Aholi murojaatlari bilan ishlash tizimi yangi bosqichga olib chiqiladi

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida aholi murojaatlari bilan ishlash tizimini takomillashtirish, Xalq qabulxonalari faoliyatini yangi bosqichga olib chiqish va jamoatchilik fikrini chuqur tahlil qilish masalalari yuzasidan videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Ta’kidlanganidek, yurtimiz nufusi 38 milliondan oshdi, so‘nggi to‘qqiz yilda aholi daromadi ikki karra ko‘paydi. Xalqimiz og‘irini yengil qilish, uni o‘ylantirayotgan masalalarga yechim topish bo‘yicha vazir va hokimlar mahalla darajasida ishlaydigan tizim yaratildi. Joriy yilda ham mahallalarda infratuzilma va aholi turmushini yaxshilashga 56 trillion so‘m ajratilmoqda.

Davlatimiz rahbari shuncha imkoniyat bo‘la turib, aholi ko‘tarayotgan masalalarga hamma joyda ham o‘z vaqtida yechim topib berilmayotganini ko‘rsatib o‘tdi.

– Bundan to‘qqiz yil oldin Xalq qabulxonalari tashkil qilinganda bitta maqsad qo‘yilgan edi: davlat idoralarini xalqqa yaqinlashtirish. To‘g‘ri, Xalq qabulxonalari o‘z vaqtida samarali ishladi. Lekin bu idorani ham odamlarning bugungi talabiga mos holda o‘zgartiradigan vaqt keldi, – dedi Prezidentimiz.

Yig‘ilishda bundan buyon “Har bir inson va xonadon muammosini bilib, vaqtida ko‘mak berishim kerak” degan shior barcha darajalardagi rahbarlar faoliyatida bosh qoida bo‘lishi shartligi qayd etildi.

Prezidentimiz aholi murojaatlari bilan ishlashning joriy holatini tahlil qildi.

Mamlakatimizda har o‘n ming kishiga o‘rtacha 319 ta ariza va shikoyat to‘g‘ri kelmoqda. Biroq bu ko‘rsatkich Toshkent shahrida 535 ta, Navoiy viloyatida 462 ta, Sirdaryo va Surxondaryoda 452 tadan, Jizzaxda 430 ta, Qashqadaryoda 368 ta, Toshkent viloyatida 350 tani tashkil qilmoqda.

Dehqonobod, Mirobod tumanlari, Navoiy, Ohangaron va Yangiyer shaharlarida har o‘n ming aholiga to‘g‘ri keladigan arizalar soni boshqa hududlarga nisbatan ikki barobar yuqori ekani ko‘rsatib o‘tildi.

Shuningdek, respublika bo‘yicha murojaatlar soni 16 foizga kamaygan bo‘lsa-da, Qorovulbozor, Nurota, Konimex, Tuproqqal’a tumanlari va Namangan shahrida mazkur ko‘rsatkich o‘tgan yilga nisbatan 50 foizgacha oshgani ko‘rsatib o‘tildi. Qator tuman va shaharlarda hokimlar va idoralar mutasaddilarida sayyor va shaxsiy qabullar o‘tkazishga yuzaki qarash saqlanib qolayotgani qayd etilib, bunday yondashuv qat’iy tanqid ostiga olindi.

O‘tgan yili Xalq qabulxonalariga hokimlarning o‘zi rahbarlik qilishi belgilangan edi. Qoraqalpog‘iston, Andijon, Qashqadaryo, Xorazm va Sirdaryoda rahbarlarning shaxsan shug‘ullangani natijasida murojaatlar 25-30 foizga kamaygani, aholi ko‘targan masalalarning 60-70 foizi ijobiy hal bo‘layotgani ta’kidlandi.

Lekin boshqa hududlarda bu borada keskin o‘zgarish qilinmagani ko‘rsatib o‘tildi. Masalan, Toshkent shahridagi 170 ming va Toshkent viloyatidagi 110 ming murojaatning yarmidan ko‘pi yechimini topmagan. Surxondaryo, Samarqand va Toshkent shahrida takroriy murojaatlar ko‘paygan.

Shu ma’noda, Xalq qabulxonalariga kelib tushgan murojaatlar o‘z vaqtida hal etilmasdan, ijtimoiy tarmoqlarda rezonans keltirib chiqarganidan keyingina chora ko‘rilishi aholining davlat idoralariga bo‘lgan ishonchiga salbiy ta’sir ko‘rsatayotgani qayd etildi.

