Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi: Yangi O‘zbekistonda amalga oshirilishi

10-dekabr – Xalqaro inson huquqlari kuni

 

Jahon hamjamiyati 2025-yilda tinchlik va xavfsizlikni ta’minlash, barqaror rivojlanish hamda inson huquqlarini himoya qilishning global mexanizmi sifatida faoliyat yuritayotgan Birlashgan Millatlar Tashkiloti tashkil etilganining 80-yilligini nishonladi. Ta’kidlash joizki, 1945-yil 26-iyunda San-Fransiskoda imzolangan BMT Nizomi inson huquqlariga umumiy hurmat asosida tuzilgan maqsadlarni o‘z ichiga olgan birinchi xalqaro shartnoma hisoblanadi. Unda kelajakda inson huquqlarini himoya qilish bo‘yicha xalqaro chora-tadbirlarni ishlab chiqish uchun falsafiy va huquqiy poydevor yaratilgan.

Joriy yilda inson huquqlarini himoya qilish sohasidagi ko‘plab xalqaro va mintaqaviy hujjatlarning yubiley sanalari ham bayram qilinmoqda. Xususan, inson huquqlari bo‘yicha birinchi majburiy yuridik shartnoma – Irqiy kamsitishning barcha shakllariga barham berish to‘g‘risidagi konvensiya qabul qilinganining 60-yilligi, EXHTning Xelsinki Yakunlovchi hujjati qabul qilinganining 50-yilligi, MDHning Insonning asosiy huquqlari va erkinliklari to‘g‘risidagi konvensiyasi qabul qilinganining 30-yilligi, shuningdek, zamonaviy ijtimoiy va siyosiy hayotimizning gender mezonlariga asos solgan Ayollarga oid Pekin platformasi va Harakatlar dasturining 30-yilligi nishonlanmoqda. Ushbu hujjatlar inson huquqlarini himoya qilishning zamonaviy xalqaro tizimining tayanch ustunlaridir.

Mazkur xalqaro hujjatlarning barchasida Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi tilga olingani bejiz emas, ya’ni bu ayni xalqaro hujjatning inson huquqlarini rag‘batlantirish va himoya qilishdagi ahamiyati bebaho ekanidan dalolatdir. Ushbu tarixiy hujjat va unda mustahkamlangan global konsensus "barcha xalqlar va millatlar uchun erishish kerak bo‘lgan umumiy standart" hisoblanadi. 2030-yilgacha bo‘lgan davrda Barqaror rivojlanish kun tartibida u bevosita Umumjahon deklaratsiyasiga asoslanganligi va inson huquqlarini ro‘yobga chiqaradigan tarzda amalga oshirilishi kerakligi qayd etilgan. Inson huquqlarining har bir Barqaror rivojlanish maqsadi va tegishli vazifalarga bog‘liqligini tahlil qilganda, o‘zaro aloqadorlik yaqqol namoyon bo‘ladi: 169 ta vazifaning aksariyati (92 foizi) inson huquqlari sohasidagi asosiy xalqaro standartlar bilan bog‘liq.

Deklaratsiyaning qabul qilinishi xalqaro hamkorlikda butun bir yo‘nalishni rivojlantirish, xalqaro huquqning mustaqil tarmog‘ini shakllantirish uchun boshlang‘ich nuqta bo‘ldi. Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasiga e’tiborni jalb qilish maqsadida 1950-yili BMT Bosh Assambleyasi qaror qabul qilib, 10-dekabrni – Xalqaro inson huquqlari kuni, deb e’lon qildi.

2025 yilgi Xalqaro kunning mavzusi "Inson huquqlari – kundalik hayotimizning ajralmas qismi" shioridir. Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy strategiyasi doirasida mamlakatimizda har yili 1–10-dekabr kunlari "Inson huquqlari" o‘n kunligi nishonlanadi. Barcha umumiy o‘rta, o‘rta maxsus, kasb-hunar va oliy ta’lim muassasalarida Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasiga bag‘ishlangan umummilliy dars o‘tkaziladi.

Mamlakatimizda 2020-yildan boshlab 10-dekabr – Xalqaro inson huquqlari kunida «Inson huquqlari himoyasi uchun» ko‘krak nishoni fuqarolik jamiyati institutlari va davlat organlarining faol vakillarini inson huquqlarini himoya qilish sohasidagi xizmatlari uchun rag‘batlantirish maqsadida topshirilmoqda.

Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi dunyodagi eng ko‘p tarjima qilingan hujjat hisoblanadi. Bugungi kunda ushbu hujjat dunyoning 575 til va lahjalariga tarjima qilingan. Mazkur Deklaratsiya mamlakatimizda Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi tashabbusi bilan o‘zbek va qoraqalpoq tillariga tarjima qilingan, bir necha bor nashr etilgan hamda tarqatilgan.

 

Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasini yaratilishi tarixi

 

Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi XX asr tarixidagi eng fojiali davr – Ikkinchi jahon urushi tugagandan so‘ng, BMT va xalqaro huquqqa asoslangan yangi dunyo tartiboti shakllanishi arafasida ishlab chiqildi. Shubhasiz, bu jarayon o‘sha paytda qizg‘in bahs-munozaralarsiz o‘tmagan. Natijada dunyo inson huquqlarining universalligi, o‘zaro bog‘liqligi va bo‘linmasligini tan oldi. Bu shuni anglatadiki, huquqlar orasida biri ikkinchisidan ustun turadigan iyerarxiya yo‘q va madaniy hamda geografik istisnolar mavjud emas. Barcha insonlar, qayerda yashamasin, ushbu huquqlarga ega va ularni himoya qilishni talab qilish huquqiga ega.

BMT Bosh Assambleyasi 1946-yil yanvardagi birinchi sessiyasida Inson huquqlari bo‘yicha komissiyaga Inson huquqlari to‘g‘risidagi xalqaro billni shakllantirish bo‘yicha ish olib borishni so‘rab murojaat qildi. Inson huquqlari bo‘yicha komissiya sayyoramizning barcha mintaqalarini ifodalovchi turli siyosiy, madaniy va diniy qatlamlarga mansub 18 a’zodan tashkil topgan edi. BMT Inson huquqlari bo‘yicha komissiyasining birinchi yig‘ilishi 1947-yilda Leyk-Sakses shaharchasida bo‘lib o‘tdi va unda Eleonora Ruzvelt Komissiya raisi etib saylandi. Komissiya oldida jahon siyosatida hali noma’lum bo‘lgan hujjatni yaratishdek g‘oyat murakkab vazifa turardi.

Hujjatning dastlabki loyihasi barcha amaldagi konstitutsiyalar va inson huquqlari bo‘yicha huquqiy normalarni tahlil qilish asosida tayyorlangan. Shuningdek, unga Angliyaning Buyuk erkinliklar xartiyasi, AQSHning Mustaqillik deklaratsiyasi va Huquqlar to‘g‘risidagi billi hamda Fransiyaning Inson va fuqaro huquqlari deklaratsiyasi asos qilib olingan. Bir necha bosqichli yig‘ilishlardan so‘ng, Komissiya Bosh Assambleya va EKOSOSga Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasining yakuniy loyihasini taqdim etdi.

Deklaratsiya loyihasi yo‘lining naqadar murakkab bo‘lganini ko‘rsatuvchi yana bir misol shuki, BMT Bosh Assambleyasi yakuniy konsensusga erishish va Deklaratsiyani qabul qilish uchun 8 ta mashaqqatli yalpi majlis o‘tkazishga majbur bo‘ldi. Deklaratsiya matnini Assambleyaning yalpi majlisiga olib chiqishdan oldin muhokama qilgan Bosh Assambleyaning uchinchi qo‘mitasi 81 ta majlis o‘tkazib, matnga turli xil tuzatishlar va qo‘shimchalarni o‘z ichiga olgan 168 ta rezolyutsiyani ko‘rib chiqdi.

Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasining yakuniy tahriri 48 ta davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlandi (o‘sha paytda BMTga 58 ta davlat a’zo edi), 8 ta davlat betaraf qoldi va birorta davlat qarshi chiqmadi. Bu voqea 1948-yil 10-dekabrda Parijdagi Pale de Shayo saroyida bo‘lib o‘tgan BMT Bosh Assambleyasining 183-yalpi majlisida yuz berdi.

Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi noyob xalqaro hujjat bo‘lib, uni "Butun insoniyat uchun erkinliklar xartiyasi" deb atashadi. Boshqa hech qaysi xalqaro hujjat bunday yuksak bahoga sazovor bo‘lmagan. Bunday bemisl umumiy e’tirofning sababini inson huquqlarining zamonaviy tushunchasi ixcham va tushunarli tarzda bayon etilgan Umumjahon deklaratsiyasi mazmunidan izlash kerak, albatta. Bu insonning asosiy huquq va erkinliklarini to‘liq mustahkamlagan birinchi xalqaro-huquqiy hujjatdir.

Davlatlarning Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasiga rioya qilishi muhimligi 1993-yilda 170 dan ortiq davlat vakillari ishtirokidagi Butunjahon konferensiyasida qabul qilingan Inson huquqlari bo‘yicha Vena deklaratsiyasi va Harakatlar dasturida yana bir bor tasdiqlandi. Mazkur  Inson huquqlari bo‘yicha Butunjahon konferensiyasi nafaqat inson huquqlari barcha toifalarining ajralmas, o‘zaro bog‘liq va bir-birini to‘ldiruvchi xususiyatini mustahkamladi hamda bu sohada xalqaro huquq nazariyasi rivojlanishining yangi bosqichini qayd etdi, balki dunyoning barcha mintaqalaridagi davlatlarning pozitsiyalarini ham birlashtirdi. Bugungi kunda mavjud bo‘lgan inson huquqlarini himoya qiluvchi ko‘plab universal tuzilmalar aynan Vena konferensiyasi tufayli yuzaga kelgan. Vena deklaratsiyasi va Harakatlar dasturi BMTning inson huquqlariga oid deyarli har bir qarorida keltiriladi.

 

Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasining tuzilishi

 

Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi butun dunyoda e’tirof etilgan bo‘lib, inson huquqlarining universal standartlari tizimida alohida o‘rin egallaydi. Ta’kidlash joizki, Deklaratsiya rezolyutsiya shaklida qabul qilingan va tavsiya xususiyatiga ega hujjat bo‘lib, biroq unda e’lon qilingan asosiy huquq va erkinliklarni davlatlarning mutlaq ko‘pchiligi yuridik majburiyatlar sifatida tan olgan.

Umumjahon deklaratsiyasini inson huquqlari va erkinliklarining universal ro‘yxati, desa ham bo‘ladi. Deklaratsiyaga ko‘ra, inson huquqlari tabiiy, ajralmas va muqaddas deb e’lon qilindi. Bunda "muqaddas" atamasi e’lon qilingan huquqlarning eng yuqori ahamiyatini ta’kidlash uchun qo‘llanilgan. Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasining xalqaro-huquqiy ahamiyati nimada va u nima uchun bugungi kunda ham e’tibor markazida turibdi?

Birinchidan, Deklaratsiya davlatlar shaxsning huquqiy maqomini belgilashga, har bir insonga tegishli bo‘lgan va davlatlar hurmat qilishi hamda ta’minlashi lozim bo‘lgan huquqlar ro‘yxatini tuzishga jazm etgan ilk xalqaro hujjat edi.

Ikkinchidan, Umumjahon deklaratsiyasi inson huquqlari sohasida yagona tartib o‘rnatish asoslarini yaratdi. Deklaratsiya muqaddimasida shunday ta’kidlangan: "mazkur huquqlar va erkinliklarning xarakterini yalpi tushunish ushbu majburiyatlarning to‘liq ado etilishi uchun katta ahamiyatga ega". Keyinchalik Umumjahon deklaratsiyasi qoidalari inson huquqlariga oid ko‘plab shartnomalarda kengaytirildi va aniqlashtirilib, ular inson huquqlari bo‘yicha mingdan ortiq xalqaro shartnoma, deklarasiya hamda mintaqaviy konvensiyalarga asos bo‘ldi.

Uchinchidan, Deklaratsiya milliy qonunchilik uchun yo‘l-yo‘riq bo‘lib xizmat qildi. U nafaqat ko‘plab davlatlarning konstitutsiyalari, balki keng ma’noda milliy qonunchilikning asosini ham tashkil etdi. Bundan tashqari, bir qator davlatlarda Deklaratsiya qoidalari bevosita yuridik kuchga ega bo‘lib, milliy sudlar qo‘llashga haqli bo‘lgan huquqiy norma sifatida amal qilmoqda.

Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi muqaddima va 30 ta moddadan iborat. 1948 yilgi Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasida qayd etilgan asosiy huquq va erkinliklarni to‘rtta asosiy guruhga ajratish mumkin.

Birinchi guruhga inson shaxsining ajralmas huquqlari va erkinliklari kiritiladi. Ularning asosida "Hamma odamlar o‘z qadr-qimmati hamda huquqlarida erkin va teng bo‘lib tug‘iladilar. Ular aql va vijdon ato qilingan, binobarin bir-birlariga nisbatan birodarlik ruhida munosabatda bo‘lishlari kerak" degan qoida yotadi (1-modda). Bu huquqlarga, xususan, yashash huquqi, erkinlik, shaxsiy daxlsizlik (3-modda), qul bo‘lmaslik (4-modda), qiynoqlar yoki shafqatsiz, g‘ayriinsoniy muomala yoki jazoning man etilishi (5-modda), barchaning qonun oldida tengligi (7-modda), shuningdek, odil sudlovni amalga oshirishning protsessual kafolatlariga taalluqli bir qator huquqlar (8, 9, 10, 11-moddalar), shaxsiy va oilaviy hayotga o‘zboshimchalik bilan aralashishdan hamda sha’ni va obro‘siga tajovuz qilishdan himoyalanish, uy-joy daxlsizligi, yozishmalarni sir saqlash huquqi (12-modda) kiradi.

Ikkinchi guruh inson huquqlari va erkinliklarini Deklaratsiyada aks etgan fuqarolik huquqlari tashkil etadi. Bu huquqlar davlat tomonidan muayyan huquqlar bilan ta’minlangan fuqaro sifatidagi inson shaxsiga xosdir. Deklaratsiyada insonning huquq subyekti sifatida tan olinish huquqi (6-modda), erkin harakatlanish va yashash joyini tanlash huquqi (13-modda), boshpana so‘rash huquqi (14-modda), fuqarolikka ega bo‘lish huquqi (15-modda), nikohdan o‘tish va oila qurish huquqi (16-modda), mulkka egalik qilish huquqi (17-modda) kabi huquq va erkinliklar e’lon qilingan.

Uchinchi guruhga mansub huquqlar Deklaratsiyadagi siyosiy huquq va erkinliklardan iborat. Bularga fikr, vijdon va din erkinligi (18-modda), e’tiqod erkinligi va uni ifoda etish (19-modda), tinch yig‘ilishlar o‘tkazish va uyushmalar tuzish erkinligi (20-modda), o‘z mamlakatini boshqarishda ishtirok etish huquqi, shu jumladan davlat xizmatida ishlashda tenglik huquqi (21-modda) kiradi.

To‘rtinchi guruhni Deklaratsiyada mustahkamlangan iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquqlar (22-28-moddalar) tashkil etadi. Bu o‘rinda, xususan, mehnat qilish va ishni erkin tanlash huquqi, teng mehnat uchun teng haq olish, kasaba uyushmalariga birlashish huquqi, dam olish va bo‘sh vaqtga ega bo‘lish huquqi, munosib turmush darajasiga ega bo‘lish huquqi, ta’lim olish huquqi nazarda tutilmoqda.

Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasining har bir inson jamiyat oldida majburiyatlarga ega bo‘lishi kerakligi to‘g‘risidagi qoidalari alohida ahamiyatga ega. Har bir inson o‘z huquq va erkinliklaridan foydalanishda faqat qonunda belgilangan cheklovlarga amal qiladi. Bu cheklovlar boshqalarning huquq va erkinliklarini hurmat qilish hamda demokratik jamiyatda axloq, jamoat tartibi va umumiy farovonlikning adolatli talablarini qondirish maqsadidagina o‘rnatilishi mumkin (29-modda).

Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi Inson huquqlari to‘g‘risidagi xalqaro bill deb ataladigan hujjatlar majmuasiga mansubdir. Bu majmuaga 1966-yildagi ikkita xalqaro pakt – Iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquqlar to‘g‘risidagi xalqaro pakt hamda Fuqarolik va siyosiy huquqlar to‘g‘risidagi xalqaro pakt, shuningdek Fuqarolik va siyosiy huquqlar to‘g‘risidagi xalqaro paktga doir ikkita Fakultativ protokol ham kiradi.

