Milliy markaz mas’ullari fuqaro murojaatini joyning o‘zida o‘rgandi

 

2022 yil 26 mart kuni fuqaro V.Muhammadieva Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidovning shaxsiy qabulida bo‘ldi. U o‘z murojaatida munosib turmush kechirish va uy-joyga ega bo‘lish huquqlari ro‘yobga chiqarilishida amaliy yordam ko‘rsatishni so‘radi.

Suhbat davomida ma’lum bo‘lishicha, fuqaro V.Muhammadieva va uning qaramog‘idagi farzandi D.Qurbonov 2-guruh nogironi hisoblanadi. Onaning o‘zi qandli diabet xastaligiga chalingan, o‘g‘li esa onkologik kasallik bilan dispanser ro‘yxatida turadi.

Farzandi mehnat qobiliyatiga ega emasligi uchun hech qaerda ishlamaydi. 2013 yilda sil kasalligiga chalingach, muntazam ravishda davolanib kelmoqda. Hozirgi vaqtda jarrohlik amaliyotini o‘tkazgan.

Fuqaro V.Muhammadieva muqim uy-joyi bo‘lmaganligi sababli 10 yildan beri oilasi bilan vaqtincha ijarada yashamoqda. Ushbu masalada bir necha marotaba Chirchiq shahar hokimligiga qilgan murojaatlari oqibatsiz qoldirilgan.

Fuqaroning murojaatlari har gal, “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to‘g‘risida”gi qonun talablariga zid ravishda, Chirchiq shahar mutasaddi idoralariga yuborilgan. Oqibatda doimiy yashash joyiga ega bo‘lmagan fuqaro va farzandi yuqori turuvchi idoralarga ko‘p marotaba takroran murojaatlar qilishga majbur bo‘lmoqda.

Shuni ta’kidlash kerakki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti rahbarligida 2021 yil 23 iyul kuni o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida murojaatlarni ko‘rib chiqish, aholi muammolarini hal qilishda ayrim hudud rahbarlari tomonidan ishlar to‘g‘ri tashkil etilmagani jiddiy tanqid qilingandi. Shu munosabat bilan mahalliy davlat hokimiyati idoralari rahbarlariga o‘z hududlaridagi barcha ariza va shikoyatlarni qonunda belgilangan muddatlarda, qonuniy hal qilish choralarini ko‘rish to‘g‘risida qat’iy topshiriq berilgan.

Biroq, qayd etilgan holat Toshkent viloyatining ayrim mutasaddi rahbarlari tomonidan fuqarolarning murojaatlarini ko‘rib chiqish va hal qilish borasida haligacha qonun buzilishi holatlariga yo‘l qo‘yilayotganidan  dalolat bermoqda.

Ayni holatlarni inobatga olgan holda, BMTning Nogironlar huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyasi, “Nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi  Qonuni,  O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 5 martdagi “Xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning jamiyat xayotidagi faol ishtirokini ta’minlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari  to‘g‘risida”gi qarori talablaridan kelib chiqib, fuqaro V.Muhammadievaning murojaati Toshkent viloyati Chirchiq shahar prokuraturasiga yuborildi.

Bunda Chirchiq shahar prokuraturasidan tegishli idora vakillari ishtirokida ushbu murojaat har tomonlama o‘rganib chiqilishi va V.Muhammadievaning huquqlarini tiklash choralari ko‘rilishi, aybdor shaxslarga nisbatan qonunda belgilangan chora qo‘llanilishi, fuqaroni qonun hujjatlarida belgilangan tartibda uy-joy bilan ta’minlash masalasi hal qilinishi, bu borada amalga oshirilgan ishlar haqida Milliy markaz va murojat muallifiga yozma ravishda ma’lum qilinishi so‘raldi.

Ayni chog‘da, Milliy markaz direktorining topshirig‘iga asosan fuqaro V.Muhammadievaning murojaatida keltirilgan vajlar joyning o‘zida ko‘rib chiqildi. Holat 2022 yil 29 mart kuni Milliy markazning Jismoniy va yuridik shaxslar murojaatlari bilan ishlash bo‘limi bosh mutaxassisi F.Haqberdieva va Markaz direktorining yordamchisi O.Ahmadov tomonidan Chirchiq shahar prokuraturasi xodimlari hamda murojaat muallifi ishtirokida atroflicha o‘rganildi.

Muhokama yakunlari bo‘yicha shahar prokurori X.Bo‘riev tomonidan qo‘l ostidagi xodimlariga sohaviy yo‘nalishlar bo‘yicha mutasaddi rahbarlarga aniq topshiriqlar yuklashi haqida ko‘rsatma berildi.

Bu borada erishilgan natijalar va ko‘rilgan aniq choralar to‘g‘risida qonunda belgilangan muddatda shaxsan shahar prokurori hamda Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktoriga batafsil axborot taqdim etiladi.

 

Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati

Powered by GSpeech