O‘zbekiston MDH hududidagi huquqiy muloqotda ishtirok etadi
13-may kuni Minsk shahrida Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligining 35-yilligiga bag‘ishlangan xalqaro huquqiy forum bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston nomidan Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov videomurojaat bilan so‘zga chiqdi.
Tadbirda Hamdo‘stlikka a’zo davlatlarning davlat organlari, xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar, ilmiy va ekspert doiralari vakillari ishtirok etdi.
A. Saidov o‘z nutqida MDH davlatlari o‘rtasida o‘zaro anglashuv, ishonch va hamkorlikni mustahkamlashning muhim mexanizmi sifatida xalqaro huquqiy muloqotning alohida ahamiyatini ta’kidladi. Hamdo‘stlik hududida inson huquqlari sohasidagi o‘zaro hamkorlikni yanada rivojlantirish dolzarb ekanini qayd etdi.
Tadbir ishtirokchilari xalqaro huquqning barqaror rivojlanishni ta’minlash, tinchlik va xavfsizlikni saqlash, shuningdek, inson huquqlari, qonun ustuvorligi va adolatning umume’tirof etilgan tamoyillarini ilgari surishdagi o‘rniga e’tibor qaratdilar. Milliy huquqiy tizimlarni takomillashtirish, huquqiy ma’rifatni yoyish hamda inson huquq va erkinliklarini himoya qilish mexanizmlarini institutsional jihatdan mustahkamlash borasida tajriba almashish va sa’y-harakatlarni muvofiqlashtirish muhimligi alohida ta’kidlandi.
Forum MDH doirasida ko‘p tomonlama hamkorlikni yanada rivojlantirish bilan bog‘liq dolzarb huquqiy masalalarni muhokama qilish, shuningdek, huquq va inson huquqlarini himoya qilish sohalaridagi zamonaviy muammolarni hal etish bo‘yicha umumiy yondashuvlarni ishlab chiqish uchun muhim maydon bo‘ldi.
Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
Ўзбекча
English
Русский