Uyg‘onish fasli – bahor kirib kelishi bilan xalqimiz borliqni ko‘rkam qiyofaga keltirish, shu orqali tabiat in’om etgan yurtimiz tarovatiga jamiyatimiz hissasini ham qo‘shish harakatiga tushadi. Ana shu azaliy va ibratli an’anaga ko‘ra xonadonlar, ko‘cha-xiyobonlarni obod qilish, daraxtlarga ishlov berish, atrof-muhit sarishtaligini ta’minlash kabi ishlar amalga oshiriladi.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 6-martdagi tegishli farmoyishiga asosan 16-18-mart kunlari butun mamlakatimiz bo‘ylab «Obod va fayzli mahalla – yurt ko‘rki" shiori ostida umumxalq xayriya hashari o‘tkazildi. Ko‘tarinki ruhda o‘tgan hashar davomida xalqimizning yakdilligi, birdamligi, ahil va hamjihatligi yana bir bor namoyon bo‘ldi.
Umumxalq hasharida turli tashkilot va muassasalar xodimlari faol ishtirok etdi. Xususan, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi jamoasi ham ushbu ezgu amaldan chetda qolmadi.
Inson huquqlari himoyasi bilan chambarchas bog‘liq bo‘lgan bu kabi muhim tadbirlarni o‘tkazish zamirida ekologik muhitni yaxshilash bilan bir qatorda odamlarning tabiatga mehrini oshirish kabi ulkan maqsadlar mujassamdir. Qolaversa, shaharlarni ko‘kalamzorlashtirish masalasi O‘zbekistonning issiq iqlimi va shahar qurilishining miqyosi kengayib borayotgan bir paytda, ayniqsa, dolzarb hisoblanadi.
Shu ma’noda, hasharchilar tomonidan ko‘chalar supurilib, yo‘l yoqalari tartibga keltirildi, Milliy markaz hududidagi yerlar yumshatildi, ariqlar tozalandi, chiqindilar chiqarib tashlandi. Mevali va manzarali nihollar ekilib, gul urug‘lari sepildi, daraxtlarga shakl berildi.
Muborak Ramazon oyi va yaqinlashayotgan Navro‘z ayyomi doirasida odatiy saxovat ishlari amalga oshirildi. Ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar holidan xabar olindi.
Obod, sarishtali joyda baraka bo‘ladi. Pokizalik va ozodalik qalblarga nur ulashib, inson ruhiyatini ko‘taradi. Milliy markazning hasharda ishtirok etgan har bir xodimi shunday kayfiyat bilan jamoa bo‘lib bajariladigan yumushlarga o‘z hissasini qo‘shishga intildi.
Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 18.03.2024
- Ko'rishlar: 2798
- Chop etish