Milliy strategiya ijrosi: yangi normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari tayyorlandi

Davlatimiz rahbari tomonidan joriy yil 22 iyunda imzolangan Farmon bilan tasdiqlangan Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy strategiyasining maqsadi – mamlakatimizda inson huquqlari va erkinliklarini ta'minlash bo'yicha izchil olib borilayotgan davlat siyosatini amalga oshirishning asosiy vazifalari va yo'nalishlarini belgilab olishdir.

Milliy strategiya doirasida 53 ta normativ-huquqiy hujjatni qabul qilish, 37 ta chora-tadbirlar majmuini ishlab chiqish va amalga oshirish hamda 8 ta xalqaro shartnomani ratifikatsiya qilish – jami 98 ta hujjat ustida ish olib borish belgilangan.

Bu vazifalar O'zbekiston Prezidentining Farmoni bilan tasdiqlangan yana bir muhim hujjat – Milliy strategiyani amalga oshirish bo'yicha «yo'l xaritasi»da ko'zda tutilgan tartibda amalga oshirilmoqda.

Xususan, Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi tomonidan Vazirlar Mahkamasining “Inson huquqlari himoyasi uchun” ko'krak nishoni to'g'risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qarori loyihasi ishlab chiqildi. Hozirda bu loyiha, tegishli vazirlik va idoralar bilan kelishilgan holda, Vazirlar Mahkamasiga kiritildi.

Markazda, shuningdek “O'zbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim hujjatlariga o'zgartirish va qo'shimchalar kiritish to'g'risida”gi farmon loyihasi tayyorlandi. Bundan tashqari, “O'zbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga o'zgartish va qo'shimchalar kiritish to'g'risida”gi qaror loyihasi ishlab chiqildi.

Hozirgi vaqtda ushbu hujjatlar O'zbekiston Respublikasi Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portali – regulation.gov.uz ga joylashtirilgan.

Inson huquqlari bo'yicha
O'zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati

Powered by GSpeech