SAMARQAND FORUMI: "Yoshlar-2020: global birdamlik, barqaror taraqqiyot va inson huquqlari"

Kuni kecha, 12-13 avgust kunlari bo'lib o'tgan Inson huquqlari bo'yicha Samarqand veb-forumi xuddi shu mavzuga bag'ishlandi.

Samarqand forumi ishida Birlashgan Millatlar Tashkiloti, Yevropada Xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti, Yevropa Kengashi, Islom Hamkorlik Tashkiloti, Shanxay hamkorlik tashkiloti, Mustaqil davlatlar hamdo'stligi, Afrika Ittifoqi tizimidagi yoshlar tuzilmalari rahbarlari, diplomatik korpus vakillari, inson huquqlari bo'yicha xalqaro, mintaqaviy va milliy institutlar, jahon yoshlar tashkilotlari hamda fuqarolik jamiyati institutlari vakillari, olimlar va ekspertlar ishtirok etdi.

Forumda O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati va Qonunchilik palatasi huzuridagi Yoshlar parlamentlari, Yoshlar ishlari bo'yicha agentlik, shuningdek mamlakatimizning barcha hududlaridan 30 dan ziyod yoshlar tashkiloti  vakillari va o'quvchi-talabalar ham qatnashdi. Samarqand veb-forumi ishtirokchilarining jami soni 1000 nafardan ortiq kishini tashkil etdi.

Samarqand forumining rasmiy ochilish marosimiga O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o'rinbosari, Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov bilan BMTning Narkotiklar va jinoyatga qarshi kurash bo'yicha boshqarmasi (YUNODS) mintaqaviy vakili, BMT Doimiy vakili vazifasini bajaruvchi Ashita Mittal moderatorlik qildi.

O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoevning Inson huquqlari bo'yicha Samarqand veb-forumi ishtirokchilariga tabrigini O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi Tanzila Norboeva o'qib eshittirdi.

        

Yoshlar - yangi g'oyalar va ijodiy ruhdagi sa'y-harakatlarni amalga oshiradigan beqiyos kuch

Prezident Shavkat Mirziyoev ta'kidlaganidek, "kelajakka intilib yashaydigan yosh avlod sayyoramizda farovon hayot va yuksak taraqqiyot barqaror bo'lishi uchun yangi g'oyalar va ijodiy ruhdagi sa'y-harakatlarni amalga oshiradigan beqiyos kuchdir". Bu fikrlar davlatimiz rahbarining Inson huquqlari bo'yicha Samarqand forumi ishtirokchilariga yo'llagan tabrigida yangradi.

Prezidentimiz o'z tabrigida Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibi Antoniu Guterrishga O'zbekistonning mazkur forumni o'tkazish to'g'risidagi tashabbusini qo'llab-quvvatlagani uchun chuqur minnatdorlik bildirdi.

O'zbekiston Prezidenti, shuningdek xalqaro anjuman ishida ishtirok etayotgan Birlashgan Millatlar Tashkiloti, YUNESKO, Xalqaro mehnat tashkiloti, Migratsiya bo'yicha xalqaro tashkilot, Parlamentlararo ittifoq, Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti, Shanxay hamkorlik tashkiloti, Mustaqil Davlatlar Hamdo'stligi, Islom hamkorlik tashkiloti vakillari va boshqa xalqaro sheriklarimizga tashakkur izhor etdi.

"BMTning Yoshlar strategiyasida ta'kidlanganidek, “yoshlar siymosida eng qimmatli va o'ta muhim resurslar mujassam topgan bo'lib, unga har qancha investitsiya kiritsa arziydi, chunki bu sarmoyalar bir necha barobar ziyoda bo'lib qaytadi”. Men g'oyat muhim ushbu fikrga to'liq qo'shilaman", deb qayd etdi o'z tabrigida O'zbekiston rahbari.

