Inson huquqlari sohasida yosh tadqiqotchilarni tayyorlash jarayonlari
Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi tomonidan Xalqaro taraqqiyot va adolat markazi (CDJI) bilan hamkorlikda “Capstone Project Uzbekistan” loyihasi amalga oshirilmoqda. Ushbu loyiha doirasida 18-may kuni Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazida xalqaro ekspert professor Polin Yakobsning ommaviy ma’ruzasi tinglandi.
Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori, akademik Akmal Saidov mazkur loyihaning inson huquqlari sohasida yangi avlod tadqiqotchilarini tayyorlashdagi strategik ahamiyatini ta’kidladi. Milliy markaz direktori o‘zining tabrik so‘zida qayd etganidek, ayni tadbir loyihaning ishga tushirish bosqichidan amaliy ilmiy-tadqiqot faoliyatiga o‘tilganini anglatadi.
Xalqaro taraqqiyot va adolat markazi (CDJI) dasturlar rahbari Anel Tleukesh ham o‘z tabrik so‘zlarini izhor etdi.
Tadbir Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi tomonidan Xalqaro taraqqiyot va adolat markazi (CDJI) bilan hamkorlikda, Niderlandiya Qirolligining Markaziy Osiyo mamlakatlaridagi elchixonasi va Tilburg universiteti ko‘magida tashkil etildi. Ma’ruza 2026-yil 13-aprelda rasman ishga tushirilgan “Capstone Project Uzbekistan” loyihasini amalga oshirish doirasida o‘tkazildi.
Professor Polin Yakobs Niderlandiya Qirolligining Tilburg universiteti Jinoyat huquqi va jinoyat protsessi kafedrasi dotsenti hisoblanadi. Uning ommaviy ma’ruzasi "Umrbod ozodlikdan mahrum etishga nisbatan inson huquqlari istiqbollari" mavzusiga bag‘ishlandi.
Xalqaro ekspert ushbu sohadagi Yevropa standartlarining qiyosiy tahlilini, Inson huquqlari bo‘yicha Yevropa sudining pretsedent amaliyotini, shuningdek, Tilburg universitetining jinoyat-ijroiya huquqi sohasidagi ilmiy tadqiqotlarga yondashuvlarini taqdim etdi. Adolat, jamoat xavfsizligi va insonning asosiy huquqlariga rioya etish tamoyillarining o‘zaro nisbati masalalariga, shuningdek, mahkumlarni reabilitatsiya qilish va ijtimoiy reintegratsiya qilish imkoniyatlariga alohida e’tibor qaratildi.
Ma’ruza yakunida savol-javob sessiyasi bo‘lib o‘tdi. Unda tadbir ishtirokchilari jinoyat-ijroiya siyosati, jazo tizimini insonparvarlashtirish va milliy qonunchilikni inson huquqlari bo‘yicha xalqaro standartlarga muvofiqlashtirishning dolzarb masalalarini muhokama qildilar.
Tadbir doirasida Toshkent davlat yuridik universiteti, O‘zbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish akademiyasi va O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Akademiyasi talabalaridan iborat loyiha ishtirokchilarining to‘qqizta jamoasi tomonidan ilmiy-tadqiqot tashabbuslari taqdimoti bo‘ldi.
Ushbu tadqiqotlar mavzulari zamonaviy inson huquqlari fanining eng dolzarb yo‘nalishlarini qamrab olgan. Bu o‘rinda, jumladan, raqamli muhitda bolalar huquqlarini himoya qilish va sun’iy intellektdan foydalanish bilan bog‘liq kibertahdidlarga qarshi kurashish; sobiq mahkumlarni raqobatbardosh mehnat bozorida ijtimoiy reintegratsiya qilish; xalqaro ekologik mas’uliyat kontekstida Orol halokatining huquqiy oqibatlari kabi muhim mavzular haqida so‘z bormoqda.
Har bir taqdimot yakunida professor Polin Yakob ishtirokchilarga batafsil ekspert sharhlari berib bordi. Tadqiqot ishini yanada rivojlantirish bo‘yicha uslubiy tavsiyalar va xalqaro tajribani hisobga olgan holda ilmiy tahlilni chuqurlashtirish yo‘nalishlari ko‘rsatib berildi.
Ma’lumki, “Capstone Project Uzbekistan” loyihasi yosh tadqiqotchilarda inson huquqlari sohasida zamonaviy ilmiy va tahliliy ish ko‘nikmalarini rivojlantirish, shuningdek, O‘zbekiston va xalqaro ilmiy hamjamiyat o‘rtasidagi akademik hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan.
Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
“Yangi Oʻzbekiston” va “Pravda Vostoka” gazetalari tahririyati
Ўзбекча
English
Русский