TOSHKЕNT, 21-oktyabr. /"Dunyo" AA/. O'zbekiston tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov bugun Luksemburgda O'zbekiston – Yevropa Ittifoqi hamkorlik kengashining 18-yig'ilishida ishtirok etdi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.
"Bugun Luksemburgda O'zbekiston – Yevropa Ittifoqi hamkorlik kengashining 18-yig'ilishini muvaffaqiyatli o'tkazdik, – deb yozdi O'zbekiston TIV rahbari o'zining telegram-kanalida. – O'zbekiston va Yevropa Ittifoqi o'rtasidagi har tomonlama hamkorlikni yanada chuqurlashtirishga bo'lgan o'zaro intilishimizni yana bir bor tasdiqladik. Siyosiy muloqotni rivojlantirish, savdo va investitsiya aloqalarini kengaytirish, barqaror rivojlanishni ta’minlash hamda mintaqaviy bog'liqlikni kuchaytirish yo'llarini muhokama qildik.
Mazkur yig'ilish natijalari hamkorligimizni kengaytirish va umumiy qadriyatlarga asoslangan yanada mustahkam, istiqbolga yo'naltirilgan sheriklikni shakllantirishda yangi turtki berishiga ishonchimiz komil.
O'zbekiston Yevropa Ittifoqi bilan o'zaro hurmat, ishonch, tinchlik hamda farovonlik yo'lidagi umumiy intilishlarga asoslangan faol va istiqbolli munosabatlarni rivojlantirishda davom etadi".
- Qo'shildi: 22.10.2025
- Ko'rishlar: 244
- Chop etish