"Shu yilning boshidan buyon COVID-19 pandemiyasi bilan bog'liq vaziyat global hayot kun tartibidagi markaziy masala bo'lib kelmoqda. Yangi koronavirusning tarqalishi butun dunyoda jiddiy iqtisodiy va ijtimoiy oqibatlarga olib keldi. Aholi, birinchi galda yoshlar ana shu tahdidlarga javoban davlatlar hamda xalqaro hamjamiyat tomonidan keng ko'lamli chora-tadbirlar ko'rilishini talab etadigan ko'plab muammolarga to'qnash keldi.

Bunday sharoitda yoshlarning ovoziga quloq tutish juda muhimdir. Ularning dolzarb ehtiyojlarini ta'minlash, huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilishga qaratilgan milliy, mintaqaviy va global strategiya va dasturlarni ishlab chiqish hamda amalga oshirishda bevosita ishtirok etishlari uchun yoshlarga imkoniyat yaratib berish zarur", deyiladi O'zbekiston Prezidentining tabrigida.  

Tabrikda ta'kidlanganidek, "Aholisining yarmidan ziyodini yoshlar tashkil etadigan O'zbekistonda ularning huquq va erkinliklari, qonuniy manfaatlarini ta'minlash davlat siyosatining ustuvor yo'nalishi etib belgilangan".

Shu munosabat bilan, Prezidentimiz tabrigida qayd etilganidek, "BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida O'zbekiston tomonidan ilgari surilgan Yoshlar huquqlari to'g'risidagi konventsiyaning qabul qilinishi jahondagi ikki milliarddan ortiq yigit va qizlarning haq-huquqlarini ta'minlashda muhim ahamiyatga egadir. U yosh avlodni ma'rifiy ruhda tarbiyalash, ijtimoiy qo'llab-quvvatlash, ularning manfaatlarini himoya qilish, o'z salohiyatini ro'yobga chiqarishi uchun shart-sharoit yaratishdek ezgu maqsadlarga xizmat qiladi. Ushbu tashabbus xalqaro jamoatchilik tomonidan keng qo'llab-quvvatlanmoqda".

Davlatimiz rahbari, shuningdek "bugungi Forum ishtirokchilari ham ana shu tashabbusni qo'llab-quvvatlaydilar, hujjat loyihasini o'z amaliy takliflari bilan boyitadilar", deb ishonch bildirdi.

 

Yoshlar kelajakka katta havas bilan qaramoqda

BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish Inson huquqlari bo'yicha Samarqand veb-forumi ishtirokchilariga murojaat yo'lladi. Ushbbu murojaatni BMTning Narkotiklar va jinoyatga qarshi kurash bo'yicha boshqarmasi (YUNODS) mintaqaviy vakili, BMT Doimiy vakili vazifasini bajaruvchi Ashita Mittal o'qib eshittirdi.

BMT Bosh kotibi Inson huquqlari bo'yicha Samarqand veb-forumini tashkil etgani uchun O'zbekiston Hukumatiga minnatdorchilik bildirdi va ushbu forum Xalqaro yoshlar kunida o'tkazilayotganiga alohida e'tibor qaratdi. 

Samarqand forumi ishtirokchilarini BMT Inson huquqlari bo'yicha oliy komissari,  YUNESKO, BMTTD, BMT Aholishunoslik fondi (YUNFPA), Parlamentlararo ittifoq, YeXHT Parlament Assambleyasi, Osiyo Parlament Assambleyasi, SHHT, MDH, kabi nufuzli xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar rahbarlari hamda yuqori darajadagi vakillari ham qutladilar.

Jumladan, «mazkur Inson huquqlari bo'yicha Samarqand forumi - mintaqaning barcha navqiron insonlari uchun o'z tajribalarini o'rtoqlashishga qulay imkoniyat bo'lsa, hukumatlar vakillari uchun - ana shu yoshlarni tinglash imkoniyatidir. Bu barcha ishtirokchilar uchun barqaror rivojlanishga erishishda yoshlarning rolini oshirish yo'llarini izlash, bunda siyosat yoshlarning ehtiyojlari va ovozlarini hisobga olishini ta'minlash imkoniyati hamdir. Men teran, ochiq va samarali munozaralar uchun shunday sharoitni taqdim etgani uchun hukumat vakillariga minnatdorchilik bildiraman", deb ta'kidladi o'z murojaatida BMT Inson huquqlari bo'yicha oliy komissari Mishel` Bachelet.

