Maxsus o'quv moduli tinglovchilari – Milliy gvardiya rahbariyati

19 noyabr kuni “Inson qadr-qimmati – eng oliy qadriyat” maxsus o'quv modulining ikkinchi kungi mashg'ulotlari bo'lib o'tdi. Vebinar shaklida o'tkazilgan o'quv mashg'ulotlarida O'zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasining markaziy apparati rahbarlari ishtirok etdi.

Mashg'ulotlar davomida BMTning shartnomaviy qo'mitalarida individual murojaatlarni ko'rib chiqish amaliyoti o'rganildi. Bu jarayonda Fuqarolik va siyosiy huquqlar to'g'risidagi xalqaro pakt hamda unda mustahkamlab qo'yilgan xalqaro standartlarning mazmun-mohiyati atroflicha tahlil etildi.

Xalqaro ekspertlar ishtirokida o'tkazilgan o'quv moduli mashg'ulotlaridan ko'zlangan maqsad tinglovchilarning inson huquqlari sohasidagi xalqaro standartlar mazmun-mohiyati va ularning mamlakat milliy huquqiy tizimi uchun ahamiyatiga doir bilimlarini chuqurlashtirishdan iboratdir.

Bu mashg'ulotlar, shuningdek huquqni muhofaza qiluvchi organlar rahbarlarining ushbu xalqaro standartlardan huquqni qo'llash faoliyatida foydalanishga oid amaliy ko'nikmalarini yanada oshirishga mo'ljallangan.

Maxsus o'quv moduli doirasidagi navbatdagi mashg'ulotlar Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi tomonidan BMT Taraqqiyot dasturi va BMT Inson huquqlari bo'yicha oliy komissari Boshqarmasining Markaziy Osiyo bo'yicha mintaqaviy ofisi bilan hamkorlikda hamda Toshkent davlat yuridik universiteti ko'magida tashkil etildi.

Inson huquqlari bo'yicha
O'zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati

Powered by GSpeech