Yig‘ilishda aholidan eng ko‘p murojaatlar yuborilayotgan sohalar va ularga mas’ul idoralar faoliyati, shu jumladan ichki ishlar, majburiy ijro, sog‘liqni saqlash, bandlik, ijtimoiy himoya, energetika, infratuzilma va boshqa masalalar muhokama qilindi.

Masalan, o‘tgan yili aliment bilan bog‘liq 70 mingta murojaat kelib tushgan. Majburiy ijro byurosi ariza tushganda undirish chorasini ko‘rayotgan bo‘lsa-da, aliment to‘lovchining rasmiy daromadi bo‘lmagani uchun murojaatlarning 30 foizi hal bo‘lmay qolmoqda.

Bu borada aliment to‘lovchilarning qanchasi kasbga ega bo‘la turib ishsiz yurgani, qanchasini o‘qitish kerakligini tahlil qilishmayotgani, shu asosda bandlik bo‘limlari va “mahalla yettiligi” bilan yaqin hamkorlikda ish tashkil qilish muhim ekani qayd etildi.

Tashkiliy migratsiya asosida odamlarni o‘qitib, xorijdagi yuqori daromadli ish o‘rinlariga yuborish tizimi yaratilgan, lekin aliment majburiyati bor fuqarolar bu imkoniyatdan foydalana olmaydi. Aliment to‘lovchilarga ham xorijda ishlab daromad topishi uchun sharoit yaratish maqsadida ayni paytda aliment oluvchining huquq va manfaatlarini ishonchli ta’minlagan holda har ikki tomon uchun manfaatli bo‘ladigan adolatli mexanizm bo‘yicha taklif kiritish topshirildi.

Ichki ishlar vakolatidagi masalalar, ayniqsa, xodimlarning qo‘pol muomalasi va tergov sifati bo‘yicha e’tirozli murojaatlar kelib tushayotgani qayd etildi. Tizim mas’ullari bu haqda eng ko‘p murojaat kelib tushayotgan hududlarda profilaktika inspektorlari va tergovchilarning kasbiy saviyasi hamda muomala madaniyatini oshirish bilan tizimli shug‘ullanishi, ichki ishlar idoralarini xalqchil professional tuzilmaga aylantirish ishlarini kuchaytirish zarurligi ta’kidlandi.  

Energetika, yo‘l va suv infratuzilmasi bo‘yicha 2025-yilda yuborilgan murojaatlar 109 mingdan oshgani aytildi. Ayniqsa, Asaka, Shahrixon, Izboskan, Pastdarg‘om, Sho‘rchi, Denov, G‘uzor, Qamashi, Dehqonobod, Sharof Rashidov tumanlari, Samarqand, Namangan, Termiz, Qarshi va Andijon shaharlarida infratuzilma bo‘yicha murojaatlar ko‘paygan.

Joriy yilda bu masalalarni hal qilish uchun 20 trillion so‘m ajratilgani, hokimlar ushbu mablag‘ni, avvalo, eng ko‘p shikoyat tushayotgan mahallalarga yo‘naltirsa, aholi roziligi ham, murojaatlar soni ham kamayishi ta’kidlandi.

“Tashabbusli byudjet” dasturi mahalla aholisining og‘irini yengil qilishda katta samara berayotgani e’tirof etildi. Biroq infratuzilma yuzasidan 25 mingta ariza kelib tushgan 2 mingta mahalla biror marta ham ushbu dasturda loyiha joylashtirmagani ko‘rsatib o‘tildi. Mutasaddilarga Xalq qabulxonalariga kelgan murojaatlarni tahlil qilib, bunday mahallalarga loyiha tayyorlashda ko‘maklashish topshirildi.

Shu bilan birga, ayrim vazirlik va idoralar murojaatlarga yechim berish o‘rniga yuzaki javob bilan cheklanayotgani tanqid qilindi. Xususan, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi murojaatlarning 64 foiziga, Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida nazorat qilish inspeksiyasi 61 foiziga, Transport vazirligi 58 foiziga amaliy yechim bermagan.

Umuman, qayd etilgan kamchiliklar boshqa vazirlik va idoralar, hokimliklarga ham tegishli ekani, ular murojaatlar bilan ishlashni chuqur tahlil va mas’uliyat asosida tashkil etishi shartligi ko‘rsatib o‘tildi.

Prezidentimiz murojaatlar bilan ishlash tizimini o‘zgartirish vaqti kelganini ta’kidlab, hokimliklar, vazirlik va idoralarga faqat ko‘tarilgan masalani hal qilish bilan cheklanib qolmasdan, muammoning kelib chiqish sabablarini chuqur o‘rganish, murojaatlarga olib kelayotgan omillarni aniqlab, ularni kamaytirish bilan tizimli ravishda shug‘ullanishga topshiriq berdi.

