O‘zbekiston va Qozog‘iston: inson huquqlari sohasidagi hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari muhokama qilindi
Poytaxtimizda bo‘lib o‘tadigan “Xitoy – Markaziy Osiyo – 2026” inson huquqlarini rivojlantirish bo‘yicha forumida ishtirok etish uchun 13-may kuni Qozog‘iston Respublikasining 5 nafar tajribali mutaxassis va vakillardan iborat delegatsiyasi mamlakatimizga yetib keldi.
Shu kuni Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi binosida Markaz direktori, akademik Akmal Saidov Qozog‘iston Respublikasi delegatsiyasi a’zolari bilan uchrashdi. Muloqot “Xitoy – Markaziy Osiyo– 2026” inson huquqlarini rivojlantirish bo‘yicha forum doirasida tashkil etildi.
Uchrashuv avvalida A. Saidov Qozog‘iston delegatsiyasini mamlakatda amalga oshirilgan keng ko‘lamli konstitutsiyaviy islohot natijalari bilan tabrikladi. Xususan, Qozog‘istonning yangilangan Asosiy qonunida davlat boshqaruvini modernizatsiya qilish, bir palatali parlamentga (Qurultoy) o‘tish hamda inson huquqlarini himoya qilish mexanizmlari kuchaytirilgani yuqori baholandi.
Milliy markaz direktori O‘zbekistonning 2023-yili yangi tahrirda qabul qilingan Konstitutsiyasida inson huquqlariga oid normalar soni uch barobar oshganiga e’tiborni qaratdi. Jumladan, «Miranda qoidalari» va «Xabeas korpus» institutlari mustahkamlangani, inson huquqlari bo‘yicha milliy institutlarning konstitutsiyaviy maqomi belgilab qo‘yilgani alohida qayd etildi.
O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasida boshqa sohalar qatori inson huquqlari sohasida ham hamkorlik izchil rivojlanayotgani ta’kidlandi. Bunda ikki mamlakat Prezidentlarining doimiy va samarali hamkorlik aloqalari namuna bo‘layotgani e’tirof etildi. Mamlakatlarimizning inson huquqlari bo‘yicha milliy institutlari o‘rtasidagi ko‘p yillik hamkorlik yuqori baholandi.
Qozog‘iston delegatsiyasi rahbari – Qozog‘iston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligining alohida topshiriqlar bo‘yicha elchisi Alua Nadirkulova o‘zaro muloqot uchun minnatdorchilik bildirar ekan, mamlakatlarimiz o‘rtasida inson huquqlari sohasida hamkorlik izchil rivojlanayotganidan mamnunligini bildirdi. Toshkentda bo‘lib o‘tadigan “Xitoy – Markaziy Osiyo – 2026” inson huquqlarini rivojlantirish bo‘yicha forumida muhokama qilinadigan mavzularning barchasi Qozog‘iston uchun ham muhim, dolzarb va juda ahamiyatli ekanini ma’lum qildi.
Muloqotda, shuningdek, Qozog‘istonning inson huquqlari sohasidagi milliy institutlari vakillari, ekspert-tadqiqotchilar va jamoat arboblari ham o‘z fikrlarini bildirdi. Uchrashuv davomida inson huquqlarini rivojlantirish sohasida ikki tomonlama va mintaqaviy hamkorlikni yanada chuqurlashtirish masalalari keng muhokama qilindi.
Tomonlar hamkorlikni yanada kengaytirishga qaratilgan bir qator amaliy takliflarni ko‘rib chiqdilar. Jumladan, ayollar huquqlarini kuchaytirish maqsadida ikki tomonlama forum va treninglar tashkil etish haqida fikrlashildi. Shuningdek, Samarqandda 2026-yilda o‘tkaziladigan Inson huquqlari bo‘yicha beshinchi forumda Qozog‘iston delegatsiyasining faol ishtirok etishi taklif qilindi.
Uchrashuv O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasidagi strategik sheriklik va Markaziy Osiyoda inson huquqlari sohasida yagona mintaqaviy hamkorlik maydoni shakllantirishga umumiy intilish mavjudligini yana bir bor tasdiqladi.
Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
Ўзбекча
English
Русский