14 may kuni O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o'rinbosari Akmal Saidov bilan Malayziya parlamenti Vakillar palatasi (Dewan Rakyat) Spikerining o'rinbosari Mohd Rashid bin Hasnon o'rtasida videokonferentsiya o'tkazildi, deb xabar bermoqda mfa.uz sayti. Ushbu onlayn-muloqot Kuala-Lumpur shahrida joylashgan mamlakatimiz Elchixonasi ko'magida tashkil etildi.
Suhbat asnosida O'zbekiston bilan Malayziya o'rtasidagi o'zaro munosabatlarning joriy holati haqida so'z bordi. O'zaro hamkorlik aloqalarini rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi.
Malayziya tomoni O'zbekistonda iqtisodiyotni yanada erkinlashtirish va modernizatsiya qilish hamda davlat boshqaruvi va qonun ijodkorligi sohalarini takomillashtirish borasida amalga oshirilayotgan keng ko'lamli islohotlarga yuksak baho berdi.
Tomonlar O'zbekistonda va Malayziyada koronavirus tarqalishiga qarshi kurashish doirasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar to'g'risida bir-birlari bilan axborot almashdilar. Har ikki tomon ayni yo'nalishda o'zaro hamkorlikda ish olib borishga tayyorligini bildirdi.
Muloqot asnosida siyosiy, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy va madaniy-gumanitar sohalardagi hamkorlikni kengaytirish bo'yicha mavjud salohiyatlarni ishga solishdan ikkala tomon ham manfaatdor ekani tasdiqlandi.
Malayziya tomoni kelgusida ikki mamlakat qonun chiqaruvchi organlari o'rtasidagi hamkorlik munosabatlarini rivojlantirish zarurligi haqidagi fikrni ma'qulladi. Parlamentlararo aloqalarning chuqurlashtirilishi barcha sohalar, jumladan, parlament va xalq diplomatiyasi yo'nalishlaridagi ikki tomonlama munosabatlarning jadallashishiga turtki bo'lishi ta'kidlandi.
Shuningdek, xalqaro va mintaqaviy siyosatga doir masalalar bo'yicha o'zaro fikr almashildi.
Muzokaralar yakunida O'zbekiston bilan Malayziya qonun chiqaruvchi organlari o'rtasidagi hamkorlikni faollashtirish to'g'risida kelishuvga erishildi.
Bundan tashqari joriy yil iyun oyining ikkinchi yarmida "Parlamentarizmni rivojlantirish: O'zbekiston va Malayziya tajribasi" mavzusida onlayn-forum tashkil etish haqida kelishib olindi.
Inson huquqlari bo'yicha
O'zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 15.05.2020
- Ko'rishlar: 4197
- Chop etish