitadi.
N.Ziyodullayeva tayyorladi.
O‘zA
- Qo'shildi: 15.03.2024
- Ko'rishlar: 3544
- Chop etish