Sayt xaritasi 00:00:00
Maslahat telefoni+998 71 239 13 58
Bizning manzilIslom Karimov ko'chasi 15 uy
Yangiliklar

Intervyu | O‘zbekistonlik ekspert: Xitoy tajribasini qanday tushunish va qo‘llash kerak

Suhbatdosh haqida ma’lumot: Mirzatillo Alisherovich Tillaboyev – inson huquqlari, xalqaro va konstitutsiyaviy huquq sohalari bo‘yicha o‘zbekistonlik mutaxassis, yuridik fanlar doktori, professor. Turli yillarda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman) tizimida, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazida, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi Yuristlar malakasini oshirish markazida rahbarlik lavozimlarida faoliyat yuritgan.

Mirzatillo Tillaboyev ko‘p yillardan buyon inson huquqlari, xalqaro va konstitutsiyaviy huquq sohasida tadqiqotlar olib boradi. U 150 dan ortiq ilmiy nashr, bir qator monografiya, darslik va o‘quv-uslubiy qo‘llanmalar muallifidir. Uning “Zamonaviy Xitoy va Yangi O‘zbekiston: inson huquqlari, taraqqiyot va strategik sheriklik” nomli monografiyasi O‘zbekistonda katta qiziqish uyg‘otgan.

2026-yil 12-iyun kuni Pekin universitetining Mintaqaviy va mamlakatshunoslik instituti professor-o‘qituvchilari va talabalaridan iborat delegatsiya Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markaziga tashrif buyurdi hamda Markaz direktorining birinchi o‘rinbosari Mirzatillo Tillaboyev bilan sivilizatsiyalararo almashinuv va ularning o‘zaro boyishi masalalari yuzasidan suhbatlashdi.

M. Tillaboyevning so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekiston va Xitoy o‘z sivilizatsiyaviy an’analariga ega. Shu bois har ikki davlat o‘zining tarixiy merosi va zamonaviy voqeliklariga tayanib, milliy sharoitlarga mos keladigan islohotlar va taraqqiyot yo‘lini mustaqil ravishda izlashi lozim.

Quyida intervyuning to‘liq matni keltiriladi.

 

Savol: Mirzatillo Alisherovich, Siz bilan suhbatlashish imkoniyati biz uchun katta sharafdir. Sizning kichik vatiningiz — O‘zbekiston sharqidagi Farg‘ona vodiysida joylashgan Andijon shahri. Bu shahar “Bir makon, bir yo‘l” tashabbusini birgalikda amalga oshirish doirasidagi yetakchi loyiha — Xitoy–Qirg‘iziston–O‘zbekiston temir yo‘lining so‘nggi manzili. Ushbu temir yo‘l ona yurtingiz taraqqiyoti uchun qanday imkoniyatlar yaratadi? Qanday xatarlar birgalikda chora ko‘rishni taqozo etadi?

 

Javob: Avvalo, Pekin universiteti delegatsiyasini qutlayman. So‘nggi ikki yil ichida men bir necha bor Xitoyda bo‘lib, ko‘plab taniqli professor va olimlar bilan muloqot qilish imkoniyatiga ega bo‘ldim. Shuningdek, men Xitoyning Shenchjen, Sian va Loyan kabi bir qator shaharlarida ham bo‘ldim.

Xitoy–Qirg‘iziston–O‘zbekiston temir yo‘li uch davlat rahbarlari tashabbusi bilan qurilmoqda va “Bir makon, bir yo‘l” tashabbusi doirasida keng istiqbollarga ega. Sian shahrida bo‘lganimda xalqaro port hududiga tashrif buyurdim. U yerda juda ko‘p konteynerlar va poyezd tarkiblari to‘plangan. Bu Xitoyni Yevropa va Markaziy Osiyo davlatlari bilan bog‘laydigan muhim quruqlik portidir.

O‘zbekiston ming yillar davomida Ipak yo‘lining qoq markazida joylashib kelgan. Samarqand, Buxoro va Toshkent qadimdan Yevroosiyoning turli sivilizatsiyalarini o‘zaro bog‘lab turgan yirik savdo shaharlari bo‘lgan. Dengiz savdo yo‘llari ochilgach, quruqlikdagi yo‘nalishlarning ahamiyati biroz pasaydi. Biroq qurilayotgan “Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston” temir yo‘l yo‘lagi nafaqat O‘zbekiston yoki Andijon kabi alohida bir shaharning, balki butun mintaqaning taraqqiyotiga hissa qo‘shadi.

