Iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquqlarni byudjetlashtirishga inson huquqlariga asoslangan yondashuv va sog‘lom atrof-muhitga bo‘lgan huquqlar
6-aprel kuni Toshkent shahrida shu mavzuda uch kunlik seminar boshlandi. Tadbir Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi tomonidan BMTning Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari Boshqarmasining Markaziy Osiyo bo‘yicha mintaqaviy bo‘limi bilan hamkorlikda O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi ishtirokida tashkil etildi.
Anjumanda Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Adliya vazirligi, Sog‘liqni saqlash vazirligi, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi, Ijtimoiy himoya milliy agentligi, Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi, Huquqni muhofaza qilish akademiyasi kabi 20 dan ortiq vazirlik va idora vakillari ishtirok etmoqda.
Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov seminarni ochar ekan, hozirgi sharoitda byudjet siyosati inson huquqlarini amalga oshirishning asosiy vositalaridan biri bo‘lib xizmat qilayotganini ta’kidladi. Akademik A. Saidov qayd etganidek, aynan byudjet orqali davlat siyosatida inson huquqlari ustuvorligining real darajasi namoyon bo‘ladi va ushbu huquqlarning amaliy ijrosi ta’minlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vaziri o‘rinbosari Gulnora Rahimova mamlakatimizda davlat moliyasini boshqarish sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar byudjet xarajatlarining samaradorligi va manzilliligini oshirishga qaratilganini ta’kidladi.
Shu nuqtayi nazardan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning "Tashabbusli byudjet" (Open Budget) tashabbusi fuqarolarning byudjet mablag‘larini taqsimlash jarayonidagi ishtirokini kengaytirish, davlat moliyasining shaffofligi va hisobdorligini oshirish, shuningdek, ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishning ustuvor yo‘nalishlarini shakllantirishda aholi ehtiyojlarini yanada to‘liq hisobga olishni ta’minlashning samarali mexanizmiga aylangani alohida e’tirof etildi.
Tadbirda BMTning Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari Boshqarmasi mutaxassisi Igor Grishko ekspert sifatida ishtirok etar ekan, inson huquqlari nuqtayi nazaridan byudjet siyosatini tahlil qilishning zamonaviy metodologiyalarini taqdim etdi. Uning ta’kidlashicha, "inson huquqlariga asoslangan byudjet davlatlarga o‘z qarorlarining tengsizlik darajasiga va fuqarolarning asosiy xizmatlardan foydalanish imkoniyatiga ta’sirini aniqroq baholash imkonini beradi, shuningdek, byudjet jarayonining shaffofligi va hisobdorligini oshiradi".
Seminar dasturi iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquqlar sohasidagi xalqaro standartlar, ularni monitoring qilish mexanizmlari, byudjet sikli va jamoatchilik ishtiroki, shuningdek, inson huquqlari nuqtayi nazaridan byudjet xarajatlari va daromadlarini tahlil qilishning amaliy vositalarini o‘z ichiga olgan keng ko‘lamli masalalarni qamraydi.
Tadbir yakunida O‘zbekiston Respublikasining byudjet va ijtimoiy-iqtisodiy siyosatida inson huquqlari integratsiyasini yanada mustahkamlashga qaratilgan amaliy tavsiyalar ishlab chiqish rejalashtirilgan.
Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
“Yangi Oʻzbekiston” va “Pravda Vostoka” gazetalari tahririyati
Ўзбекча
English
Русский