Parlamentlararo ittifoqning rasmiy saytida 2020 yil 18 may kuni mazkur xalqaro tashkilot tomonidan O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining inson huquqlarini amalga oshirish sohasidagi ishlari tahlil etilgani va yuqori baholanganiga doir axborot e'lon qilindi.
Shu o'rinda aytib o'tish kerakki, Parlamentlararo ittifoq eng keksa xalqaro parlament tashkiloti bo'lib, bundan 130 yil oldin, ya'ni 1889 yilda tashkil topgan. Bugungi kunda nufuzli tashkilot dunyoning 179 ta mamlakati parlamentlari va 13 ta parlamentlararo tashkilotni birlashtirgan. Parlamentlararo ittifoqning maqsadi parlamentarizmning rivojlanishi, inson huquqlari va ayol parlamentariylar huquqlariga rioya qilinishi, shuningdek millatlararo tinchlik o'rnatish hamda xalqaro xavfsizlikni saqlash ishlariga ko'maklashishdan iborat.
Tashkilot qarorgohi Jeneva shahrida joylashgan bo'lib, BMT bilan yaqin hamkorlik qiladi va mazkur xalqaro tashkilotning maqsad-vazifalarini qo'llab-quvvatalaydi. Tashkilot vakillari BMT organlari, jumladan BMTning inson huquqlari bo'yicha organlari va shartnomaviy qo'mitalarining yirik tadbirlarida ishtirok etadi.
O'zbekiston Parlamentlararo ittifoqqa a'zoligini ushbu tashkilotning 2017 yilgi 137-Assambleyasida tiklagan. Hozirgi paytda O'zbekiston parlamenti a'zosi mazkur tashkilotning vitse-prezidenti lavozimiga saylangan.
Parlamentlararo ittifoq rasmiy saytida ta'kidlanganidek, «Parlamentlararo ittifoq O'zbekiston parlamentining xalqaro standartlarni milliy darajada tatbiq etishga qaratilgan yangi chora-tadbirlarini qutlaydi».
«Parlamentlararo ittifoq tavsiyalariga muvofiq, O'zbekiston parlamenti a'zolari tomonidan yaqinda bir qator xalqaro va milliy tashkilotlar vakillari ishtirokida videokonferentsiya o'tkazildi. Unda BMT Bosh Assambleyasi 1966 yili qabul qilgan va 1976 yili kuchga kirgan ko'p tomonlama shartnoma – Fuqarolik va siyosiy huquqlar to'g'risidagi xalqaro paktning bajarilishi bilan bog'liq jarayonlar muhokama qilindi. Ishtirokchilar fuqarolik jamiyati va qonun ustuvorligi madaniyatining rivojlanishi, penitentsiar tizimdagi islohotlar, sud hokimiyatining mustaqilligi, bolalar mehnatiga barham berilishi, gender tenglikning ta'minlanishi hamda korruptsiyaga qarshi kurashish kabi mavzular yuzasidan fikrlashdilar», deyiladi axborotda.
Shuningdek, O'zbekiston parlamenti inson huquqlarini ta'minlash masalasini tobora faollik bilan ilgari surayotgani alohida qayd etilgan. Xususan, 2018 yilda inson huquqlarining himoya qilinishi va BMT tavsiyalarining bajarilishi ustidan parlament nazoratini o'rnatish mexanizmi ishlab chiqildi. Oliy Majlis Qonunchilik palatasi BMT inson huquqlarini himoya qilish mexanizmlari bilan hamkorlik bo'yicha Harakatlar rejasini qabul qildi va o'z tarixida ilk bor inson huquqlari bo'yicha dastlabki parlament ma'ruzasini chop etdi.
«O'zbekiston parlamenti, shuningdek Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi bilan yaqin hamkorlikda ish olib bormoqda. Bu hamkorlik mamlakatda inson huquqlari ta'minlanishi sohasida eng ko'p tilga olinadigan ikkita muammo bo'yicha amaliy yechim topish, ya'ni qiynoqlarning oldini olish mexanizmini yaratish va majburiy mehnatga barham berish choralarini ishlab chiqishda muhim rol` o'ynadi», deya Oliy Majlis faoliyati atroflicha tahlil etiladi.
