9 dekabr O'zbekiston Respublikasi va Buyuk Britaniya o'rtasida vazirliklararo siyosiy maslahatlashuvlar bo'lib o'tdi. Tadbir videokonferentsiya shaklida o'tkazildi.
Tadbirda BMTning Jenevadagi doimiy vakili o'rinbosari va inson huquqlari bo'yicha xalqaro elchi Rita French, Buyuk Britaniya Tashqi ishlar vazirligi mas'ullari, O'zbekiston Respublikasi Tashqi
ishlar vazirligi, O'zbekiston Respublikasining Buyuk Britaniyadagi elchixonasi vakillari hamda Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori o'rinbosari D.Muratova ishtirok etdi.
Anjuman davomida tomonlar asosan BMTning Inson huquqlari bo'yicha kengashi a'zoligiga saylanganligi munosabati bilan yana bir bor qutlab, kelgusida 2021-2023 yillarda amalga oshirilishi kerak bo'lgan ustuvor vazifalar va majburiyatlar bilan tanishtirdilar.
Xususan, BMTning Jenevadagi doimiy vakili o'rinbosari va inson huquqlari bo'yicha xalqaro elchi Rita French Buyuk Britaniyaning barcha qizlar uchun 12 yillik sifatli ta'limni targ'ib qilish va xotin-qizlarga qarshi zo'ravonlikni to'xtatish hamda fikr, vijdon, din va e'tiqod erkinligini himoya qilish, demokratik qadriyatlarni qo'llab-quvvatlash, ommaviy axborot vositalarining erkinligini himoya qilish bo'yicha global sa'y-harakatlarni amalga oshirish bo'yicha majburiyatlari haqida so'z yuritdi.
Anjumanda Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori o'rinbosari D.Muratova tadbir ishtirokchilarini BMTning Inson huquqlari bo'yicha kengashi a'zoligiga saylanganligi munosabati bilan O'zbekiston tomonidan ushbu jarayon doirasida amalga oshirilgan chora-tadbirlar, shuningdek O'zbekistonning Kengash a'zosi sifatidagi ixtiyoriy majburiyatlari va va'dalari bilan tanishtirdi.
Tadbir doirasida o'zaro hamkorlikni yanada rivojlantirish hamda BMTning Jenevadagi doimiy vakili o'rinbosari va inson huquqlari bo'yicha xalqaro elchi Rita French boshchiligidagi Buyuk Britaniya delegatsiyasining 2021 yilda O'zbekistonga tashrifi masalalari bo'yicha tomonlar o'rtasida maslahatlashuvlar bo'lib o'tdi.
Ma'lumot uchun: 2020 yil 13 oktyabr` kuni BMT Inson huquqlari bo'yicha kengashining navbatdagi sessiyasida 15 davlat 2021 yil 1 yanvardan boshlab uch yillik muddatga BMT Inson huquqlari bo'yicha kengashi a'zoligiga saylangan. Bu davlatlar sirasiga O'zbekistondan tashqari, Boliviya, Xitoy, Kot-de-Iuar, Gabon, Kuba, Frantsiya, Malavi, Meksika, Nepal, Pokiston, Rossiya, Senegal, Ukraina, va Buyuk Britaniya kiradi.
BMT Bosh Assambleyasi organi hisoblangan Inson huquqlari bo'yicha kengashga 47 ta davlat a'zo hisoblanadi. Kengash a'zolari uch yillik muddatga yashirin ovoz berish yo'li bilan saylanadi.
Inson huquqlari bo'yicha
O'zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 10.12.2020
- Ko'rishlar: 3803
- Chop etish