2022 yil 16 aprelda Qarshi davlat universiteti tuzilmasidagi Qatag‘on qurbonlari muzeyida O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist, shoir G‘ulom Mirzoning ''Ey, darvesh (Zulmni yenggan mazlumlar qissasi)'' deb nomlangan kitobi taqdimoti o‘tkazildi.
Inson qadrini ulug‘lash va faol mahalla yili hamda 9 may – Xotira va qadrlash kuniga bag‘ishlangan ushbu tadbir Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi va O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi Qashqadaryo viloyat bo‘limi hamkorligida tashkil etildi. Uni Qatag‘on qurbonlari muzeyi direktori Dilnavoz Rahmatova olib bordi.
Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori akademik Akmal Saidov, G.Plexanov nomidagi Rossiya iqtisodiyot universiteti Toshkent filialining direktori akademik Qalandar Abdurahmonov, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi Qashqadaryo viloyat bo‘limi rahbari G‘ulom Abdiev, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, adiba Sharofat Ashurova va boshqalar keyingi davrda mamlakatimizda qatag‘on qurbonlari xotirasini abadiylashtirish, ularning hayoti va merosini chuqur o‘rganish hamda keng jamoatchilikka yetkazish ishlari yangi bosqichga ko‘tarilganini ta’kidladilar.
Bu jarayonda Vatanimiz mustaqilligi, xalqimizning erkin va ozod, kelajak avlodlarning tinch, to‘kin hayotini ta’minlash orzusida mardona kurash olib borib, mustabid tuzum davrida qatag‘on qilingan ulug‘ ajdodlarimiz faoliyati va merosini targ‘ib qilish muhim vazifalardan hisoblanadi.
Yaqinda “Mashrab” nashriyoti tomonidan chop etilgan "Ey, darvesh (Zulmni yenggan mazlumlar qissasi)" nomli kitob ham ayni shu mavzuda yozilgan. Mazkur qissa tarixiy hujjatlar va muallifning xotira-kechinmalari asosida bitilgan.
Taqdimotda ishtirok etgan tarixchi, huquqshunos va siyosatshunos olimlar, muzey mutaxassislari, talaba va o‘quvchi yoshlarga kitoblar sovg‘a qilindi.
Tadbir doirasida sho‘rolar qatag‘oni jabrdiydalaridan biri Mirza So‘fi bobo sulolasiga mansub ijodkorlarning kitoblari ko‘rgazmasi tashkil etildi. G‘ulom Mirzo, Rohila Mirzaeva, Go‘zal G‘aybullaeva, Shahzod Majidov va Ro‘yobjon Xushnazarovning she’riy kitoblari tadbir qatnashchilarining e’tiboriga tushdi.
Qarshi davlat universiteti tuzilmasidagi Qatag‘on qurbonlari muzeyiga akademiklar A.Saidov va Q.Abdurahmonovning yangi kitoblari topshirildi.
Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 18.04.2022
- Ko'rishlar: 2772
- Chop etish