Garvard universitetining tahliliga ko‘ra, oxirgi besh yilda “iqtisodiy murakkablik indeksi”da O‘zbekistonning o‘rni 25 pog‘ona yaxshilangan. 162 turdagi milliy mahsulotlarimiz “dunyo bozorida raqobat ustunligiga ega”, deb baholangan.
Bularning natijasida oxirgi yillarda mamlakatimiz eksporti 2,2 barobar oshdi. Tashqi savdo aylanmasi yalpi ichki mahsulotga nisbatan 57 foizga yetdi. Bu – iqtisodiyotimiz tashqi bozorlarga qanchalik bog‘liq ekanini ko‘rsatadi.
Lekin hozir dunyo avvalgidek emas. O‘zgaruvchan munosabatlar, turli tarif va cheklovlar boshqa davlatlarga ham zanjirli ta’sir ko‘rsatib, jahon iqtisodiyotining sekinlashishi va xalqaro savdo kamayishiga olib kelayapti.
Masalan, uch-to‘rt kun ichida xalqaro moliya bozorlarida 10 trillion dollar yo‘qotildi. Yuqori tariflar oqibatida xalqaro savdo hajmi 3,5 trillion dollarga qisqarib, dunyodagi inflyatsiya darajasi 7,5-8 foizga ko‘tarilishi prognoz qilinmoqda.
Eng katta xavf – pandemiya davridagidek dunyo bo‘ylab ta’minot va qiymat yaratish zanjirlarida uzilishlar paydo bo‘lishidadir. Ayniqsa, bunday holat jahon eksportida yuqori ulushga ega to‘qimachilik, elektr texnikasi, avtomobilsozlik, oziq-ovqat sanoati kabi yetakchi tarmoqlarga katta zarba berishi mumkin. Oqibatda raqobat yanada qiyin va ayovsiz bo‘ladi.
Prezident bunday sharoitda faqat o‘z kuchimiz va ichki imkoniyatlarimizga tayanib, dadil qadam tashlash kerakligini ta’kidladi. Har bir vazirlik, tarmoq va hudud rahbarlari aniq-aniq reja qilib, ishlab chiqarish, eksport bilan shaxsan shug‘ullanishi shartligi ko‘rsatib o‘tildi.
Buning uchun davlat tomonidan zarur huquqiy, tashkiliy va amaliy choralar ko‘riladi. Shu maqsadda yaqinda 3 mingdan ziyod tadbirkorlar bilan uchrashilib, muammolari o‘rganilgan. Eng ko‘p masala standart va sertifikatsiya tizimiga oid bo‘lgan.
Yurtimizdagi 25 mingdan ortiq standart, 41 ta texnik reglament xalqaro bozor talablariga mos kelmaydi. Bu eskirgan talablar va byurokratiya tadbirkorlarning “qo‘lini bog‘layapti”, korrupsiyani keltirib chiqarayapti. Ustma-ust sertifikatlash amaliyoti haligacha davom etayotgani sababli odamlar sarson bo‘layapti.
Investorlar bizdagi ko‘p laboratoriyalar talabga javob bermasligini, rivojlangan davlatlar standartlari esa tan olinmayotganini aytayapti. Yoki aksincha, bizdagi laboratoriyalarning xulosasi chet ellarda tan olinmaydi. Shu bois eksportchilar sertifikat olish uchun xorijiy davlatlarga namuna jo‘natayapti.
Hozirgi tizimda sertifikatlash organlari bozor nazoratini ham olib boradi, bu esa manfaatlar to‘qnashuviga olib kelayapti.
Yig‘ilishda shu kabi mummolar tahlili hamda ishbilarmonlarning takliflari asosida, tadbirkorlik faoliyatini rag‘batlantirish, savdo va sanoat siyosati samaradorligini oshirish to‘g‘risida Prezident farmoni imzolangani e’lon qilindi.
Ushbu farmonda texnik jihatdan tartibga solish, sanitariya-epidemiologiya, veterinariya, karantin idoralarining mahsulotga xulosa berish vakolatlari aniq belgilab qo‘yildi. Takrorlanuvchi va ustma-ust tartiblar bosqichma-bosqich bekor qilinadi.