 

Yangi O‘zbekiston va Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi

 

Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi mamlakatimiz mustaqillikka erishganidan so‘ng qo‘shilgan birinchi xalqaro-huquqiy hujjatdir. 1991-yil 31-avgustdagi "O‘zbekiston Respublikasining davlat mustaqilligi asoslari to‘g‘risida"gi Konstitutsiyaviy qonunda ilk bor Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi tilga olingan.

Yangi O‘zbekistonda inson huquqlarini rag‘batlantirish, himoya qilish va ularga rioya etish masalalari davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan sanaladi. Hozirgi kunda mamlakatda Dyeklaratsiya qoidalariga muvofiq insonning shaxsiy, siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquqlari to‘g‘risidagi huquqiy tizim shakllantirilgan. O‘zbekiston inson huquqlari bo‘yicha 90 dan ortiq asosiy xalqaro hujjatga, jumladan, BMTning inson huquqlari bo‘yicha 11 ta asosiy shartnomasiga qo‘shilgan.

Yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasida mujassam etilgan inson huquq va erkinliklarining deyarli to‘liq majmuasini o‘zida aks ettirdi. Konstitutsiyada Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasida belgilangan inson huquqlarining tabiiy xususiyati e’tirof etilgan. Asosiy qonunda, jumladan, quyidagilar kafolatlangan: "Inson huquq va erkinliklari har kimga tug‘ilganidan boshlab tegishli bo‘ladi" (19-modda); "Inson huquq va erkinliklari bevosita amal qiladi" (20-modda); "Yashash huquqi har bir insonning ajralmas huquqidir va u qonun bilan muhofaza qilinadi" (25-modda); "Har kim erkinlik va shaxsiy daxlsizlik huquqiga ega" (27-modda).

So‘nggi yillarda BMT bilan hamkorlik misli ko‘rilmagan darajaga ko‘tarildi, 160 ta qo‘shma dastur va loyiha muvaffaqiyatli amalga oshirilmoqda. Faqat shu yilning o‘zida Tashkilotning asosiy tuzilmalari va institutlari, jumladan BMT-Xabitat va YUNISEF rahbarlari O‘zbekistonga tashrif buyurdi, Toshkentda "BMT-Ayollar" tuzilmasining vakolatxonasi ochildi.

O‘zbekiston BMT tuzilmalari faoliyatida faol ishtirok etib, 2021-2023-yillarda Inson huquqlari bo‘yicha kengash a’zosi bo‘ldi. Mamlakatimiz 2024-yilda EKOSOS, XMT Ma’muriy kengashiga a’zo sifatida kiritildi, shuningdek, O‘zbekiston vakili ilk bor Inson huquqlari qo‘mitasi tarkibiga saylandi. Shu yili O‘zbekiston birinchi marta BMTning Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO) kengashiga 2028−2029-yillarga a’zo bo‘ldi. Mamlakatimiz Barqaror rivojlanish maqsadlarining Global indeksi bo‘yicha eng ilg‘or beshta davlat qatoriga kirdi. BMT tuzilmalari bilan hamkorlikda Davlat xizmati masalalari bo‘yicha forum tashkil etildi. Keyingi 40-yilda birinchi marta Samarqand shahrida YUNESKO Bosh konferensiyasining 43-sessiyasi muvaffaqiyatli o‘tkazildi.

So‘nggi bir necha yil ichida O‘zbekiston tashabbusi bilan BMT organlari doirasida 15 dan ortiq rezolyutsiya qabul qilindi. Misol uchun, 2024-2025-yillar davomida O‘zbekiston BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashi doirasida 3 ta rezolyutsiya qabul qilinishiga hammualliflik qildi. Bular: "Yoshlar va inson huquqlari" (2024-yil 10-oktyabr); "Oilaviy zo‘ravonlikni bartaraf etish to‘g‘risida" (2024-yil 11-oktyabr); "Ayollarning iqtisodiy huquq va imkoniyatlarini kengaytirishga erishish bo‘yicha harakatlarni jadallashtirish" (2025-yil 7-iyul) to‘g‘risidagi rezolyutsiyalardir.

