O'zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi Akademiyasida “Mamlakatimizda migratsiya sohasidagi davlat boshqaruvining dolzarb masalalari” mavzuida xalqaro ilmiy-amaliy onlayn konferentsiya bo'lib o'tdi. Sud va huquqni muhofaza qilish faoliyati sohasida ilmiy-tadqiqot konsortsiumi doirasida o'tkazilgan ushbu tadbir 18 dekabr – Migrantlar xalqaro kuniga bag'ishlandi.
Onlayn konferentsiya Bosh prokuratura Akademiyasi tomonidan Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi, O'zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi va Migratsiya bo'yicha xalqaro tashkilot bilan hamkorlikda tashkil etildi.
Tadbirdan ko'zlangan maqsad - “Aholi migratsiyasida raqamli vizalar platformasini ishlab chiqish” mavzuidagi innovatsion loyihani amalga oshirishdir.
Ilmiy-amaliy anjumanda Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktorining birinchi o'rinbosari, yuridik fanlar doktori M.Tillaboev ishtirok etdi.
Konferentsiyada o'nga yaqin xorijiy va yuzdan ziyod milliy mutaxassislar, jumladan, milliy va chet el oliy ta'lim va ilmiy-tadqiqot institutlari ekspertlari, qonun chiqaruvchi hokimiyat vakillari, sud va huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari, fuqarolik jamiyati institutlari vakillari, migratsiya muammolari bilan shug'ullanayotgan tadqiqotchilar qatnashdi.
Dastlab Migratsiya bo'yicha xalqaro tashkilotning Bosh direktori Antonio Vitorino videomurojaati konferentsiya ishtirokchilari e'tiboriga havola etildi. So'ng Migratsiya bo'yicha xalqaro tashkilotning O'zbekiston bo'yicha koordinatori, Qirg'iziston-Rossiya Slavyan universiteti, Qozog'iston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Huquqni muhofaza qiluvchi organlar akademiyasi, Rossiya Federatsiyasi Prokuratura universiteti va Lund universiteti professor-o'qituvchilarining ma'ruzalari tinglandi.
Xalqaro ilmiy-amaliy onlayn konferentsiya yakuni bo'yicha, migratsiya sohasidagi davlat boshqaruvining strategik jihatlarini aniqlash, ustuvor xususiyatlarini tadqiq etish, migratsion qonunchilik va tashkiliy-institutsional mexanizmlarning ishlash holatini o'rganish asosida mavjud muammo va kamchiliklarni bartaraf etish, migratsiya jarayonlarini samarali tartibga solish tizimini takomillashtirishga qaratilgan ilmiy asoslangan taklif va tavsiyalar ishlab chiqildi.
Inson huquqlari bo'yicha
O'zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 22.12.2020
- Ko'rishlar: 3862
- Chop etish