Migratsiya masalalarini tartibga solishda ilmiy yondashuv

Sud va huquqni muhofaza qilish faoliyati sohasida Ilmiy-tadqiqot konsortsiumi doirasida O'zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi Akademiyasida Migrantlar xalqaro kuniga bag'ishlangan “Mamlakatimizda migratsiya sohasidagi davlat boshqaruvining dolzarb masalalari” mavzusidagi xalqaro ilmiy-amaliy onlayn konferentsiya bo'lib o'tdi.

Tadbir “Aholi migratsiyasida raqamli vizalar platformasini ishlab chiqish” mavzusidagi innovatsion loyihani amalga oshirish maqsadida Bosh prokuratura Akademiyasi tomonidan Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi milliy markazi, O'zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi va Migratsiya bo'yicha xalqaro tashkilot bilan hamkorlikda tashkil etildi.

Tadbirda o'nga yaqin xorijiy va yuzdan ziyod milliy mutaxassislar, jumladan, milliy va chet el oliy ta'lim va ilmiy-tadqiqot institutlari ekspertlari, qonun chiqaruvchi hokimiyat vakillari, sud va huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari, fuqarolik jamiyati institutlari vakillari, migratsiya muammolari bilan shug'ullanayotgan tadqiqotchilar ishtirok etdi.

Dastlab Migratsiya bo'yicha xalqaro tashkilotning Bosh direktori Antonio Vitorino videomurojaati konferentsiya ishtirokchilari e'tiboriga havola etilib, so'ng Migratsiya bo'yicha xalqaro tashkilotning O'zbekiston bo'yicha koordinatori, Qirg'iziston-Rossiya Slavyan universiteti, Qozog'iston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Huquqni muhofaza qiluvchi organlar akademiyasi, Rossiya Federatsiyasi Prokuratura universiteti va Lund universiteti professor-o'qituvchilari ma'ruza bilan qatnashdilar.

Xalqaro ilmiy-amaliy onlayn konferentsiya yakuni bo'yicha, migratsiya sohasidagi davlat boshqaruvining strategik jihatlarini aniqlash, ustuvor xususiyatlarini tadqiq etish, migratsion qonunchilik va tashkiliy-institutsional mexanizmlarning ishlash holatini o'rganish asosida mavjud muammo va kamchiliklarning bartaraf etilishi, migratsiya jarayonlarini samarali tartibga solish tizimini takomillashtirishga qaratilgan ilmiy asoslangan taklif va tavsiyalar ishlab chiqildi.

Shuningdek, Sud va huquqni muhofaza qilish faoliyati sohasida Ilmiy-tadqiqot konsortsiumi a'zolari tomonidan idoralararo hamkorlikda amalga oshirilgan ishlarning holati muhokama qilinib, 2021 yilning birinchi yarmida o'tkaziladigan qo'shma ilmiy tadqiqotlarning asosiy yo'nalishlari belgilab olindi.

Manba: O'zbekiston Respublikasi Bosh Prokuraturasi Akademiyasi

Powered by GSpeech