Milliy markazda AQSHning Xalqaro diniy erkinlik bo‘yicha komissiyasi delegatsiyasi bilan uchrashuv bo‘ldi

 

2022 yil 5 aprel kuni Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov AQSHning Xalqaro diniy erkinlik bo‘yicha komissiyasi raisi Nadin Maenza boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashdi.

 

AQSH delegatsiyasi a’zolariga mamlakatimizda inson huquqlari sohasida, ayniqsa, yurtimizdagi islohotlar dasturining muhim yo‘nalishi sifatida diniy erkinliklarni ta’minlash borasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar haqida ma’lumot berildi. 

Keyingi yillarda diniy tashkilotlarga doir milliy qonunchilik takomillashtirildi. Bunda YeXHTning Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosi (DIIHB), Venesiya komissiyasi hamda AQSHning Xalqaro diniy erkinlik bo‘yicha komissiyasi, Brigam Yang universiteti professori Elizabet Klarkning tavsiyalari, qolaversa, butun dunyoda sodir bo‘layotgan haqiqiy holat hamda ko‘p asrlik tarixiy va diniy qadriyatlar hisobga olindi.

O‘zbekistonda "jaholatga qarshi ma’rifat" asosiy tamoyilining timsoli sifatida din bilan bog‘liq jinoyatlari uchun jazolangan insonlar orasida jinoyatlashuv va radikallashuvning oldini olish borasida Taraqqiyot strategiyasi doirasida izchil amalga oshirilayotgan islohotlar samarasi ijtimoiy muhitga ijobiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Binobarin, jamiyatda konfessiyalararo muloqot va diniy bag‘rikenglikni yanada mustahkamlashga yo‘naltirilgan din sohasida olib borilayotgan O‘zbekiston siyosati barqarorlik va xavfsizlikning muhim omilidir.

 

O‘zbekistonda ushbu yo‘nalishda amalga oshirilayotgan o‘zgarishlarni AQSH Davlat departamenti yuqori baholamoqda. Xususan, 2020 yilda AQSH Davlat departamenti tomonidan O‘zbekiston diniy erkinlik sohasidagi “maxsus kuzatuvdagi davlatlar” ro‘yxatidan chiqarildi.

AQSHning Xalqaro diniy erkinlik bo‘yicha komissiyasi raisi N.Maenza samimiy muloqot uchun minnatdorchilik bildirdi. O‘zbekistondagi ijobiy o‘zgarishlardan mamnunligini izhor etdi. O‘zaro amaliy hamkorlikka tayyorligini ma’lum qildi.

Tomonlar o‘rtasida amaliy savol-javoblar bo‘lib o‘tdi. O‘zbekiston Respublikasi tarixda birinchi marta Birlashgan Millatlar Tashkilotining Inson huquqlari bo‘yicha kengashiga a’zo etib saylangani so‘nggi yillarda mamlakatda inson huquqlari sohasida amalga oshirilayotgan yangilanishlar xalqaro hamjamiyat tomonidan yuksak e’tirof etilishining amaliy ifodasi ekani qayd etildi.

Uchrashuvda AQSHning O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Deniel Rozenblyum ishtirok etdi.

 

Ma’lumot uchun: AQSHning Xalqaro diniy erkinliklar bo‘yicha komissiyasi (USCIRF) – 1998 yilda qabul qilingan xalqaro vijdon erkinligi haqidagi qonun asosida tashkil etilgan. Komissiyaga jahon mamlakatlarida e’tiqod huquqiga rioya etilishini monitoring qilib borish vazifasi yuklatilgan.

Federal hukumatning mustaqil organi hisoblanuvchi Komissiya 10 nafar a’zodan iborat bo‘lib, ular AQSH Prezidenti va Kongress palatalari yetakchilari tomonidan tayinlanadi. Komissiya diniy erkinlik bo‘yicha dunyodagi vaziyatga oid yillik hisobotlar e’lon qiladi.

Ushbu hisobotlar tavsiyaviy xarakterga ega. Shunday bo‘lsa-da, Komissiya hisobotlari AQSH hukumati va parlamenti a’zolari tomonidan muayyan mamlakat bilan hamkorlikka oid qarorlar qabul qilishda inobatga olinadi hamda muayyan davlatlardagi vaziyat haqida xalqaro jamoatchilik fikrini shakllantirishda muhim o‘ringa ega.

 

Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati

 

Powered by GSpeech