Avvalo, yuk tashish muddatlari sezilarli darajada qisqaradi. Ilgari yuklarni manzilga yetkazish ancha vaqt talab etgan bo‘lsa, endilikda tashish davomiyligi ancha kamayadi. Nazarimda, temir yo‘l qurilishi yakunlanib, foydalanishga topshirilgach, mintaqaning iqtisodiy salohiyati ham, joriy savdo hajmi ham sezilarli darajada yuksaladi.

Ikkinchidan, ushbu temir yo‘l butun mintaqa bo‘ylab yangi ish o‘rinlari yaratilishiga turtki bo‘ladi. Bu yerda gap logistika, servis xizmatlari, yangi texnologiyalarni joriy etish, yangi poyezd tarkiblari va bekatlarni ishga tushirish, shuningdek, turdosh sohalarni rivojlantirish haqida bormoqda. Bularning barchasi birgalikda qo‘shimcha qiymat zanjirlarining kengayishiga xizmat qiladi.

Ishonchim komilki, bu temir yo‘l butun mintaqaga manfaat keltiradi. Yaqin orada ishlab chiqarish va transport tashuvlarida qanday o‘zgarishlar yuz berayotganiga guvoh bo‘lamiz. Bu o‘zgarishlar butun mintaqa, eng avvalo, O‘zbekiston iqtisodiyotida o‘z aksini topadi.

 

Savol: Kuzatish va tadqiqotlaringizga ko‘ra, Xitoyning kambag‘allikni bartaraf etish borasidagi tajribasi nimadan iborat? Bunday ishlarning aniq misollarini ko‘rganmisiz? Xitoyning kambag‘allikka qarshi kurashga doir qaysi g‘oya va yondashuvlari Siz uchun alohida qiziqish uyg‘otadi?

 

Javob: So‘nggi o‘n yilliklarda Xitoy 700 milliondan ortiq aholisini qashshoqlikdan olib chiqdi. Bu tajriba, shubhasiz, hurmatga va jiddiy o‘rganishga loyiq.

O‘zbekistonda XXR Raisi Si Szinpinning “Kambag‘allikdan qutulish” kitobi tarjima qilinib, nashr etildi. Shuningdek, mamlakatimizda ushbu nashrning keng ko‘lamli taqdimoti bo‘lib o‘tdi. O‘tgan yili biz Si Szinpinning “Inson huquqlarini hurmat qilish va ta’minlash to‘g‘risidagi tanlangan so‘zlari” to‘plamini o‘zbek tiliga tarjima qildik. Bu asarlarda mujassam bo‘lgan g‘oyalar va amaliy tajriba biz uchun juda foydalidir.

Kambag‘allikni tugatishga kelsak, avvalo, Xitoyning “bir qishloq — bir mahsulot” yondashuvini juda qimmatli deb hisoblayman. Sianda qo‘ziqorin yetishtirish qanday yo‘lga qo‘yilganini o‘z ko‘zim bilan ko‘rganman. O‘zbekistonda ham Prezidentimiz tashabbusi bilan bandlik muammosi o‘tkir bo‘lgan ko‘plab tumanlarda shu kabi yondashuv qo‘llanila boshlandi va “bir qishloq — bir mahsulot” tamoyili asosida ishlab chiqarish rivojlantirilmoqda. Bu mexanizmning istiqboli katta.

Ikkinchi muhim yo‘nalish — ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash va kreditlar ajratishdir. O‘zbekistonda ham, Xitoydagidek, kam ta’minlangan oilalarga imtiyozli kreditlar berilmoqda. Bu, birinchidan, aholi bandligini ta’minlashga yordam bersa, ikkinchidan, fuqarolarning turmush darajasini oshirishga hissa qo‘shadi.

Uchinchi yo‘nalish yoshlar bilan bog‘liq. O‘zbekiston – yoshlar mamlakati, yoshlar bizning eng muhim boyligimiz hisoblanadi. Aholining o‘rtacha yoshi taxminan 28–29 yoshni tashkil etadi. Bu bizda salmoqli mehnat resurslari mavjudligini anglatadi.

Davlat ta’lim sohasiga katta e’tibor qaratmoqda. Bundan o‘n yil avval yoshlarning atigi 9–10 foizigina oliy ma’lumot olish imkoniyatiga ega edi. Hozirga kelib bu ko‘rsatkich uch-to‘rt barobar oshdi va qariyb 35–40 foizga yetdi.

