Inson huquqlari bo'yicha xalqaro normalar: sudlarda bosqichma-bosqich qo'llash istiqbollari

O'zbekiston sudlari tomonidan inson huquqlari bo'yicha xalqaro shartnomalar, xususan, Birlashgan Millatlar Tashkiloti konventsiyalari normalari keng qo'llanilishi lozim. Toshkent shahrida 22-24 sentyabr kunlari tashkil etilgan uch kunlik seminarda ishtirok etgan sud`yalar ushbu sohaning amaliy jihatlari bilan yaqindan tanishish imkoniga ega bo'ldi.

Poytaxtimizda 22 sentyabr kuni o'z ishini boshlagan «O'zbekiston Respublikasi sudlari qarorlarida BMTning inson huquqlari to'g'risidagi konventsiyalari normalarining qo'llanilishi» mavzuidagi amaliy seminarda Toshkent shahri ma'muriy sudlari, jinoyat va fuqarolik ishlari bo'yicha sudlari sud`yalari ishtirok etdi.

Amaliy seminar O'zbekiston Respublikasi Oliy sudi, AQSH Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) va BMT Taraqqiyot dasturining «O'zbekistonda qonun ustuvorligi sohasida hamkorlik» qo'shma loyihasi doirasida hamda Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi va YeXHTning O'zbekistondagi loyihalari muvofiqlashtiruvchisi bilan birgalikda tashkil etildi.

O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o'rinbosari, Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori A.Saidov, O'zbekiston Respublikasi Oliy sudi raisi K.Komilov, AQShning O'zbekiston Respublikasidagi Favqulodda va muxtor elchisi D.Rozenblyum, YEXHTning O'zbekistondagi loyihalari muvofiqlashtiruvchisi J.MakGregor va BMT Taraqqiyot dasturining O'zbekistondagi doimiy vakili M.Dimovska anjuman ishtirokchilarini qutlab, sudlar tomonidan inson huquqlari to'g'risidagi xalqaro shartnomalar normalarining qo'llanilishi odil sudlovni ta'minlashda juda muhim masala hisoblanishini ta'kidladilar.

O'zbekiston Prezidentining 2020 yil 22 iyundagi Farmonida hamda ushbu hujjat bilan tasdiqlangan Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy strategiyasida shaxsiy va siyosiy huquqlarni himoya qilish sohasidagi ustuvor yo'nalishlar, xususan, xalqaro huquq printsiplari, normalari hamda O'zbekistonning xalqaro shartnomalari sudlar va huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan keng qo'llanilishi; xalqaro huquq ustuvorligi printsipini amalga oshirishning samarali mexanizmini yaratish; sudlarning mustaqilligini va xolisligini ta'minlash maqsadida sud`yalar hamjamiyati organlari faoliyatining huquqiy asoslarini shakllantirish; “Xabeas korpus” institutini yanada takomillashtirish yo'li bilan inson huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ta'minlashda sud hokimiyatining rolini oshirish masalalari belgilangan.

Hozirgi kunda O'zbekiston Respublikasi sudlari tomonidan inson huquqlari to'g'risidagi xalqaro shartnomalar normalarining qo'llanilishi bo'yicha kompleks chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. So'zga chiqqanlar milliy sudlar tomonidan BMT konventsiyalari normalarini sud hujjatlarida qo'llashga doir samarali mexanizmning joriy etilishi, o'z navbatida, sud tizimi mustaqilligini yanada mustahkamlash va sud hokimiyati nufuzini oshirishga xizmat qiladi, degan yakdil fikrni bildirdilar.

Bu, shuningdek «Sudyalar xulqiga oid Bangalor printsiplari»ni amalda tatbiq etishda o'ta muhim ahamiyat kasb etadi. Chunki mazkur xalqaro-huquqiy hujjatga muvofiq, xalqaro qonunchilikdagi, jumladan, xalqaro konventsiyalar va inson huquqlariga taalluqli normalar belgilangan boshqa hujjatlardagi tegishli o'zgarishlardan sud`yalarning o'z vaqtida xabardor bo'lishi – ular o'z faoliyatini talab darajasida amalga oshirishining zarur shartlaridan hisoblanadi.

Amaliy seminarning birinchi kuni mashg'ulotlarida Toshkent shahri ma'muriy sudlari, jinoyat va fuqarolik ishlari bo'yicha sudlari sudyalari qatnashdi.

Inson huquqlari bo'yicha
O'zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati

Powered by GSpeech