"Biz inson huquqlari, ayniqsa, navqiron avlod huquqlari kundalik voqelikka aylanishiga erishmog'imiz uchun hali oldimizda olis yo'l turibdi", deb hisoblaydi YUNESKO Bosh direktori Odri Azule. "Ushbu huquqlarni hayotga joriy etish, yoshlar uchun yangi imkoniyatlar yaratish – YUNESKOning kelajak avlodga sodiqligi zamirida ayni shu haqiqatlar mujassam", deb qayd etdi u.

Parlamentlararo ittifoq Bosh kotibi Martin Chungongning fikricha, "jahon hamjamiyati kutilmagan muammolarni hal etishga harakat qilayotgan hozirgi davrda dunyoning ko'proq innovatsiyalar, ko'proq shiddat-shijoat va ko'proq g'oyalarga ehtiyoji kuchlidir. Yoshlarda ayni shu omillarning barchasi mavjud. Shu ma'noda, aytmoqchimanki, yoshlarning siyosatda ishtirok etishi - bu nafaqat amalga oshirilishi zarur bo'lgan huquq, ayni chog'da, bizning yalpi kelajakka tikadigan sarmoyamiz hamdir".

"Katta avlod vakillari yoshlarni jamiyat hayotining barcha sohalariga, umuman, jamiyatga keng jalb etishlari kerak", deb hisoblaydi Yevropada Xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti Parlament Assambleyasi prezidenti Georgiy Sereteli. Shuningdek, u yoshlar huquqlariga bag'ishlangan Samarqand forumi tashkilotchilari ushbu loyihani pandemiya davrida hayotga tatbiq eta olganlari juda muhim ekanini alohida e'tirof etdi.

"Yoshlar - har qanday demokratiyaning kelajagidir. Bugungi yoshlar - ertangi kunning yetakchilari va shu muhim omilning o'zi ham umumbashariy muammolarni hal etish yo'lida yangi g'oyalar tug'ilishi uchun asos bo'lishi mumkin", deb hisoblaydi Osiyo Parlament Assambleyasi Bosh kotibi Muhammad Rizo Majidiy. Shu munosabat bilan u BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida "Yoshlar huquqlari to'g'risidagi xalqaro konventsiyani ishlab chiqish va qabul qilish"ga doir tashabbusni ilgari surgani uchun O'zbekiston Prezidentiga minnatdorchilik bildirdi.

MDH Ijroiya qo'mitasi raisi – Ijrochi kotibi Sergey Lebedev O'zbekiston Respublikasining inson huquqlari sohasida naqadar faol ish olib borayotganiga Samarqand forumi yaqqol misol bo'la oladi, deb ta'kidladi. Shuningdek, "Barchamiz yaxshi bilamizki, yoshlar - bizning kelajagimiz. Ammo, ular faqat kelajagimizgina emas. Biz navqiron insonlarning tinchlik va xavfsizlikni ta'minlash, iqtisodiy va ijtimoiy rivojlanish, insonparvarlik faoliyati sohalaridagi muhim hamda ijobiy hissalarini munosib darajada e'tirof etamiz", deb qayd etdi S.Lebedev.

YeXHT Bosh kotibi vazifasini bajaruvchi, Nizolarning oldini olish markazi direktori Tuula Yuryolya "Yoshlarni faoliyatga jalb etish - bu nafaqat inklyuziv natija, ayni chog'da, tinchlik va xavfsizlikning barqarorligi hamdir. Shu sababli kun tartibidagi yoshlar, tinchlik va xavfsizlik sohalari mavzusi muhokamalari butun dunyoni qamrayotganini ma'qullayman", deb ta'kidladi. YeXHT vakili ushbu muhim mavzuga doir tashabbus bilan chiqqani uchun O'zbekiston Hukumatiga minnatdorlik bildirdi.

