Mazkur tanlov Dasturiy mahsulotlar va axborot texnologiyalari texnologik parki direksiyasi tomonidan Raqamli texnologiyalar vazirligi koʻmagida 2023-yildan boshlab oʻtkazib kelinmoqda. Uning umumiy mukofot jamgʻarmasi 1 million dollarni tashkil etadi.
Tanlovda sunʼiy intellekt, ijtimoiy texnologiyalar, MicroSaaS va AdTech, moliyaviy texnologiyalar va tadbirkorlik, oʻyin dasturlari hamda maxsus yoʻnalish – xakaton boʻyicha eng namunali loyihalar tanlab olinadi.
Ilk tashkil etilgan tanlovda toʻrt mingdan ziyod ishtirokchi qatnashgan boʻlsa, 2025-yilga kelib, ishtirokchilarning soni olti mingga yaqinlashdi. Jamoalarning soni esa 444 tadan 862 taga yetdi.
Davlatimiz rahbariga tanlov gʻoliblari oʻzlarining startap loyihalari, ularning afzalliklari va amaliy samarasi xususida soʻzlab berdi.
– Biz kichik startaplar katta-katta loyihalarga, daromadli biznesga aylanishi uchun zarur sharoitlarni yaratib berishga tayyormiz. Buning uchun har bir startapchi bilan muloqot qilish, unga kerakli yordamni koʻrsatish lozim, – dedi Prezident.
Yoshlarning qiziqishlarini qoʻllab-quvvatlash orqali kelajak kasblariga zamin yaratilayotgani, dunyo davlatlari ham yoshlarning startap loyihalariga alohida qiziqish bildirayotgani taʼkidlandi.
Prezidentimiz startap loyihalarni qoʻllab-quvvatlashga mablagʻlar yanada koʻpaytirilishini aytib, yoshlar oʻzlarining yangicha qarashlari va gʻoyalari bilan yana qaysi soha va yoʻnalishlarda izlanishi kerakligi yuzasidan tavsiyalarini berdi.
“Yangi Oʻzbekiston” va “Pravda Vostoka” gazetalari tahririyati
Ўзбекча
English
Русский