Inson huquqlari bo‘yicha milliy institutlarga bag‘ishlangan mahorat darsi o‘tkazildi

19-mart kuni Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazida inson huquqlari bo‘yicha milliy institutlarni tashkil etishning huquqiy asoslariga bag‘ishlangan mahorat darsi tashkil etildi. Mazkur sayyor o‘quv mashg‘ulot Prezident Shavkat Mirziyoyevning 2023-yil 7-fevraldagi qarori bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasida Inson huquqlari sohasidagi milliy ta’lim dasturiga muvofiq o‘tkazildi.

Sayyor mashg‘ulotda Toshkent davlat yuridik universiteti Xalqaro huquq va qiyosiy huquqshunoslik fakultetining 64 nafar talabasi  ishtirok etdi. Bo‘lajak huquqshunoslar Milliy markazning yurtimizda inson huquq va erkinliklarini ta’minlash va himoya qilish, inson qadr-qimmatini yanada oshirish borasida olib borayotgan faoliyati bilan yaqindan tanishdilar.

Mashg‘ulot jarayonida Milliy markaz faoliyatining tashkil etilishi bilan bog‘liq muhim ma’lumotlar taqdim etildi. Milliy ma’ruzalarni tayyorlash mexanizmlari, xorijiy ekspertlarning inson huquqlarini ta’minlashga doir tavsiyalari, inson huquqlarini himoya qilish borasida Milliy markaz bilan davlat organlarining hamkorligi xususida so‘z yuritildi.

Xususan, 2023-yilda inson huquqlari bo‘yicha xalqaro shartnomalarning bajarilishi yuzasidan O‘zbekiston Respublikasining 4 ta milliy ma’ruzasi BMTning inson huquqlari bo‘yicha ustav organlari va shartnomaviy qo‘mitalariga taqdim etilgan. Shu davrda BMTning ustav organlari va shartnomaviy qo‘mitalari hamda boshqa mexanizmlarining tavsiyalarini amalga oshirish maqsadida 5 ta milliy harakatlar rejasining ijrosi monitoring qilingan.

Mashg‘ulot davomida milliy qonunchilikni inson huquqlari sohasidagi xalqaro-huquqiy standartlar bilan muvofiqlashtirish borasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar haqida ham so‘z yuritildi.

Tadbir yakunida talabalarni qiziqtirgan savollarga batafsil javob qaytarildi.

 

Inson huquqlari bo‘yicha

O‘zbekiston Respublikasi

Milliy markazining

matbuot xizmati

O‘zA

Powered by GSpeech