YeXHT Demokratik institutlar va inson huquqlari bo'yicha byurosi direktorining birinchi o'rinbosari Katarjina Gardapxadze o'z chiqishida O'zbekistonda islohotlar doirasida katta sa'y-harakatlar amalga oshirilayotganini yuqori baholadi. Shuningdek, "Yoshlar hamisha ana shu barcha islohotlarning markazida turishini ta'minlash juda muhimdir. Shuningdek, biz forumda Yoshlar huquqlari bo'yicha xalqaro konventsiya loyihasi muhokama qilinishini yuqori baholaymiz va bu jarayonda ko'mak berishga tayyormiz", deb ta'kidladi u.

 

Inson huquqlari bo'yicha mintaqaviy hujjatlardan - global Konventsiya sari

Samarqand forumi ishtirokchilari Yoshlar huquqlari bo'yicha xalqaro konventsiya loyihasini atroflicha muhokama qildilar. Mazkur xalqaro konventsiyani ishlab chiqish va qabul qilish tashabbusi O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev tomonidan BMTning 72-sessiyasida ilgari surilgan.

Samarqand forumi davomida Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov qayd etganidek, bunday Konventsiyaning zarurati bugungi kun voqeliklari va talablari, sohada o'z yechimini kutayotgan masalalar bilan o'zaro bog'liq va hamohangdir.

Birinchidan, yoshlarning hozirgi avlodi dunyo tarixi bo'yicha olib qaraganda eng ko'p sonlisi hisoblanadi, ammo ularning jamiyat va davlat hayotida faol ishtirok etishini ta'minlashga yetarli e'tibor qaratilmayapti.

Ikkinchidan, yosh avlod ijtimoiy sub'ekt sifatida davlat va jamiyatning har tomonlama — yoshlarni rivojlantirishga yo'naltirilgan muayyan resurslarni ajratish, davlat yoshlar siyosatining inson huquqlari bilan bog'liq zamonaviy infratuzilmasini yaratish kabi qo'llab-quvvatloviga muhtoj.

Uchinchidan, aholining yoshlar qatlami uchun yosh chegarasining xalqaro mezonlarini ishlab chiqish va buni yoshlar huquqlari hamda ularni ta'minlash bo'yicha davlat majburiyatlari o'rnatilgan xalqaro hujjatda belgilash muhim ahamiyatga ega bo'lgani holda, hozirgacha bunday hujjat mavjud emas.

To'rtinchidan, bugungi kunda BMTning Barqaror rivojlanish maqsadlari hamda BMTning “Yoshlar — 2030” yoshlar strategiyasi hayotga izchil tatbiq etilmoqda. Lekin hamon belgilangan aniq maqsadlar va mezon ko'rsatkichlari bo'yicha yoshlarning rivojlanish istiqbollarini namoyon etuvchi zamonaviy xalqaro model yaratilmagan.

YeXHTning O'zbekistondagi Loyihalari muvofiqlashtiruvchisi elchi Jon MakGregor bilan O'zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri o'rinbosari elchi Sherzod Asadov moderatorlik qilgan Samarqand forumining birinchi yalpi majlisida shu haqda so'z bordi. Shuningdek, yoshlar huquqlari bo'yicha xalqaro standartlarni ishlab chiqish masalalari muhokama qilindi. ushbu sessiyada dastlab yoshlar huquqlari sohasidagi mavjud halqaro-huquqiy vositalar va mexanizmlar ko'rib chiqildi.

Bugun dunyoda yoshlar aholining misli ko'rilmagan darajada ko'pchiligini, ya'ni 2 milliarddan ziyod qismini tashkil qilmoqda. Bu aksariyat mamlakatlarda, jumladan O'zbekistonda ham, aholining o'sib boradigan katta qismi yoshlardan iborat,  deganidir. Shu ma'noda, yoshlarning barcha huquqlarini, xususan, iqtisodiy, ijtimoiy, madaniy, fuqarolik va siyosiy huquqlarni himoya qilish va amalga oshirishni ta'minlash uchun yanada ko'proq harakat qilish lozim.