Bundan tashqari, 2024-yil 10-iyun kuni BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashining 56-sessiyasida Bola huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyaga to‘rtinchi Fakultativ protokolni ishlab chiqishga chaqiruvchi 56/5-rezolyutsiya qabul qilindi. Ushbu Protokol maktabgacha ta’lim huquqi, bepul maktabgacha ta’lim va bepul boshlang‘ich ta’lim masalalariga bag‘ishlanadi. Rezolyutsiyada 2022-yil 14-16-noyabr kunlari Toshkentda o‘tkazilgan Kichik yoshdagi bolalarni tarbiyalash va ta’lim berish bo‘yicha jahon konferensiyasida qabul qilingan Toshkent deklaratsiyasi e’tirof etilgan. Binobarin, ushbu Deklaratsiyada barcha bolalarni davlat tomonidan kafolatlangan kamida bir yillik bepul maktabgacha ta’lim bilan ta’minlash taklifi ilgari surildi.

Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi qabul qilinganining 75-yilligini keng nishonlash maqsadida BMT "Inson huquqlari – 75" tashabbusini ishga tushirdi. Ushbu tashabbus doirasida BMTga a’zo 150 ta davlat, fuqarolik jamiyati institutlari, ishbilarmon doiralar va xalqaro tashkilotlar inson huquqlari sohasidagi dolzarb muammolarni hal etish bo‘yicha 286 dan ortiq ixtiyoriy majburiyatni o‘z zimmasiga oldi. O‘zbekiston "Inson huquqlari – 75" tashabbusini amalga oshirish, xususan, inson huquqlari sohasidagi ta’lim, inson huquqlari nuqtayi nazaridan tadbirkorlik faoliyati bo‘yicha Milliy harakatlar rejasini qabul qilish va amalga oshirish, shuningdek, yoshlar va ayollar huquqlari sohasida majburiyatlarni ado etishga bel bog‘ladi.

Yangi O‘zbekiston inson huquqlarini himoya qilish bo‘yicha mintaqaviy tuzilmalarda faol ishtirok etmoqda. MDHning yangi tashkil etilgan Inson huquqlari bo‘yicha komissiyasi raisi 2025-yilda O‘zbekistonga tashrif buyurdi. Islom hamkorlik tashkiloti Tashqi ishlar vazirlari kengashining 51-sessiyasida O‘zbekiston vakili IHT Inson huquqlari bo‘yicha mustaqil doimiy komissiyasining 2025-2028-yillarga mo‘ljallangan tarkibiga saylandi.

Ma’lumki, Vena deklaratsiyasi va Inson huquqlari bo‘yicha harakatlar dasturi har bir davlatga inson huquqlari bo‘yicha milliy harakatlar rejalarini qabul qilishni tavsiya etgan. Bugungi kunda dunyoning 80 ta mamlakatida inson huquqlari sohasida 150 dan ortiq milliy reja (strategiya) qabul qilingan. Ular turli darajalarda: prezidentlar, parlamentlar va hukumatlar tomonidan tasdiqlangan. Harakatlar davri qisqa muddatli, o‘rta muddatli yoki uzoq muddatli istiqbollarga bo‘linadi.

Mamlakatimizda 2020-yilda qabul qilingan Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy strategiyasi bu sohadagi ilk hujjat hisoblanadi. Milliy strategiyada belgilangan vazifalarni bajarish doirasida bolalar, yoshlar, ayollar, nogironligi bo‘lgan shaxslar va aholining boshqa zaif qatlamlari huquqlari, erkinliklari va manfaatlarini ishonchli himoya qilish tizimi takomillashtirildi. Qiynoqlarning oldini olish bo‘yicha milliy preventiv mexanizmning qonuniy asoslari yaratildi, majburiy va bolalar mehnati barham topdi. Bu Milliy strategiya islohotlarni tizimlashtirish va xalqaro majburiyatlarni, jumladan Barqaror rivojlanish maqsadlarini, ayniqsa, 16-maqsad – tinchlik, adolat va samarali institutlarni amalga oshirishga qaratilgan muhim qadam bo‘ldi.

BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashi va uning maxsus tartib-taomillari bilan faol hamkorlik davom etmoqda. O‘zbekiston BMTning turli organlari tavsiyalari asosida yettita milliy harakat rejasini ishlab chiqdi va amalga oshirmoqda. Bular BMT Xavfsizlik kyengashining Ayollar, tinchlik va xavfsizlik to‘g‘risidagi 1325-sonli rezolyutsiyasini amalga oshirish, ayollarga nisbatan kamsitishlarga qarshi kurashish, iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquqlar, nogironligi bo‘lgan shaxslar huquqlari, Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissar tavsiyalarini amalga oshirish, terrorizmga qarshi kurashish va bola huquqlari bo‘yicha rejalardir. BMTning yetarli uy-joy masalasi bo‘yicha maxsus ma’ruzachisi B. Radjagopalning O‘zbekistonga tashrifi yakunlari bo‘yicha tavsiyalarini amalga oshirish uchun "Yo‘l xaritasi" loyihasi ham tayyorlandi.

Inson huquqlari sohasidagi Jahon ta’lim dasturi va Inson huquqlari sohasidagi Milliy ta’lim dasturini amalga oshirish doirasida inson huquqlari madaniyatini shakllantirish, ta’lim jarayonining barcha bosqichlarida inson huquqlari bo‘yicha o‘quv kurslarini joriy etish bo‘yicha keng qamrovli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Xususan, so‘nggi yillarda Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi tomonidan mamlakatimizning barcha hududlari, Toshkent shahri va Qoraqalpog‘iston Respublikasi bo‘ylab inson huquqlari mavzusida o‘quv seminarlari o‘tkazildi. Ularda 3 ming nafarga yaqin huquq-tartibot organlari vakili – tergovchilar, prokurorlar, sudyalar va jazoni ijro etish muassasalari xodimlari ishtirok etdi.

Inson huquqlari masalalari bo‘yicha ilmiy tadqiqotlarni tashkil etish va o‘quv salohiyatini oshirish maqsadida Milliy markaz Favqulodda vaziyatlar vazirligi Akademiyasi, Huquqni muhofaza qilish organlari akademiyasi, Ichki ishlar vazirligi Akademiyasi, Ichki ishlar vazirligi Malaka oshirish instituti, O‘zbekiston Notarial palatasi bilan hamkorlik to‘g‘risida memorandumlar imzoladi.

Yanada muhimi, "Atrof-muhitni muhofaza qilish va yashil iqtisodiyot yili" Davlat dasturi doirasida 2030-yilgacha mo‘ljallangan yangi Inson huquqlari bo‘yicha Milliy strategiya loyihasi ishlab chiqildi. Milliy strategiya loyihasini tayyorlashda ilg‘or xalqaro tajriba, O‘zbekiston Respublikasining inson huquqlari sohasidagi xalqaro majburiyatlari, shuningdek, o‘tgan davrda shakllangan milliy amaliyot inobatga olindi. Bundan tashqari, hujjatda O‘zbekistonning milliy ma’ruzalarini ko‘rib chiqish doirasida BMTning inson huquqlari bo‘yicha organlari tomonidan berilgan tavsiyalar ham o‘z aksini topdi.

Inson huquqlari bo‘yicha yangi Milliy strategiyada taklif etilayotgan vazifalarni amalga oshirish O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi normalarini qo‘llash mexanizmlarini takomillashtirish, xalqaro tashkilotlarning tavsiyalarini samarali ro‘yobga chiqarish, shuningdek, insonning shaxsiy, siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy, madaniy va ekologik huquqlarini himoya qilishning huquqiy asoslarini yanada mustahkamlashni ko‘zda tutadi.

O‘zbekiston BMTga a’zo bo‘lgan 30-yildan ziyod davr mobaynida yosh mustaqil davlatdan jahon hamjamiyatining faol va ishonchli sherigiga aylandi. Birlashgan Millatlar Tashkiloti bilan hamkorlik mamlakat institutlarining shakllanishi va rivojlanishi, barqaror taraqqiyotga qat’iy intilish va inson huquqlarini himoya qilish, ijtimoiy siyosatni zamonaviylashtirish va mintaqaviy muloqotni mustahkamlash borasida hal qiluvchi ahamiyat kasb etdi.

 

Mirzatilla TILLABOEV,

Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi

Milliy markazi direktorining birinchi o‘rinbosari,

Islom hamkorlik tashkilotining Inson huquqlari bo‘yicha

mustaqil doimiy komissiyasi a’zosi, professor

 

Powered by GSpeech