11 noyabr` kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasi spikerining birinchi o'rinbosari Akmal Saidov ishtirokida prezident Shavkat Mirziyoevning SHHT sammitida bergan takliflari yuzasidan ommaviy axborot vositalari uchun brifing tashkil qilindi.
“Prezidentimiz bu yil to'rtinchi marta Shanxay hamkorlik tashkiloti rahbarlari sammitida ma'ruza bilan chiqdilar. Kechagi chiqishlarida 6 yo'nalishda tashabbuslar berildi. Iqtisodiy soha, raqamli jamiyat, kambag'allikka qarshi kurash, pandemiya davrida epidemiyalarga qarshi kurashdagi hamkorlik, terrorizm, ekstremizm va narkobiznesga munosabat hamda afg'on muammosini hal qilishda SHHTning roli haqida aytildi.
Shavkat Mirziyoev BMTning 75-yubiley sessiyasida Afg'oniston Markaziy Osiyoning tarkibiy qismi ekanligini aytgan edi. Sobiq sovet davrida uni Markaziy Osiyodan chiqarib qo'yganmiz. Prezidentimiz «Markaziy Osiyo bilan Janubiy Osiyo o'rtasida Afg'onistonning ko'prik vazifasini tiklash kerak»ligini aytdilar. Bu ham afg'on muammosini hal qilishda keng yondashuvning yana bir bor namoyon bo'lishidir.
Rossiya prezidenti Vladimir Putin ham Shavkat Mirziyoevning raqamli iqtisodiyot, Tog'li Qorabog' masalasidagi tashabbuslarini yuz foiz qo'llab-quvvatlashini ta'kidlab o'tdi.
Prezidentimiz tashqi siyosiy faoliyatining asosiy maqsadi va ustuvor yo'nalishi bu O'zbekiston milliy manfaatlarini himoya qilish va xalqaro maydonda olg'a surishdan iborat”, – dedi Qonunchilik palatasi spikerining birinchi o'rinbosari.
Shuningdek, Akmal Saidov O'zbekiston kambag'allikni qisqartirish bo'yicha Xitoy tajribasini o'rganishini ma'lum qildi.
Manba: kun.uz
- Qo'shildi: 12.11.2020
- Ko'rishlar: 3669
- Chop etish