Parlamentlararo hamkorlik yanada rivojlanadi

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o‘rinbosari Akmal Saidov, Qonunchilik palatasining Polsha Respublikasi Milliy assambleyasi Seymi bilan hamkorlik bo‘yicha parlamentlararo guruhi rahbari Mavluda Xo‘jayeva hamda bir guruh deputatlar Polsha Madaniyat va milliy meros vaziri o‘rinbosari Bojena Jelazovska boshchiligidagi delegatsiya a’zolari bilan uchrashdi.

Ta’kidlanganidek, so‘nggi yillarda O‘zbekiston — Polsha hamkorligi sezilarli darajada mustahkamlanib, yangi va amaliy mazmun bilan boyib bormoqda. O‘zaro munosabatlarning bosqichma-bosqich rivojlanib borayotgani, mamlakatlarimiz o‘rtasida siyosiy va iqtisodiy sohadagi muloqotlarning faollashgani parlamentlararo hamkorlikni yanada chuqurlashtirish hamda kengaytirishda ham muhim omil bo‘lmoqda.

Muloqot chog‘ida delegatsiya a’zolariga “O‘zbekiston — 2030” strategiyasida belgilangan ustuvor vazifalar, uning doirasida mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, shuningdek Qonunchilik palatasi faoliyatining asosiy yo‘nalishlari haqida atroflicha ma’lumot berildi.

O‘z navbatida, B.Jelazovska Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan O‘zbekistonda xotin-qizlarning huquqlari, qonuniy manfaatlari va erkinliklarini himoya qilish bilan birga siyosiy va iqtisodiy-ijtimoiy hayotdagi o‘rnini yanada mustahkamlash, ular uchun munosib mehnat va turmush sharoitini yaratib berish, qobiliyat va salohiyatini ro‘yobga chiqarish bo‘yicha o‘ziga xos tajriba shakllanganini e’tirof etdi.

Shuningdek, B. Jelazovska xalqaro yuk va yo‘lovchi tashuvlari sohasidagi ikki tomonlama hamkorlikning bugungi holatini e’tirof etar ekan, Toshkent xalqaro aeroportida shu kunlarda “LOT Polish Airlines” aviakompaniyasining yangi yo‘nalishi ochilganiga e’tibor qaratdi hamda ushbu muntazam aviaqatnovlar ikki mamlakat o‘rtasidagi iqtisodiy, diplomatik, madaniy va turistik aloqalarni rivojlantirishga xizmat qilishini ma’lum qildi.

Uchrashuvda ikki mamlakat parlamentlarida tashkil etilgan hamkorlik bo‘yicha parlamentlararo guruhlari orqali xotin-qizlar huquq va erkinliklarini himoya qilish yuzasidan hamkorlik qilish va tajriba almashish muhimligini qayd etildi.

Shuningdek, muloqot chog‘ida Polsha Seymi deputati Tomash Kostus mamlakatlarimiz o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy hamkorlik, transport-kommunikatsiya, turizm, madaniy-gumanitar va boshqa sohalardagi aloqalar ko‘lami tobora kengayib borayotganida ikki davlat parlamentlarida faoliyat yuritayotgan do‘stlik guruhlarining o‘rni muhim ekanligini qayd etdi.

Uchrashuv do‘stona va konstruktiv ruhda o‘tdi.

Oʼzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi

Powered by GSpeech