7 fevral kuni Respublika Ma'naviyat va ma'rifat markazida “Prezident Murojaatnomasi – milliy yuksalish dasturi” mavzuida o'tkazilgan ma'rifiy anjumanda Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi xodimlari, shuningdek turli vazirliklar, tashkilot va idoralar, oliy o'quv yurtlari vakillari, “Ma'rifat” targ'ibotchilar jamiyati a'zolari hamda Toshkent shahridagi mahalla fuqarolar yig'inlari faollari ishtirok etdi.
Tadbirda ta'kidlanganidek, mamlakatimiz Prezidenti Shavkat Mirziyoevning joriy yil 24 yanvar kuni O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati va Qonunchilik palatasiga taqdim etgan navbatdagi Murojaatnomasi davlatimizning yaqin istiqboldagi rivojlanish strategiyasini belgilab bergan muhim dasturiy hujjatdir. Unda 2019 yilda erishilgan yutuqlar sarhisobi bilan bir qatorda 2020 yilda bajarilishi ko'zda tutilgan ustuvor vazifalar ham aniq bayon etilgan.
Ushbu vazifalarning ijrosi va samaradorligi ko'p jihatdan aholi, ayniqsa, yoshlar o'rtasida Prezident Murojaatnomasining mazmun-mohiyatini keng targ'ib qilish, shu orqali har bir yurtdoshimiz qalbida Vatan taqdiriga daxldorlik tuyg'usini kuchaytirish bilan uzviy aloqador.
Prezident Murojaatnomasi – milliy tiklanishdan milliy yuksalishga qadam qo'ygan xalqimizni chinakam ma'noda yuksalish pillapoyalari sari yetaklovchi dasturil amaldir. Uning mazmun-mohiyatini har bir yurtdoshimizning qalbiga yetkazishimiz, insonlarni faqatgina kuzatuvchi emas, balki mana shu jarayonlarning, islohotlarning faol bunyodkoriga aylantirishimiz kerak.
Davlatimiz rahbari ta'kidlaganidek, “Barchamiz bir tanu bir jon bo'lib, yakdil va ahil bo'lib harakat qilsak, halol-pok bo'lib, yaxshi niyat bilan mehnat qilsak, har qanday marralarni egallashga, boshqacha aytganda, tariximizning yangi sahifasini yaratishga qodir xalqmiz”.
Tadbirda Murojaatnomada ilgari surilgan g'oya va tashabbuslar atroflicha tahlil qilindi, uning mazmun-mohiyatini keng targ'ib etish bo'yicha taklif va tavsiyalar bildirildi.
Azizbek Ramazonov,
“Demokratlashtirish va inson huquqlari”
jurnali katta muharriri
- Qo'shildi: 09.02.2020
- Ko'rishlar: 4978
- Chop etish