Ammo, ushbu sohada majburiy mazmunga ega muayyan xalqaro hujjat haligacha qabul qilinmagan. Bu esa yoshlarga oid davlat siyosatining zamonaviy qonunchilik bazasini shakllantirishni murakkablashtirmoqda. Shu bilan birga, aholining yoshlar qismiga kimlar mansubligini aniqlash bo'yicha xalqaro mezonlarni ishlab chiqish zaruriyati mavjud.

Xalqaro anjuman ishtirokchilari fikricha, Yoshlar huquqlari bo'yicha xalqaro konventsiya - tom ma'nodagi yangi hujjat bo'lib, unda yoshlarning hozirgi zamonda dunyo miqyosida e'tirof etilishi zarur bo'lgan huquqlari o'z aksini topgan. Eng asosiysi, Konventsiyada "yoshlar siyosati" tushunchasi mohiyatiga hayotning turli soha va tarmoqlari: davlat va xususiy sektor, shuningdek nodavlat tashkilotlarning yoshlarga qaratilgan faol faoliyatiga doir siyosat sifatida keng ma'no singdirilgan.

Shanxay hamkorlik tashkiloti Bosh kotibi Vladimir Norov Yoshlar huquqlari bo'yicha xalqaro konventsiya loyihasi muhokamasi haqida to'xtalib, "ushbu Konventsiyaning BMT Bosh Assambleyasining yaqin oradagi sessiyasida qabul qilinishi davlatlar va butun jahon hamjamiyati oldida turgan da'vatlarga o'z vaqtida va amaliy tarzda berilgan javob, shuningdek yoshlarning uyg'un rivojlanishi, ularning ulkan salohiyatidan mamlakatlarimiz farovonligi va barqaror rivojlanishini ta'minlash hamda pandemiyaning salbiy asoratlarini yengib o'tishda foydalanish uchun qulay imkoniyat bo'lur edi", degan fikrlarni bildirdi.

 

Yoshlar va ta'lim, tinchlik, xavfsizlik

Samarqand forumining ikkinchi yalpi majlisida yoshlar huquqlari va barqaror rivojlanish maqsadlari diqqat markazida bo'ldi. Ushbu sessiyaga BMT Taraqqiyot dasturining O'zbekistondagi doimiy vakili Matilda Dimovska bilan "YUKSALISH" umummilliy harakati raisi Bobur Bekmurodov moderatorlik qildi.

Qizg'in munozaralar doirasida BMT Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishda yoshlarning roli qanday bo'lishi kerak, degan savolga javoblar izlandi. Shuningdek, yoshlar huquqlarini amalga oshirishda uchrayotgan asosiy muammolar atroflicha tahlil qilindi.

Anjumanning uchinchi yalpi majlisida yoshlar uchun inson huquqlari bo'yicha ta'lim masalalari muhokama qilindi. Mazkur sessiyaga BMT Aholishunoslik fondining (YUNFPA) O'zbekistondagi vakili va Tojikistondagi vakolatxonasi rahbari Yu Yu bilan Toshkent davlat yuridik universiteti rektori Rahim Hakimov moderatorlik qildi.

Ishtirokchilar yoshlarga inson huquqlari sohasida ta'lim berish bo'yicha xalqaro tajribani tahlil qildilar. Munozaralar asnosida dunyo yoshlarining inson huquqlari borasidagi savodxonligini oshirish zarurligi ta'kidlandi.

BMT Inson huquqlari bo'yicha oliy komissari Boshqarmasi vakili Paulina Tandiono o'z chiqishida qayd etganidek, "Inson huquqlari sohasidagi ta'lim yoshlarning huquq va imkoniyatlarini kengaytirish, ularni rivojlantirish va jamiyat hayotiga jalb etishning kalitidir".

Ayni yo'nalishda amaliy taklif va tavsiyalar ishlab chiqildi. Binobarin, Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish bugungi va ertangi yoshlarga bevosita bog'liq.

To'rtinchi yalpi majlis "Tinchlik va xavfsizlikni ilgari surishda yoshlarning roli: 2030 yilgacha yanada xavfsizroq kelajakka nazar" degan mavzu muhokamasiga bag'ishlandi.