Masalan, oziq-ovqat mahsulotlari sifati va xavfsizligi nazorati bilan faqat Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi shug‘ullanadi. Oziq-ovqat uchun texnik reglamentlar va standartlar majburiyligi bekor qilinadi. Asosiy oziq-ovqat mahsulotlari bo‘yicha sanitariya qoidalari va normalari xalqaro standartlar tizimi – “Kodeks Alimentarius”ga muvofiqlashtiradi. Shuningdek, xavf darajasi yuqori bo‘lgan 7 ta tovar guruhidagi mahsulotlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish amaliyoti bekor qilinadi.
Sertifikat olish majburiy bo‘lgan tovarlar ro‘yxati qisqartirilib, mahsulot muvofiqligini deklaratsiyalash amaliyoti joriy qilinadi. Asbob-uskuna, xomashyo, maxsus texnika, transport importida yurtimizda tan olinadigan xorijiy sifat va nazorat tizimlari mezonlari ishlab chiqiladi. Ularning importida milliy sertifikat olish talab qilinmaydi.
Ushbu tartiblarni o‘z ichiga olgan “Bozor nazorati to‘g‘risida”gi qonunni qabul qilish zarurati qayd etildi.
Standartlashtirish, sanitariya-epidemiologiya va karantin sohalarida kadrlar tayyorlash sifatini oshirish kerakligi ta’kidlandi.
Yig‘ilishda mahalliy korxonalarga yo‘l ochib, ishlab chiqarishni va eksportni ko‘paytirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Yuqorida qayd etilgan farmonga asosan, endi chetdan olib kelinayotgan mahsulotlarning bojxona qiymatini aniqlash tartibi to‘liq xalqaro qoidalarga moslashtiriladi.
Shu paytgacha qimmat bozorlarda talab yuqori bo‘lgan ayrim tovarlar eksportiga cheklov qo‘yilgan edi. Endi, 1 iyuldan boshlab, birorta tovarning eksportiga cheklov bo‘lmaydi. Faqat 86 ta tovar guruhiga kiruvchi xomashyo va ijtimoiy ahamiyati yuqori mahsulotlarga nisbatan eksport bojlari joriy qilinadi.
So‘nggi yillarda mahalliy sanoatda qandolat va salqin ichimliklarning o‘rni oshdi. Bu tarmoqlarni qo‘llab-quvvatlash ham muhim. Shu bois shakarga aksiz bekor qilinadi. Quruq sut importiga qo‘yilgan cheklovlar ham olib tashlanadi.
Buning natijasida qariyb 40 ming odam ishlaydigan qandolat va salqin ichimlik ishlab chiqaruvchi korxonalarning yillik aylanmasi kamida 50 trillion so‘mga yetadi.
Joylarda mahalliy kengashlar yer solig‘i va ijara to‘lovlariga 2 barobargacha oshiruvchi koeffitsiyent belgilamoqda. Lekin buning biznesga ta’sirini o‘rganib, tadbirkorlarning imkoniyatidan kelib chiqish kerakligi ko‘rsatib o‘tildi.
Aksincha, ularga yuklamani kamaytirib, faoliyati kengaytirilsa, tushum ko‘payadi. Endi tadbirkorlarga ham ushbu soliqlarni yilda ikkiga bo‘lib to‘lashga ruxsat beriladi.
Mutasaddilarga olimlar va tadbirkorlarni jalb qilib, soliq-bojxona siyosati va ma’murchiligini yangi bosqichga ko‘tarish bo‘yicha takliflar kiritish topshirildi.
Bosh vazir va uning o‘rinbosarlari, vazirlar hamda hokimlar ishlab chiqaruvchi va eksportchilar bilan doimiy muloqotda bo‘lishi, hech bir murojaat chetda qolmasdan, tezda hal etilishi zarurligi ta’kidlandi.
“Yangi Oʻzbekiston” va “Pravda Vostoka” gazetalari tahririyati»