Joriy yilning 20 may kunida O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va Senati Kengashlarining 2018 yil 4 maydagi Qo'shma qarori bilan tasdiqlangan din va e'tiqod erkinligini ta'minlash, sohadagi taklif va tavsiyalarni amalga oshirish bo'yicha “Yo'l xaritasi” ijrosi yuzasidan parlament eshituvi o'tkazildi. Ushbu videokonferentsaloqa shaklida tashkil etilgan parlament eshituvida boshqa xalqaro tashkilotlar kabi Parlamentlararo ittifoq vakili ham ishtirok etdi.
Shuningdek, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va Senati tomonidan O'zbekiston Respublikasida inson huquqlari bo'yicha halqaro majburiyatlarga rioya qilinishining holati to'g'risidagi Axboroti ham birinchi marotaba eshitildi.
Maqolada yaqinda bo'lib o'tgan videokonferentsiya O'zbekistonda fuqarolik to'g'risidagi yangi qonun qabul qilinishi asnosida tashkil etilganligi bilan ahamiyatli ekaniga ham e'tibor qaratilgan. Yangi qonun kuchga kirgach, mamlakatda yashaydigan qariyb 49 ming nafar kishining O'zbekiston Respublikasi fuqaroligiga ega bo'lishi uchun imkoniyat tug'iladi.
Ushbu tahliliy axborotda alohida ta'kidlanganidek, "fuqarosizlik" muammosi keyingi o'n yilliklar davomida Parlamentlararo ittifoq faoliyatining ustuvor sohasi bo'lib kelgan. 2018 yilda Parlamentlararo ittifoq BMTning Qochoqlar ishlari bo'yicha oliy komissari bilan hamkorlikda siyosatchilar va qonun chiqaruvchilar uchun "Fuqarosizlik holatlarini kamaytirish va unga barham berish borasida fuqarolikka doir qonuchilik sohasidagi ilg'or tajriba" nomli rahbariy qo'llanmani nashr ettirdi. Bu hujjat fuqarosizlik bilan bog'liq yangi holatlarning samarali oldini olish va uni kamaytirish uchun ko'maklashishga qaratilgan.
O'z navbatida, Inson huquqlari bo'yicha Milliy markaz tomonidan Parlamentlararo ittifoq tomonidan nashr qilingan “Inson huquqlari: Parlament a'zolari uchun qo'llanmasi” hamda “Parlamentlar va Barqaror rivojlanish maqsadlari” to'plamining o'zbek tilidagi nashrlari Qonunchilik palatasi deputatlari va Senat a'zolariga taqdim qilindi.
Maqola davomida qayd etilganidek, «Parlamentlararo ittifoq dunyodagi barcha parlamentlar bilan inson huquqlarini himoya qilish sohasida yaqin hamkorlikda ish olib boradi. Parlamentlararo ittifoq boshqa mamlakatlarga ularning parlamentlari tomonidan inson huquqlari to'g'risidagi konventsiyalar qabul qilinishi va ayni sohadagi milliy qonunlarga samarali implementatsiya qilinishi borasida ko'maklashadi. Ittifoq, shuningdek inson huquqlarini, ayniqsa, ayollar, bolalar, kam sonli millatlar va yerli xalqlar huquqlarini himoya qilish borasida parlament a'zolarining ko'nikmalarini oshirish maqsadida ularga axborot taqdim etadi, bilim beradi hamda treninglar o'tkazadi».
Parlamentlararo ittifoqi axboroti bilan Internetning quyidagi manzilida tanishish mumkin: https://www.ipu.org/news/news-in-brief/2020-05/ipu-welcomes-human-rights-efforts-uzbek-parliament.
Mirzatillo Tillabaev,
Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi
Milliy markazi direktorining birinchi o'rinbosari
("Yangi O'zbekiston" gazetasining 2020 yil 26 may soni)
- Qo'shildi: 26.05.2020
- Ko'rishlar: 4301
- Chop etish