YEXHTning Yoshlar ishlari bo'yicha maslahatchisi Anastasiya Fusko bilan O'zbekiston Yoshlar ishlari agentligi direktori Alisher Sa'dullaev moderatorligida o'tgan ushbu sessiyada xavfsizlik va hamkorlik masalalariga har tomonlama yondashuvni mustahkamlashda yoshlarning o'rni hamda ahamiyatini yoritish masalalari ko'rib chiqildi.

 

Forumning yakuniy hujjati: Samarqand rezolyutsiyasi

Samarqand forumida ta'kidlanganidek, BMT doirasida va undan tashqarida yoshlar masalasi tez-tez muhokama markaziga qo'yilmoqda. Ammo, global rivojlanish davrida oldinga qarab bir necha qadam, natijali qadamlar qo'yish zarurati mavjud.

Shu nuqtai nazardan, ishtirokchilarning baholashicha, Samarqand veb-forumi yer yuzidagi yoshlarning hayotini yaxshilash uchun global hamkorlikning muhimligini alohida ta'kidlashga qaratilgani bilan g'oyatda ahamiyatlidir.

Bunda, ayniqsa, BMT Yoshlar huquqlari bo'yicha xalqaro konventsiyasining qabul qilinishi kelgusida jahondagi barcha davlatlar yoshlar masalalariga bo'lgan e'tiborni tubdan oshirishiga xizmat qilishi alohida ta'kidlandi.  Yoshlarning alohida huquqlariga jiddiy e'tibor qaratilishi, o'z navbatida, navqiron avlod vakillariga manzilli ko'mak ko'rsatishda ulkan omil bo'ladi.

Ushbu xalqaro hujjatning maqsadi - dunyo bo'yicha yoshlarning ehtiyojlarini qondirish, yoshlarning eng maqbul qiziqishlari, erkinliklari va huquqlari kafolati hamda salohiyatini mustahkamlash uchun xalqaro, mintaqaviy va milliy darajadagi sa'y-harakatlarni kuchaytirishdan iborat.

Xuddi shunday istiqbolli tashabbuslar va amaliy taklif-tavsiyalar xalqaro anjumanning yakuniy hujjati loyihasidan ham joy olgan. Ishtirokchilar uni tasdiqlash yuzasidan atroflicha fikr almashdilar.

Bu borada   O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o'rinbosari Akmal Saidov,  BMT Inson huquqlari bo'yicha Oliy komissari Boshqarmasining Markaziy Osiyo bo'yicha mintaqaviy vakili Rishard Komenda, YEXHTning O'zbekistondagi Loyihalari muvofiqlashtiruvchisi elchi Jon MakGregor, BMTning Narkotiklar va jinoyatga qarshi kurash bo'yicha boshqarmasining mintaqaviy vakili Ashita Mittal va boshqalarning chiqishlari tinglandi.

Xalqaro anjuman nihoyasida  "Yoshlar-2020: global birdamlik, barqaror taraqqiyot va inson huquqlari" nomli Samarqand rezolyutsiyasi qabul qilindi.

Samarqand forumining bevosita tashabbuskori O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoevga tadbir ishtirokchilari va jahon yoshlariga yo'llagan samimiy tilaklari uchun chuqur minnatdorchilik bildirildi.

Xalqaro anjuman to'rt tilda - o'zbek, ingliz, frantsuz va rus tillarida olib borildi. Uning yakunida dunyoning turli mamlakatlaridan yo'llangan tabrik va ezgu tilaklar, taklif va tavsiyalar tinglandi. Samarqand forumiga kelib tushgan savollarga javoblar qaytarildi.

Samarqand veb-forumi ishtirokchilari xalqaro anjumanga puxta tayyorgarlik ko'rilganini alohida qayd etdilar. Bu, o'z navbatida, munozara va muhokamalar samaradorligini, umuman, xalqaro anjumanning yuqori saviyada o'tishini ta'minlagani e'tirof etildi.

G'ulom Mirzaev,
Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi
Milliy markazi direktorining matbuot kotibi
("Kuch - adolatda" gazetasi, 2020 yil 14 avgust)

Powered by GSpeech