Global innovatsion indeksda mamlakatimiz dunyoning 131 ta mamlakati ichida 93-o'rinni egalladi. Bu haqda joriy yil 2 sentyabrda Butunjahon intellektual mulk tashkiloti va Kornel Universiteti tomonidan Global innovatsion indeks reytingining navbatdagi, ya'ni 2020 yil bo'yicha «Innovatsiyani kim moliyalashtiradi?» mavzusidagi nashrining 13-sonida e'lon qilindi.
Har yili 24 iyul` sanasida chop etilishi an'anaga aylangan mazkur nashr bu yilgi pandemiya oqibatlari tufayli kechiktirilgani ilgari ma'lum qilingandi. Nashrda joriy yilda dunyo mamlakatlarining innovatsion faoliyati sur'atlariga taalluqli o'zgarishlar o'z aksini topgan.
O'zbekistonning uzoq muddatli tanaffusdan so'ng yana qayta Global innovatsion indeksi reytingida ro'yxatga kiritilgani biz uchun muhim o'zgarishlardan biridir, deyiladi yuz.uz sayti axborotida. Bu yurtimizda amalga oshirilayotgan shiddatli islohotlar, xususan, shaffoflik va ochiqlik siyosati hamda innovatsion faoliyatdagi ijobiy yangilanishlar samarasidir.
2020 yilda O'zbekiston 80 ta ko'rsatkichdan iborat Global innovatsion indeks reytingida:
Institutsional rivojlanish (Institutions);
Inson kapitali va ilmiy tadqiqot faoliyati (Human capital & research);
Infratuzilma (Infrastructure);
Bilim va texnologiyalar natijadorligi (Knowledge & technology outputs);
Ijodiy natijadorlik (Creative outputs) kabi yo'nalishlardagi indikatorlarda ijobiy natijalarga erishdi.
Global innovatsion indeks reytingda yetakchilik qilayotgan davlatlar haqida so'z borganda, Shveytsariya – 1-o'rinni zabt etganini ta'kidlash lozim.
O'zbekistonga yaqin hamkor va qo'shni davlatlar orasida:
- Rossiya – 47-o'rin;
- Qozog'iston – 77 -o'rin;
- Qirg'iziston – 94-o'rin;
- Tojikiston – 109-o'rinni egallagan.
O'zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi ma'lumotlariga qaraganda, 2020 yil mamlakatimiz Global innovatsion indeksga qaytgan. Bu yangi O'zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlarning ijobiy natijasidir. Global innovatsion indeksda O'zbekistonning 93-o'rinda bo'lishi hozirgi paytda innovatsion rivojlanish va ilm-fan rivojiga qaratilayotgan yuksak e'tibor samarasi hisoblanadi.
Ma'lumot uchun: O'zbekiston so'ngi marta 2015 yilda ushbu xalqaro reytingda 140 dan ortiq davlat ichida 122-o'rinni band etgan.
Bugungi kunda mamlakatimizni innovatsion rivojlantirish, 2030 yilga qadar Global innovatsiya indeksida ilg'or 50 mamlakat qatoridan joy egallash bo'yicha keng ko'lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Bu vazifa Prezidentimizning 2018 yil 21 sentyabrda qabul qilingan «2019-2021 yillarda O'zbekiston Respublikasini innovatsion rivojlantirish strategiya to'g'risida»gi farmonida asosiy vazifalardan biri etib belgilangan.
Davlat rahbari ta'kidlaganidek, “O'zbekiston ilm-fan, intellektual salohiyat sohasida, zamonaviy kadrlar, yuksak texnologiyalar borasida dunyo miqyosida raqobatbardosh bo'lishi shart”.
Inson huquqlari bo'yicha
O'zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 03.09.2020
- Ko'rishlar: 4163
- Chop etish