Pandemiya va inson huquqlari: O'zbekiston tajribasi

2020 yil 14 iyul kuni Toshkent shahrida Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi tomonidan Birlashgan Millatlar Tashkilotining O'zbekistondagi Vakolatxonasi va YEXHTning mamlakatimizdagi Loyihalarini muvofiqlashtiruvchisi ofisi bilan hamkorlikda Milliy muloqot tashkil etildi. Ushbu tadbir COVID-19 pandemiyasi munosabati bilan joriy etilgan cheklovlar sharoitida inson huquqlarini himoya qilish mavzusiga bag'ishlandi.

Onlayn davra suhbatida Oliy Majlis Senati a'zolari, Qonunchilik palatasi deputatlari, vazirlik va idoralar mas'ullari, O'zbekistondagi xalqaro tashkilotlar va diplomatik korpus vakillari hamda fuqarolik jamiyati institutlari mutasaddilari, shuningdek BMT, BMT Rivojlanish Dasturi, BMTning Inson huquqlari bo'yicha oliy komissari Boshqarmasi, Jahon sog'liqni saqlash tashkiloti (JSST), YEXHT va boshqa xalqaro tashkilotlar vakillari  ishtirok etdi. Unda O'zbekistonning COVID-19 pandemiyasiga qarshi kurashish jarayonida inson huquqlarini ta'minlashga oid milliy choralarni amalga oshirish borasidagi ijobiy saboqlari muhokama qilindi.

Bundan oldin, 24 iyunda BMT va YEXHT rasmiy shaxslari Toshkent viloyati Yuqorichirchiq tumanidagi O'rtasaroy karantin markaziga tashrif buyurgandi. Bosh vazir o'rinbosari Aziz Abduhakimov hamda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o'rinbosari Akmal Saidov tashabbusi bilan amalga oshirilgan ushbu tashrif tufayli karantin hududlarida inson huquqlariga amal qilinishi borasidagi O'zbekiston tajribasini tahlil qilish uchun amaliy dalillar to'plash imkoniyati tug'ildi.

Milliy muloqot doirasida Sog'liqni saqlash vazirligi va Adliya vazirligi vakillari, Bolalar ombudsmani, shuningdek  BMT Inson huquqlari bo'yicha oliy komissari Boshqarmasining Jenevadagi eksperti, BMT Qiynoqlarga qarshi kichik qo'mitasi raisining o'rinbosari, JSST Yevropadagi mintaqaviy byurosi mutaxassisi hamda fuqarolik jamiyati mustaqil vakillarining ma'ruzalari tinglandi. Ma'ruzachilar O'zbekistonning bu boradagi tajribasidan kelib chiqadigan xulosa va tavsiyalar hamda global istiqbol masalalari xususida atroflicha fikr yuritdilar.

Uchrashuvda BMTning karantin choralari bo'yicha qabul qilgan so'nggi rahbariy yo'riqnomalari ham muhokama qilindi. Jumladan, 2020 yil 19 martda tasdiqlangan "Koronavirus (COVID-19) kasalligi tarqalishini tiyib turish sharoitida alohida shaxslarni karantinga joylashtirish printsiplari bo'yicha JSST Yo'riqnomasi" haqida so'z bordi.

Mazkur Yo'riqnomada qayd etilganidek, koronavirus pandemiyasi tarqalayotgan sharoitda jamoatchilik bilan yaqin hamkorlikda ish olib borish muhim ahamiyatga ega. Karantinga joylashtirilgan shaxslarga tibbiy, moliyaviy, ijtimoiy va ruhiy-ma'naviy yordam ko'rsatilishi lozim. Ularning asosiy ehtiyojlari, jumladan, oziq-ovqat, suv va boshqa shu kabi hayotiy zarur mahsulotlarga bo'lgan talablari qanoatlantirilishi zarur. Ayniqsa, aholining zaif qatlamlari talab-ehtiyojlariga ustuvor ahamiyat berilishi darkor.

Bundan tashqari, ishtirokchilar BMT inson huquqlari bo'yicha qo'mitasining COVID-19 bilan bog'liq karantin masalasiga doir muhim bir tavsiyasini ma'lumot uchun qabul qildilar. Bu o'rinda davlatlarning barcha kishilar, shu jumladan, ozodlikdan mahrum etilgan shaxslar bilan insoniylik asosida va inson qadr-qimmatiga hurmat ko'rsatgan holda muomala qilish majburiyatiga doir tavsiya haqida gap bormoqda.

BMTning Inson huquqlari bo'yicha oliy komissari bir qator hukumatlar va xalqaro tashkilotlar COVID-19 virusiga qarshi kurashning inson huquqlariga, ayniqsa, iqtisodiy va ijtimoiy huquqlariga ko'rsatadigan ta'sirini yumshatishga qaratilgan muhim choralarni tatbiq etayotganini qutladi. Bu haqda fikr yuritganda, mamlakatimizda ham ushbu xatarni bartaraf etish uchun barcha zarur choralar ko'rilayotganini qayd etish maqsadga muvofiqdir. Eng muhimi, bunda avvalo inson manfaatlarining har narsadan ustunligi talabidan kelib chiqilayotir.

Ma'lumki, koronavirus pandemiyasiga qarshi kurash bo'yicha tibbiy va ijtimoiy chora-tadbirlar jamoatchilikning to'liq ishtirokida amalga oshirilishi zarurligi JSST tomonidan qat'iy tavsiya etilgan. Chunki inson huquqlari, jumladan insonning o'z fikrini erkin ifoda etish va qarorlar qabul qilishda faol ishtirok etish huquqi hurmat qilinishi jamoatchilik sog'ligini saqlash siyosatining muhim omili hisoblanadi.

Epidemiyaga qarshi kurashishning yagona samarador usuli - jamiyatning ishonchini qozonishdir. Shu ma'noda, BMT Inson huquqlari bo'yicha oliy komissari ta'kidlaganidek, "sog'liqni saqlash sohasidagi inqiroz sharoitida shaffoflik birlamchi ahamiyatga ega bo'lib, u insonlar hayotini asrab qolishda qo'l keladi".

Milliy muloqot yakunida pandemiya karantini sharoitida inson huquqlarini himoya qilish borasida aniqlangan qiyinchiliklar bo'yicha davlat organlariga taklif etiladigan tavsiyalar ishlab chiqildi.

Inson huquqlari bo'yicha
O'zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati

Powered by GSpeech