«Hammamizga ayonki, biror davlat yakka holda ushbu pandemiya balosiga qarshi samarali kurash olib bora olmaydi. Biz birdamlik, hamkorlik va o'zaro g'amxo'rlik tamoyillari asosida ish tutishimiz lozim. Biz birgalikda ko'p narsaga qodirmiz».
Ushbu iqtibos O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoevning 2020 yil 10 aprel kuni Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashining koronavirus infektsiyasi tarqalishiga qarshi kurashishda hamkorlikni kuchaytirish va sa'y-harakatlarni birlashtirish uchun videoanjuman tarzida o'tkazilgan navbatdan tashqari sammitida so'zlagan nutqidan olindi.
Sammit kun tartibiga muvofiq, dastlab pandemiyaga qarshi kurashish borasida mamlakatlarda ko'rilayotgan birinchi navbatdagi chora-tadbirlar to'g'risida fikr almashildi. Davlatimiz rahbari O'zbekistonda koronavirusga qarshi olib borilayotgan mislsiz kurash tajribasi bilan o'rtoqlashdi.
O'zbekiston Prezidenti Jahon sog'liqni saqlash tashkilotining tavsiya va talablariga muvofiq joriy etilgan karantin choralari to'g'risida alohida to'xtaldi. "Avvalambor, dunyoning ko'plab davlatlarida koronavirusning tez tarqalishi bilan bog'liq bugungi vaziyat biz O'zbekistonda karantin va aholini besabab ko'chaga chiqmaslik rejimini o'z vaqtida joriy etganimizni isbotlaganini ta'kidlamoqchiman", dedi mamlakatimiz rahbari.
O'zbekistonning bu boradagi yana bir yutug'i shundaki, infektsiya tarqalishini deyarli bir oy davomida sekinlashtirib, bu vaqtdan davolash o'rinlarini ko'paytirish, chet davlatlarning davolash tajribasini o'rganish va joriy qilishda unumli foydalanildi.
Shu bilan birga, mamlakatimiz ushbu illatga qarshi kurashishda xalqaro hamjamiyat bilan samarali hamkorlik qilyapti. Xususan, koronavirusga chalingan bemorlarni davolashda Janubiy Koreya, Xitoy, Rossiya, Isroil va Germaniyaning yuqori malakali shifokorlari bilan muntazam tajriba almashinib, ularning eng ilg'or amaliyoti tele-meditsina orqali keng qo'llanilmoqda.
Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashining aynan shu masalaga bag'ishlangan sammitida O'zbekistonning faol ishtirok etgani bu hamkorlik izchil davom etayotganini yana bir bor tasdiqlaydi. Anjumanda koronavirusga qarshi kurashishda tajriba va eng namunali amaliyot almashish maqsadida yaqindan hamkorlik qilish, savdo-iqtisodiy, investitsiya va transport-kommunikatsiya sohalaridagi qo'shma loyihalarni muvofiqlashtirish va qo'llab-quvvatlash muhim ekani ta'kidlandi.
Koronavirus pandemiyasi qisqa vaqt ichida jahon hamjamiyati oldida ko'ndalang turgan global muammoga aylanib ulgurdi. Bu virus, afsuski, Yer yuzi bo'ylab shiddat bilan tarqalib bormoqda va tobora ko'proq hududlarni o'z changaliga tortmoqda. Yanada tashvishli tomoni shundaki, bu yalpi kulfatning oldini olish, nazorat qilish va davolash ishlari juda murakkabdir.
Bu - insoniyat o'z uzoq tarixida ilk bor duch kelgan bemisl global inqiroz. Bu - bashariyatning yashab qolishi uchun kurash yo'lidagi matonatli sinov. Bu, ta'bir joiz bo'lsa, barchamizni Yaratganning mukarram bandasi bo'lmish inson zoti hayotining qadriga yetishga o'rgatadigan jiddiy saboq.
Ushbu xatarli ofat, jahonning barcha mamlakatlari qatori, 160 milliondan ortiq aholiga ega bo'lgan turkiy tilli davlatlarni ham chetlab o'tmadi. Shu ma'noda, Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashi sammitida bu boradagi hamkorlikning ustuvor yo'nalishlari atroflicha muhokama qilingani bejiz emas.
Biz butun dunyoda COVID-19 virusi pandemiyasi tufayli g'am-tashvish chekayotgan barcha insonlarga hamdardmiz. Shunday og'ir bir davrda hukumatlar, xalqaro tashkilotlar sog'liqni saqlash sohasi mutaxassislari, fuqarolik jamiyati faollari, volontyorlik harakati vakillarining insonlar sog'lig'i va hayotini himoya qilish bo'yicha ta'sirchan strategiya ishlab chiqish hamda amalga oshirish borasidagi sa'y-harakatlarini qo'llab-quvvatlaymiz.
