MUTOLAAGA MARHAMAT!

Inson huquqlari boyicha Ozbekiston Respublikasi milliy markazi muassisligidagiDemokratlashtirish va inson huquqlarijurnalining navbatdagi soni nashr etildi. Ushbu son O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 31 yilligiga bag‘ishlandi.

Jurnalning dastlabki sahifalaridan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisi, O‘zbekiston Respublikasi Mahalla va nuroniylarni qo‘llab-quvvatlash vaziri Tursinxan Xudaybergenovning “Mahalla qadr maskaniga aylanishi uchun sohaga oid islohotlar ijrosi ta’minlanmoqda” nomli maqolasi o‘rin olgan. Unda 2022 yil – “Inson qadrini ulug‘lash va faol mahalla yili”da mamlakatimizda mahallalar kesimida amalga oshirilayotgan xalqchil va insonparvar islohotlar batafsil yoritilgan. Mahalla tizimi oldida aholining turmush farovonligini oshirish hamda shu orqali odamlarning o‘z hayotidan rozi bo‘lib yashashlarini ta’minlash kabi ezgu va dolzarb maqsad mujassam ekani ta’kidlangan.

Bugungi kunda xalqimizning diqqat-e’tibori yurtimizda amalga oshirilayotgan

muhim siyosiy-huquqiy jarayon – konstitutsiyaviy islohotlarga qaratilgan. Shu bois, jurnal sahifalarida ushbu konstitutsiyaviy islohotlardan ko‘zlangan asosiy maqsad, Asosiy qonunimizga kiritilishi taklif etilayotgan o‘zgartirish va qo‘shimchalarning mazmun-mohiyati, islohotlarni amalga oshirish jarayoniga doir maqola va intervyularga keng o‘rin ajratilgan.

Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o‘rinbosari, Konstitutsiya komissiyasining raisi, akademik Akmal Saidovning “Xalq – konstitutsiya ijodkori” nomli intervyusi taqdim etilgan. Intervyuda Konstitutsiyamizni isloh etish – hayotiy zarurat ekani, inson huquqlari va manfaatlarining ustuvorligi “inson – jamiyat – davlat” tamoyili asosida Asosiy qonunimizda mustahkamlanayotgani, bu esa xalqimiz farovonligi va davlatimiz taraqqiyotiga xizmat qilishi to‘g‘risida asosli fikrlar bildirilgan. Konstitutsiyaviy islohotlarga doir dolzarb savollarga batafsil javob berilgan.

Rossiya Federatsiyasi Hukumati qoshidagi Qonunchilik va qiyosiy huquqshunoslik instituti yetakchi ilmiy xodimi, yuridik fanlar nomzodi Sergey Chirkinning “Конституционная реформа в Узбекистане – новые горизонты развития” (Ozbekistondagi konstitutsiyaviy islohotlar – rivojlanishning yangi ufqlari”) nomli maqolasida esa Konstitutsiyamizga kiritilishi taklif etilayotgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar tahlil qilingan. Ayniqsa, islohotlar xalq muhokamasi asosida amalga oshirilayotgani yuqori baholangan.

Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi milliy markazi direktorining birinchi o‘rinbosari, yuridik fanlar doktori Mirzatillo Tillabayevning “Priority directions of constitutional reforms in the field of human rights protection and human dimension” (Inson huquqlarini himoya qilish sohasidagi konstitutsion islohotlarning ustuvor yonalishlari”) nomli maqolasida ham ayni dolzarb mavzu yoritilgan. Unda O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga inson huquqlari bo‘yicha xalqaro standartlarni implementatsiya qilish masalalari tahlil qilingan.

Jurnal sahifalaridan o‘rin olgan qisqa intervyularda aks etgan nufuzli xalqaro ekspertlarning yurtimizdagi konstitutsiyaviy islohotlarga bildirgan munosabatlari, shuningdek, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi milliy markazi vakillarining Asosiy qonunimizga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritishga doir taklif va mulohazalari ham jurnalxonlarni befarq qoldirmasligiga aminmiz.

Tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanuvchilar hamda ushbu sohaga qiziquvchilarga esa O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik sub’yektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakil (Biznes-ombudsman) Dilmurod Kasimovning “Tadbirkorlar huquqlari qonun himoyasida” nomli intervyusini sinchiklab mutolaa qilishni tavsiya etamiz. Intervyuda yurtimizdagi tadbirkorlik muhiti hamda soha rivojida Biznes-ombudsman institutining tutgan o‘rni haqida fikr-mulohazalar bildirilgan.

Shuningdek, jurnalning ushbu sonida taqdim etilgan J.Toshqulov, O.Axmadov, S.Begmatova, J.Matkarimova, A.Xudoyberdiyev, A.Karimov, S.Ishmuratova, Z.Farmanovning o‘zbek tilidagi, N.Jumaniyazova, S.Amaniyazova, H.Burxanov, N.Nazarova, Sh.Toshpulatov, D.Xayrullayeva, T.Norboev va Z.Masharipovaning ingliz tilidagi, S.Abdurazakov, A.Bozarov, O.Nizomiddinxujaev, D.Radjabov, A.Aripovning rus tilidagi maqolalari ham dolzarb mavzularga bag‘ishlangani bilan ahamiyatli.

Ma’lumot uchun: “Demokratlashtirish va inson huquqlari” jurnali Oliy attestatsiya komissiyasining siyosiy fanlar, huquqshunoslik, falsafa, tarix, islomshunoslik va sotsiologiya fanlari bo‘yicha dissertatsiya asosiy ilmiy natijalarini chop etish tavsiya etilgan ilmiy nashrlar ro‘yxatiga kiritilgan. Xalqaro identifikatsiya raqami (doi®): 10.54952/p1696-2206-6326-y. Rasmiy veb-sayti: www.dhrjournal.uz.

 

 

“Demokratlashtirish va inson huquqlari”

jurnali tahririyati

Powered by GSpeech