Shuningdek, hukumat yosh tadbirkorlarni faol qo‘llab-quvvatlab, ularga boshlang‘ich sarmoyani qo‘lga kiritishda ko‘maklashmoqda. Xususan, axborot texnologiyalari sohasidagi loyihalarni amalga oshirish va startaplar yaratish uchun imtiyozli kreditlar ajratilmoqda. Ayrim maxsus hududlarda tadbirkorlar uchun pasaytirilgan yoki hatto nol darajadagi soliq stavkalari belgilangan.

To‘rtinchi yo‘nalish – ayollar tadbirkorligi. Men Xitoyda kichik biznes va mikrobiznesga rahbarlik qilayotgan ko‘plab ayollarni ko‘rdim. Ular nafaqat o‘zlari ishlab chiqarish bilan shug‘ullanadi, balki boshqa ayollar uchun ham ish o‘rinlari yaratmoqda. Bu yerda gap faqat ishlab chiqarish faoliyati haqida emas, balki axborot-texnologiya xizmatlari, servis sohasi, logistika va yetkazib berish haqida ham bormoqda.

O‘zbekistonda ham davlat tomonidan xotin-qizlarni tadbirkorlik faoliyatiga jalb etishga katta e’tibor qaratilmoqda. Xususan, qishloq joylarda istiqomat qiluvchi ayollarga ishlab chiqarishni rivojlantirish va yangi mahsulotlar yaratishlari uchun imtiyozli kreditlar ajratilmoqda. Bularning barchasi, umuman olganda, aholi farovonligini yuksaltirishga xizmat qiladi.

 

Savol: Ipak yo‘li Xitoy va O‘zbekistonni o‘zaro bog‘lagan. Ikki mamlakat o‘rtasidagi ko‘p asrlik aloqalar tarixidan kelajak avlodlarga qanday saboqlar qoldirgan ma’qul? Tarixdan foydali tajriba orttirish uchun nima qilish kerak?

 

Javob: Biz butun jamiyatning uyg‘un rivojlanishiga hissa qo‘shish uchun o‘tmishni o‘rganamiz. Tarixni bilmasdan turib, to‘laqonli zamonaviy shaxsni shakllantirib bo‘lmaydi.

Albatta, bugungi axborot va zamonaviy texnologiyalar asrida internet hamda ijtimoiy tarmoqlar insonlar hayotida muhim o‘rin egallaydi. Bolalar va yoshlarni tarixni kitoblar orqali o‘rganishga da’vat etish tobora qiyinlashib bormoqda.

Fikrimcha, tarix va boy madaniy merosni o‘rganish o‘z tarixini qadrlaydigan, ajdodlarini hurmat qiladigan va jamiyati taraqqiyoti asosida yotgan qadriyatlarni anglaydigan avlodni tarbiyalashga yordam beradi.

Shuningdek, O‘zbekiston va Xitoy an’analari zamonaviy G‘arb sivilizatsiyasining ayrim unsurlari bizning jamiyatlarimizga har doim ham to‘g‘ri kelavermasligini ko‘rsatadi. Biz o‘zimizning tarixiy ildizlarimizga tayanishimiz va jamiyatimiz taraqqiyotining o‘ziga xos jihatlarini inobatga olishimiz zarur.

Xitoyda bir maqol bor, uning ma’nosini shunday ifodalash mumkin: “Ketmonning uchida oltin bor”. O‘zbekistonda ham shunga o‘xshash maqol mavjud: “Osmondan chalpak yog‘maydi”.

Boshqacha aytganda, inson har bir narsaga o‘z mehnati bilan erishishi kerak. Masalan, bugun biz konditsioner va barcha zarur qulayliklar bilan jihozlangan zamonaviy xonada o‘tiribmiz. Bularning bari o‘z-o‘zidan paydo bo‘lib qolmagan, balki bir necha avlod mehnatining samarasidir.

Har bir inson tarixga murojaat qilib, o‘z xalqining ma’naviyati va taraqqiyot yo‘lini anglab yetishi zarur.

 

Manba: russian.china.org.cn

 

 

Izoh: Ushbu intervyu 2026-yil 16-iyulda china.org.cn saytida – ingliz tilida va russian.china.org.cn saytida – rus tilida e’lon qilingan. Intervyu ruscha manbadan o‘zbek tiliga tarjima qilindi.

 

Inson huquqlari bo‘yicha

O‘zbekiston Respublikasi

Milliy markazining

matbuot xizmati

Nashr sanasi 21.07.2026 Ko'rishlar 191
Ulashish