Sayt xaritasi 00:00:00
Maslahat telefoni+998 71 239 13 58
Bizning manzilIslom Karimov ko'chasi 15 uy
Yangiliklar

INSON HUQUQLARI BO‘YICHA V SAMARQAND FORUMI: GLOBAL HAMKORLIK VA INSON QADR-QIMMATI XALQARO MULOQOT MARKAZIDA

2026-yil 28-sentabr kuni Toshkent shahrida O‘zbekiston Respublikasi Hukumati homiyligida, xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikda Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi tomonidan “Inson huquqlari to‘g‘risidagi xalqaro paktlarga 60 yil va Taraqqiyot huquqi to‘g‘risidagi deklaratsiyaga 40 yil: qadr-qimmat, tenglik va barqaror rivojlanish yo‘lidagi global sheriklik” mavzusida Inson huquqlari bo‘yicha V Samarqand forumi o‘tkazildi.

Nufuzli xalqaro anjuman Inson huquqlari to‘g‘risidagi xalqaro paktlar qabul qilinganining 60 yilligi, Taraqqiyot huquqi to‘g‘risidagi deklaratsiyaning 40 yilligi hamda Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi tashkil etilganining 30 yilligiga bag‘ishlandi. Forum inson huquqlari sohasida xalqaro muloqot va tajriba almashishni kengaytirish, xalqaro majburiyatlarni samarali amalga oshirish, taraqqiyot huquqini ilgari surish va global chaqiriqlarga hamkorlikda yechim izlashga qaratildi.

Forumning ochilish marosimiga Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov moderatorlik qildi. Marosimda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning forum ishtirokchilariga murojaati taqdim etildi. O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi Tanzila Narbayeva va Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikeri Nuriddin Ismoilov tabrik nutqlari bilan ishtirok etdi.

Shuningdek, BMTning Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari Volker Türk, Xalqaro Qizil Xoch Qo‘mitasi Prezidenti Mirjana Spoljaric, Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti Bosh direktori Tedros Adxanom Gebreyesus, YEXHT Demokratik institutlar va inson huquqlari byurosi direktori Maria Telalian hamda BMTning O‘zbekistondagi doimiy koordinatori Sabine Machlning nutq va murojaatlari taqdim etildi.

Forumning yuqori darajadagi paneli “Inson huquqlari bo‘yicha xalqaro paktlar, rivojlanish huquqi va global hamjihatlik: zamonaviy muammolar sharoitida yangicha qarash” mavzusida o‘tdi. Unda inson huquqlarini himoya qilish xalqaro tizimining rivojlanishi, inson huquqlarining universalligi va o‘zaro bog‘liqligi, taraqqiyot huquqi, barqaror rivojlanish, global tengsizlik, iqlim o‘zgarishi, mojarolar va gumanitar inqirozlarga javob berish masalalari muhokama qilindi.

Yuqori darajadagi muloqotda BMT Inson huquqlari qo‘mitasi raisi Changrok Soh, Elina Šteinerte, BMTning sudyalar va advokatlar mustaqilligi bo‘yicha maxsus ma’ruzachisi Margaret Satterthwaite, YEXHTning Milliy ozchiliklar bo‘yicha Oliy komissari Christophe Kamp, Shanxay hamkorlik tashkiloti Bosh kotibi Nurlan Yermekbayev, Lina Zhang, Sergey Lebedev, Evgeniya Paramonova, Kadir Yaman, Klaus Beck va Nik Xartman kabi xalqaro tashkilotlar vakillari ishtirok etdi.

Forum doirasida Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazining 30 yilligiga bag‘ishlangan “Xalqaro majburiyatlardan samarali amalga oshirishga: inson huquqlarini milliy darajada amalga oshirish mexanizmlarining roli” mavzusida yubiley paneli ham o‘tkazildi. Unda milliy institutlar faoliyati, BMT shartnomaviy organlari va Universal davriy sharh tavsiyalarini bajarish, idoralararo hamkorlik, monitoring va hisobot jarayonlarini raqamlashtirish masalalari muhokama qilindi.

 

 

Forum dasturidan iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquqlar, nogironligi bo‘lgan shaxslar huquqlari, demografik barqarorlik va inson kapitali, xotin-qizlar huquqlari va gender tengligi, iqlim adolati, raqamli transformatsiya va sun’iy intellekt, fuqarosizlikni qisqartirish hamda qochqinlar huquqlariga bag‘ishlangan parallel sessiyalar o‘rin oldi.

Xususan, demografik barqarorlikka bag‘ishlangan sessiyada aholi dinamikasi, yoshlar va inson kapitali, gender tengligi, aholining qarishi, migratsiya, urbanizatsiya va ijtimoiy integratsiya masalalari ko‘rib chiqildi. Xotin-qizlar huquqlari va gender tengligi bo‘yicha sessiyada esa xotin-qizlarning iqtisodiy imkoniyatlarini kengaytirish, iqlim o‘zgarishining gender jihatlari, qarorlar qabul qilishda xotin-qizlar ishtiroki, zo‘ravonlik va kamsitishning oldini olish hamda raqamli imkoniyatlardan teng foydalanish masalalariga e’tibor qaratildi.

Inson huquqlari sohasidagi mazkur yirik xalqaro muloqot maydonida “Ijtimoiy fikr” respublika jamoatchilik fikrini o‘rganish markazi direktori Raximova Nigina Xayrullayevna va amaliy tadqiqotlar bo’yicha direktor o’rinbosari Seitov Mansur Sherikbayevichlar ishtirok etdi.

Tadbir doirasida Raximova Nigina Xayrullayevna “Ijtimoiy fikr” RJFO‘M jamoasi nomidan Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazini tashkil etilganining 30 yilligi munosabati bilan tabrikladi.

“Ijtimoiy fikr” RJFO‘M tomonidan taqdim etilgan qutlovda Milliy markazning inson huquqlari va erkinliklarini himoya qilish, xalqaro standartlarni milliy amaliyotga tatbiq etish, aholining huquqiy madaniyatini yuksaltirish va inson huquqlari sohasidagi xalqaro hamkorlikni rivojlantirish borasidagi faoliyatiga yuksak baho berildi.

Shuningdek, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi va “Ijtimoiy fikr” RJFO‘M o‘rtasidagi hamkorlikning inson huquqlariga oid jamoatchilik fikrini o‘rganish, aholining huquqiy xabardorligi va ijtimoiy kayfiyatini tahlil qilish, fuqarolarning huquq va erkinliklar ta’minlanishiga munosabatini aniqlashdagi ahamiyati alohida ta’kidlandi.

 

 

Inson huquqlari bo‘yicha V Samarqand forumi xalqaro va milliy institutlar, ekspertlar hamda fuqarolik jamiyati vakillari o‘rtasida muloqot va tajriba almashish uchun muhim maydon bo‘lib, inson qadr-qimmati, tenglik va barqaror rivojlanish tamoyillarini ilgari surishga xizmat qildi. Forumda muhokama qilingan masalalar inson huquqlarini ta’minlash jarayonining ijtimoiy, iqtisodiy, demografik va texnologik o‘zgarishlar bilan uzviy bog‘liqligini yana bir bor namoyon etdi.

"Ijtimoiy fikr" respublika jamoatchilik fikrini o‘rganish Markazi

Nashr sanasi 02.10.2026 Ko'rishlar 190
Ulashish