Sizlarni 27 iyun – Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni bilan samimiy tabriklayman.
Bugun har qachongidan ham ko'proq g'ayrat va qat'iyat, shijoat va ijodiy izlanish bilan mehnat qiladigan vaqt. Mamlakatimizda ommaviy axborot vositalari xodimlarini har jihatdan qo'llab-quvvatlash, mashaqqatli va halol mehnatini e'zozlash masalasi muhtaram Prezidentimizning doimiy e'tiborida turibdi.
Keyingi uch yilda bu borada o'ndan ziyod qonun hujjatlari qabul qilingani ham bu fikrni tasdiqlaydi. O'z navbatida, zimmangizdagi ijtimoiy mas'uliyatni teran anglab, Vatanimiz, xalqimiz, navqiron avlodimiz manfaatlari yo'lida sadoqat bilan xizmat qilayotganingiz uchun sizlarga minnatdorlik izhor etaman.
Dunyoni larzaga solgan koronavirus pandemiyasi sharoitida qo'lingiz va ko'nglingiz ishu ijoddan sovimaganiga shukrlar bo'lsin. Sizlar talabchanu didli zamondoshlarimizga behisob axborot oqimini qiziqarli va sermazmun, zamonaviy va rang-barang shakllarda taqdim etib kelayotganingiz uchun alohida tashakkurimni qabul qilgaysiz.
Behbudiy bobomizning ma'rifat uchun maktabu maorifdan tashqari matbuot ham zarur ekaniga doir mana bu so'zlarini esga olish joiz: "Millat uchun oyna kerak, toki unda o'z qabohatini ham, malohatini ham ko'ra olsin".
Bugungi kunda bu oyna, ya'ni ko'zgu milliy media maydonda zamonning o'tkir talab va mezonlari, eng muhim tendentsiyalarini ochib berish, tanqidiy tahlil, odamlar kutayotgan mavzu va muammolarni dadillik bilan o'rtaga tashlash tezroq yetakchi o'rinni egallashi uchun ham nihoyatda kerakdir.
Qadrli do'stlar va hamkasblar,
Sizlarning kasb bayramingiz arafasida, 2020 yil 22 iyun` kuni Prezidentimizning "Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasining Milliy strategiyasini tasdiqlash to'g'risida"gi farmoni imzolandi. Inson huquqlari bo'yicha milliy strategiyaning mazmun-mohiyati, ahamiyati, maqsadi va vazifalarini keng jamoatchiligimizga va jahon ahliga atroflicha tushuntirib berishda sizlarning xolis yordamingizga tayanamiz. Milliy strategiya ijrosi bilan bog'liq jarayonlar izchil va tizimli, xolis va haqqoniy, tahliliy va, albatta, tanqidiy asosda yoritib borilishidan manfaatdormiz.
Sizlarni yana bir bor kasb bayramingiz bilan tabriklayman.
Ma'rifatparvar ajdodlarimizning hikmatlari, xislatlari va ibratlari hamisha yo'lingizni yo'lchi yulduzdek yoritib turishiga tilakdoshman.
Barchangizga chuqur hurmatim va ezgu tilaklarimni bildiraman.
Ehtirom ila,
Akmal Saidov,
Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston
Respublikasi Milliy markazi direktori
- Qo'shildi: 27.06.2020
- Ko'rishlar: 4428
- Chop etish