Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi sizlarni 30 iyun – Yoshlar kuni bilan tabriklaydi.
Ushbu quvonchli bayram joriy yilda mamlakatimizda uchinchi bor nishonlanmoqda. Binobarin, O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev tashabbusi bilan ana shu muhim sananing ta'sis etilgani, avvalambor, yurtimizda keyingi davrda yoshlar bilan ishlash bo'yicha mutlaqo yangi tizim yaratilganining yorqin dalolati hisoblanadi.
Bu, shuningdek O'zbekiston yigit-qizlarining ijtimoiy faolligi, Vatan va xalq taqdiriga daxldorlik hissi kuchayib borayotganiga jamiyatimiz va davlatimiz tomonidan berilgan yuksak bahoning o'ziga xos amaliy ifodasidir. Zero, zamonaviy, demokratik O'zbekiston davlatini barpo etishda navqiron avlod vakillari munosib ishtirok etayotganini butun o'zbek xalqi chuqur minnatdorlik bilan e'tirof etmoqda.
Bugungi kunda jahon hamjamiyati, bir tomondan, mamlakatimizda olib borilayotgan yoshlarga doir davlat siyosati va uning amaliy natijalariga katta qiziqish bilan qarayotgan bo'lsa, ikkinchi tomondan, O'zbekistonning bu borada ilgari surayotgan tashabbuslarini xalqaro miqyosda qo'llab-quvvatlamoqda.
Xususan, BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida O'zbekiston Respublikasi Prezidenti taklifi bilan BMTning Yoshlar huquqlari to'g'risidagi xalqaro konventsiyasini ishlab chiqish tashabbusi ilgari surildi. Bundan tashqari, 2019 yil 7-8 oktyabr` kunlari Toshkent shahrida bo'lib o'tgan Islom hamkorlik tashkiloti Inson huquqlari bo'yicha mustaqil doimiy komissiyasi Oltinchi yillik seminarining Islom hamkorlik tashkilotiga a'zo davlatlarda yoshlar huquqlari to'g'risidagi Toshkent deklaratsiyasi qabul qilindi.
Joriy yilning 12-13 avgust kunlari, Yoshlar xalqaro kuniga bag'ishlab, Inson huquqlari bo'yicha Samarqand forumini videokonferentsiya shaklida o'tkazish rejalashtirilgan. Mazkur Forumda bildiriladigan taklif va tavsiyalar dunyo hamjamiyatining bugungi kunda insoniyat tarixida eng faol va eng ko'p sonli bo'lmish yoshlarning huquqlari, erkinliklari va manfaatlarini himoya qilishda muhim omil bo'lishiga ishonamiz.
Sizlarni Yoshlar kuni bilan yana bir bor samimiy tabriklab, barchangizga yangi yutuqlar, baxt va omadlar tilaymiz.
Inson huquqlari bo'yicha
O'zbekiston Respublikasi
Milliy markazi
- Qo'shildi: 30.06.2020
- Ko'rishlar: 4013
- Chop etish