Sayt xaritasi 00:00:00
Maslahat telefoni+998 71 239 13 58
Bizning manzilIslom Karimov ko'chasi 15 uy
Yangiliklar

Turkiya delegatsiyasi vakillari Islom sivilizatsiyasi markazi bilan tanishdi

30-sentyabr kuni Inson huquqlari bo‘yicha V Samarqand forumi doirasida O‘zbekistonga tashrif buyurgan Turkiya delegatsiyasi vakillari poytaxtimizdagi Islom sivilizatsiyasi markazida bo‘ldi. Turkiya Inson huquqlari va tenglik instituti prezidenti Vasip Shaxin hamda uning yordamchisi O‘mar Indir O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining g‘oyasi va tashabbusi asosida barpo etilgan ushbu Markazda mamlakatimizning boy tarixiy, ilmiy-ma’naviy va madaniy merosi bilan yaqindan tanishdilar.

Mehmonlarga Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi mas’ul xodimlari hamrohlik qildi. Sayohat davomida Islom sivilizatsiyasi markazining tashkil etilish tarixi, asosiy maqsad va vazifalari, uning xalqaro ilmiy-ma’rifiy hamkorlikni rivojlantirishdagi o‘rni hamda O‘zbekistonning jahon sivilizatsiyasi taraqqiyotiga qo‘shgan ulkan hissasi haqida batafsil ma’lumot berildi.

Islom sivilizatsiyasi markazi nafaqat o‘tmishning boy merosini saqlash va targ‘ib etishga, balki tarixiy xotirani bugungi taraqqiyot bilan uyg‘unlashtirish, yosh avlodda milliy o‘zlikni anglash, ma’rifat va bag‘rikenglik tamoyillarini mustahkamlashga xizmat qiladigan noyob ilmiy-ma’rifiy majmuadir. Unda O‘zbekiston zaminida asrlar davomida shakllangan ilm-fan, madaniyat, ma’naviyat va sivilizatsiyalararo muloqot an’analari zamonaviy texnologiyalar vositasida namoyon etilgan.

Mehmonlar Markazning o‘ziga xos me’moriy yechimi, ekspozitsiyalarning mazmun-mohiyati va zamonaviy multimedia imkoniyatlari bilan tanishdilar. Shuningdek, Shon-sharaf zali, Qur’oni Karim zali, islomdan avvalgi davr sivilizatsiyalari tarixi aks ettirilgan So‘g‘d zali hamda bag‘rikenglik g‘oyalariga bag‘ishlangan maydonni tomosha qildilar.

Ekspozitsiyalar orqali mehmonlar O‘zbekiston hududida qadimdan mavjud bo‘lgan sivilizatsiyalar, Buyuk ipak yo‘li orqali kechgan madaniy va ilmiy aloqalar, islom sivilizatsiyasining shakllanishi va rivojlanishi, shuningdek, yurtimizdan yetishib chiqqan buyuk mutafakkirlar va allomalarning jahon ilm-fani taraqqiyotiga qo‘shgan hissasi haqida atroflicha ma’lumotga ega bo‘ldilar.

Ayniqsa, Qur’oni Karim zalida namoyish etilgan nodir qo‘lyozmalar va muqaddas kitoblar tarixi, islom olamining ma’naviy merosini asrab-avaylash borasida amalga oshirilayotgan ishlar xorijiy mehmonlarda katta qiziqish uyg‘otdi. Tarixiy artefaktlar, ilmiy manbalar va interaktiv texnologiyalar uyg‘unligida yaratilgan ekspozitsiyalar O‘zbekistonning boy madaniy merosini xalqaro jamoatchilikka yetkazishning zamonaviy va samarali usuli sifatida e’tiborni tortdi.

Markazning bag‘rikenglikka bag‘ishlangan ekspozitsiyalari alohida ahamiyatga egaligi e’tirof etildi. Zero, millatlar va dinlar o‘rtasida o‘zaro hurmat, tenglik, bag‘rikenglik va tinch-totuvlikni qaror toptirish inson huquqlarini ta’minlashning muhim shartlaridan biri hisoblanadi. O‘zbekistonning ko‘p asrlik tarixiy tajribasi ham turli madaniyatlar, e’tiqodlar va xalqlar o‘rtasidagi hamjihatlik hamda o‘zaro anglashuv jamiyat taraqqiyotining muhim omili ekanini yaqqol namoyon etadi.

Turkiya delegatsiyasi vakillari Markazda yaratilgan shart-sharoitlar, noyob tarixiy eksponatlar, qo‘lyozmalar va zamonaviy axborot texnologiyalari yordamida taqdim etilgan ma’rifiy kontent bilan tanishar ekan, mazkur majmuaning xalqaro ilmiy-madaniy hamkorlikni kengaytirish, umuminsoniy qadriyatlarni targ‘ib etish va sivilizatsiyalararo muloqotni rivojlantirishdagi ahamiyatini yuqori baholadilar.

Mazkur ma’rifiy tashrif Inson huquqlari bo‘yicha V Samarqand forumining mazmun-mohiyati bilan hamohangdir. Chunki mehmonlarning ayni ziyorati inson huquqlari, bag‘rikenglik, madaniyatlararo muloqot va o‘zaro hurmat kabi umuminsoniy qadriyatlarning mushtarakligini yana bir bor namoyon etdi.

 

Inson huquqlari bo‘yicha

O‘zbekiston Respublikasi

Milliy markazining

matbuot xizmati

Nashr sanasi 02.10.2026 Ko'rishlar 186
Ulashish