O'zbekiston parlamenti inson huquqlarini ta'minlash masalasini tobora faollik bilan ilgari surmoqda. Xususan, 2018 yilda inson huquqlarining himoya qilinishi va BMT tavsiyalarining bajarilishi ustidan parlament nazoratini o'rnatish mexanizmi ishlab chiqildi. Oliy Majlis Qonunchilik palatasi BMT inson huquqlarini himoya qilish mexanizmlari bilan hamkorlik bo'yicha Harakatlar rejasini qabul qildi va o'z tarixida ilk bor inson huquqlari bo'yicha dastlabki parlament ma'ruzasini chop etdi.
Parlamentlararo ittifoqning rasmiy saytida 2020 yil 18 may kuni e'lon qilingan mazkur xalqaro tashkilot tomonidan O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining inson huquqlarini amalga oshirish sohasidagi ishlari tahlil etilgani va yuqori baholanganiga doir axborotda shu haqda so'z boradi. O'zbekistonning Birlashgan Millatlar Tashkiloti va boshqa xalqaro tashkilotlar bo'yicha Jenevadagi bo'limi Doimiy vakili Ulug'bek Lapasovning "Pravda Vostoka" gazetasining 2020 yil 26 may sonida e'lon qilingan maqolasida ushbu axborot atroflicha tahlil etilgan.
Maqola «Parlamentlararo ittifoq O'zbekiston Oliy Majlisining inson huquqlarini amalga oshirish sohasidagi ishlarini qutlaydi» («Межпарламентский союз приветствует усилия Олий Мажлиса Узбекистана по продвижению прав человека») deb nomlanadi. Unda O'zbekiston parlamentining Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi bilan yaqin hamkorlikda ish olib borayotgani xususida ham so'z yuritilgan.
Muallif Parlamentlararo ittifoqning axborotida «Bu hamkorlik mamlakatda inson huquqlari ta'minlanishi sohasida eng ko'p tilga olinadigan ikkita muammo bo'yicha amaliy yechim topish, ya'ni qiynoqlarning oldini olish mexanizmini yaratish va majburiy mehnatga barham berish choralarini ishlab chiqishda muhim rol` o'ynadi», deya qayd etilganiga alohida e'tibor qaratadi.
Parlamentlararo ittifoqi axboroti bilan Internetning quyidagi manzilida tanishish mumkin: https://www.ipu.org/news/news-in-brief/2020-05/ipu-welcomes-human-rights-efforts-uzbek-parliament.
Inson huquqlari bo'yicha
O'zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 27.05.2020
- Ko'rishlar: 4173
- Chop etish