Inson huquqlari himoyasini kafolatlash, aholi turmush darajasini oshirish, iqtisodiy faoliyatda erkinlikni ta'minlash, sud-huquq sohasidagi moddiy va protsessual normalarni takomillashtirishga qaratilgan islohotlar har qanday mamlakatning xalqaro maydondagi nufuzini oshiradi. Zero, mazkur yo'nalishdagi islohotlar mamlakat taraqqiyoti, xalq farovonligini belgilab beruvchi muhim omillardan hisoblanadi.
Keyingi davrda Prezident Shavkat Mirziyoev tashabbusi bilan O'zbekistonda amalga oshirilayotgan shiddatli va qamrovdor islohotlar natijasida mamlakatimiz xalqaro imijini yaxshilash bo'yicha sezilarli yutuqlarga erishildi. Bugun dunyo hamjamiyati O'zbekistonning yangi qiyofasi haqida gapirmoqda.
Bu haqda so'z borganda, so'nggi to'rt yil mobaynida mamlakatimiz «Meros» jamg'armasining «Iqtisodiy erkinlik» indeksida 52 pog'onaga, Jahon bankining «Logistika samaradorligi» indeksida 19 pog'onaga, «Biznes yuritish» indeksida 18 pog'onaga ko'tarilganini alohida ta'kidlash joiz. Shuningdek, O'zbekiston Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkilotining «Mamlakatlarga xos xatarlarni tasniflash» tizimidagi 6-guruh mamlakatlari qatoridan 5-guruh mamlakatlari qatoriga ko'tarilgani diqqatga loyiqdir.
Davlatimiz rahbarining joriy yil 2 iyundagi «O'zbekiston Respublikasining Xalqaro reyting va indekslardagi o'rnini yaxshilash hamda davlat organlari va tashkilotlarida ular bilan tizimli ishlashning yangi mexanizmini joriy qilish to'g'risida»gi farmoni bu boradagi ishlarni yanada tezlashtirishi shubhasiz. Ushbu muhim hujjat 2017–2021 yillarda O'zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo'nalishi bo'yicha Harakatlar strategiyasida belgilangan vazifalarni amalga oshirish doirasida qabul qilindi.
Farmon ijrosi doirasida allaqachon muhim amaliy qadamlar qo'yilmoqda. Xususan, yuz.uz sayti xabar berishicha, O'zbekistonda Xalqaro reyting va indekslar bilan ishlash bo'yicha respublika kengashi tashkil etildi.
Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Norboeva mazkur Kengashning raisi bo'ldi. Kengashning asosiy vazifalari quyidagilardan iborat:
mamlakatning ijtimoiy-iqtisodiy va siyosiy-huquqiy taraqqiyot darajasini tizimli tahlil qilib borish, turli sohalarda amalga oshirilayotgan tub o'zgarishlarning O'zbekiston Respublikasi uchun ustuvor bo'lgan xalqaro reyting va indekslarda mamlakatning o'rnini yaxshilash maqsadlariga xizmat qilishini ta'minlash, mazkur yo'nalishdagi ishlarning samaradorligiga to'siq bo'layotgan muammolarni bartaraf etish;
O'zbekiston Respublikasi uchun ustuvor bo'lgan xalqaro reyting va indekslarda mamlakatning o'rnini yaxshilash maqsadida davlat hokimiyati va boshqaruvi tizimini takomillashtirish, jamiyatni demokratlashtirish, ilg'or xalqaro tajribaga asoslangan davlat va jamiyat qurilishi sohasidagi islohotlarni amalga oshirish bo'yicha tashabbuslarni ilgari surish;
davlat va jamiyat hayotining turli jabhalarini tartibga solishga qaratilgan normativ-huquqiy hujjatlar va ularning loyihalarini O'zbekiston Respublikasi uchun ustuvor bo'lgan xalqaro reyting va indekslardagi mamlakatning o'rniga ta'siri nuqtai nazaridan kompleks baholab borish.
Aslida, Prezident Farmonidan ko'zda tutilgan asosiy maqsad ham mamlakatning investitsiyaviy jozibadorligi va xalqaro maydondagi imijini mustahkamlash, davlat organlari va tashkilotlarida xalqaro reyting va indekslar bilan ishlashning yangi mexanizmlarini joriy qilishdir.
Inson huquqlari bo'yicha
O'zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 04.06.2020
- Ko'rishlar: 9600
- Chop etish