Sammitda infektsiyaning keng tarqalishining oldini olish bo'yicha ta'sirchan va keng qamrovli chora-tadbirlarni ishlab chiqish, sog'liqni saqlash tizimlari salohiyatini mustahkamlash, iqtisodiyotning muhim tarmoqlari va nisbatan zaif sohalari uchun oqibatlarni yumshatish, ochiq xalqaro muloqotni yo'lga qo'yish alohida ahamiyatga ega ekani qayd etildi. Prezident Shavkat Mirziyoev ta'kidlaganidek, "yuzaga kelgan qaltis vaziyat nafaqat milliy, balki mintaqaviy va xalqaro miqyosda zudlik bilan ta'sirchan chora-tadbirlar ko'rishni talab etmoqda".
Shularni inobatga olgan holda, davlatimiz rahbari beshta aniq taklifni bildirdi.
Birinchi taklif - Turkiy Kengash doirasida doimiy faoliyat ko'rsatadigan qo'shma epidemiologik kuzatuv tizimini shakllantirish zarur.
Ikkinchi taklif - turkiy tilli davlatlarning sog'liqni saqlash vazirliklari o'rtasida o'ta xavfli yuqumli kasalliklar tarqalishining oldini olish, diagnostika, davolash, epidemiologik holatni o'rganish va ilmiy izlanishlar bo'yicha ma'lumot va tajriba almashuvni keng yo'lga qo'yish lozim.
Jumladan, hozirgi vaziyatdan kelib chiqqan holda, turkiy tilli davlatlar yetakchi mutaxassislari ishtirokida tez kunlarda birinchi video-konferentsiyani o'tkazish tavsiya qilindi.
Uchinchi taklif - Turkiy Kengash kotibiyatida pandemiyaga qarshi kurashish bo'yicha maxsus muvofiqlashtiruvchi guruh tuzish lozim. Ushbu guruh davlatlarimizda faoliyat yuritayotgan milliy shtablar bilan yaqin amaliy aloqalar o'rnatishi kerak.
Davlatimiz rahbarining fikricha, mamlakatlarimizda olib borilayotgan sa'y-harakatlarni tezkor yoritish, o'zaro tajriba almashish va undan keng foydalanish uchun alohida ma'lumotlar bazasini yaratish ham maqsadga muvofiqdir.
To'rtinchi taklif - hozirgi g'oyat murakkab sharoitda qardosh xalqlarimizni zarur oziq-ovqat va meva-sabzavot, dori-darmon, tibbiyot mahsulotlari bilan uzluksiz ta'minlash maqsadida yuk tashish va transport kommunikatsiyalaridan keng foydalanish, chegara punktlarida transport vositalarining o'zaro harakatlanishiga amaliy yordam ko'rsatish zarur.
Bunda O'zbekiston Prezidenti transport va logistika sohalarida yuzaga kelayotgan muammolarni tezkor hal etish va samarali muvofiqlashtirish maqsadida turkiy tilli davlatlar transport vazirlaridan iborat Ishchi guruhini tashkil etish lozimligiga e'tiborni qaratdi.
Beshinchi taklif - koronavirus talafotlarini yumshatishda xalqaro tashkilotlar ko'magi juda muhimligini hisobga olib, Jahon sog'liqni saqlash tashkilotining maqomi va vakolatlarini yanada oshirish, ushbu nufuzli tashkilot va Turkiy Kengash o'rtasida sheriklik aloqalarini o'rnatish darkor.
Ushbu takliflarning barchasi ma'qullandi. Ular sammitning yakuniy hujjati – Boku deklaratsiyasiga kiritildi.
Sammit ishtirokchilari tomonidan hozirgi vaqtda butun dunyoda katta tashvish va xavotir uyg'otayotgan koronavirus pandemiyasiga bag'ishlangan videomuloqot favqulodda muhim va dolzarb ahamiyatga ega ekani e'tirof etildi. Turkiy tilli davlatlar boshliqlarining ta'kidlashicha, mazkur sammit koronavirus pandemiyasi bilan kurashda o'zaro birdamlikni kuchaytiradi.
O'zbekiston Prezidenti ta'biri bilan aytganda, butun dunyoning boshiga tushgan bu murakkab sinovdan biz, Xudo xohlasa, yanada kuchli bo'lib, bir-birimizga mehrimiz yanada ziyoda bo'lib, albatta yorug' yuz bilan o'tib olamiz.
G'ulom Mirzo
- Qo'shildi: 13.04.2020
- Ko'rishlar: 4306
- Chop etish