Ikki Renessansning “oltin meros”i – Uchinchi Uyg‘onish davriga ma’naviy poydevor

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o‘rinbosari, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov 2022 yil 16 aprel kuni Qarshi shahrida “Qadr, xotira va inson huquqlari” mavzuida o‘tkazgan ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar turkumi doirasida “Oltin meros” xalqaro xayriya jamoat fondi Qashqadaryo viloyat muassasasining faoliyati bilan tanishdi.

Xalqimizning milliy va ma’naviy merosini izlab topish, tiklash, ularni kelajak avlodga yetkazish, yoshlar ongida Vatan tuyg‘usini shakllantirish, milliy istiqlol g‘oyalariga, ajdodlarga hurmat ruhida tarbiyalash, yurtimiz tarixiga oid asarlarini yaratish va chop etish, muqaddas maskanlarni obod qilish, keksa avlod xotiralarini yozib olish, xalqimiz erishgan yutuqlarni targ‘ib qilishda mazkur jamoat tashkilotining alohida o‘rni bor.

Muassasa boshqaruvi raisi, taniqli adiba Sharofat Ashurova ma’lumotlariga qaraganda, 2016-2020 yillarda Qashqadaryo viloyati hududidagi 90 dan ortiq madaniy meros maskani tarixi o‘rganilgan. Ko‘plab ziyoratgohlar izlab topilgan va homiylar ishtirokida obodonlashtirilgan.

Bundan tashqari, 2018-2020 yilarda “Qilichboy” madrasasida yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash maqsadida viloyatning 100 dan ortiq fidoiy namoyandasi faoliyati aks etgan “Jasorat unutilmaydi” va “Qatag‘on qurbonlari” nomli ma’rifatxonalar tashkil etilgan. So‘nggi 3 yilda 5 mingdan ortiq yoshlar, shuningdek, ommaviy axborot vositalari vakillari bu yerdagi nodir manbalardan foydalangan.

Bu yerda “Meros” muzey-ko‘rgazmasi tashkil etilgan. Turli grant tanlovlari va to‘garak ishlari bilan mashg‘ulotlar olib boradigan xonalar muntazam ishlab turibdi.

Bugungi kunda “Oltin meros” xalqaro xayriya jamoat fondi Qashqadaryo viloyat muassasasining kutubxonasida 5 mingdan ziyod kitob mavjud. Mazkur kutubxonaga yangi kitoblar taqdim etildi.

Tadbirda G.Plexanov nomidagi Rossiya iqtisodiyot universitetining Toshkent shahridagi filiali rektori, akademik Qalandar Abdurahmonov, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputati Abdig‘ani Umirov ishtirok etdi.

 

Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati

Powered by GSpeech