Shu bois, Xalq qabulxonalari faqat ariza qabul qiluvchi idora emas, balki soha va joylardagi muammolarga ularga tegishli mas’ul idoralarning e’tiborini tortadigan, ular bilan birgalikda tahlil va yechim taklif qiladigan markazga aylantirilishi belgilandi.

Prezidentimiz yangi tizim qanday ishlashini Qarshi shahri misolida tushuntirib berdi. Aliment to‘lovchilarning bandligini ta’minlash, oyliklar kechiktirib to‘lanishining oldini olish, boshqaruv servis kompaniyalari faoliyati, davlat idoralari xodimlari ustidan shikoyatlar, uy-joy bilan ta’minlash, nafaqat tayinlash kabi masalalarda manzilli ishlash yo‘llari va buning uchun mas’ullar belgilab berildi.  

Har bir ariza va shikoyatni chuqur tahlil qilib, mas’ullar kesimida taqsimlab, birinchi yarim yillikda Qarshi shahrini murojaatlar bilan ishlash bo‘yicha namunaviy hududga aylantirish topshirildi. Bu jarayonda viloyat hokimi, uning o‘rinbosarlari va hududdagi tashkilotlar rahbarlari unga yaqindan ko‘maklashishi belgilandi.

Umuman, barcha hududlar va 208 ta tuman-shahar hokimlariga Qarshi shahri misolida ko‘rsatilgan tizimni samarali yo‘lga qo‘yib, odamlarning og‘irini yengil qilish vazifasi qo‘yildi. Bu boradagi ish rejalari har oy mahalliy Xalq deputatlari kengashlarida tasdiqlanib, aholiga yetkazib boriladi.

Yig‘ilishda Xalq qabulxonalari faoliyatini yanada kuchaytirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar belgilandi.

Prezident Administratsiyasiga hokimlar bilan birgalikda Xalq qabulxonalariga muammolarning mohiyatini tushunadigan zamonaviy kadrlarni jalb qilish, murojaatlarni tizimli tahlil qilish bo‘yicha alohida nazorat guruhi faoliyatini yo‘lga qo‘yish topshirildi.

Prezident Administratsiyasi Kommunikatsiyalar departamenti har oy Xalq qabulxonalariga kelib tushgan murojaatlarni tahlil qilib, umumlashtiradi, vazirlar va hokimlarga yetkazadi, ijrosini nazorat qiladi. Odamlarning kayfiyatiga ta’sir qilayotgan masalalar bo‘yicha rahbarlar hisobotini eshitib boradi, eng muammoli yo‘nalishlar bo‘yicha takliflarni Hukumatga kiritadi.

Hukumatda vazirlik va idoralarning rahbar xodimlaridan iborat Tezkor shtab tuziladi. Ko‘tarilgan masalalar hudud va tarmoqlar kesimida joyiga chiqqan holda hal qilinadi.

Xalq qabulxonalariga murojaatlarni ko‘rib chiqish tartibini buzgan idoralarga majburiy ko‘rsatmalar berish vakolati berilishi, murojaatlar bilan ishlash bo‘yicha davlat idoralari reytingi yo‘lga qo‘yilib, har olti oyda e’lon qilib borilishi belgilandi.

Murojaatlar bilan ishlashda “mahalla yettiligi”ning mas’uliyati ham keskin oshiriladi. Prezident Virtual qabulxonasida har bir mahalla uchun alohida kabinet ochiladi, u yoshlar yetakchisi va mahalla raisi tomonidan yuritiladi. Ular kelayotgan murojaatlarning sabablarini o‘rganib, kunlik ma’lumotlarni hokimlarga taqdim etib boradi.

Shuningdek, murojaatlarni asossiz ravishda quyi tizimlarga yuborgan tashkilot rahbarlariga keskin chora ko‘riladi, murojaatlar to‘g‘risidagi qonunchilik talablarini buzganlik uchun jazo kuchaytiriladi.

Prezidentimiz yana bir muhim masalaga to‘xtalib o‘tdi. Davlat siyosati va islohotlarning asosiy yo‘nalishlarini belgilash, vazirlik va idoralarda to‘g‘ri qarorlar qabul qilinishida, umuman, aholi kayfiyati va uni o‘ylantirayotgan masalalarni bilishda murojaatlar bilan bir qatorda sotsiologik tadqiqotlar natijalari ham muhim manba ekani ta’kidlandi.

Shu bois, bunday tadqiqotlarning ko‘lami va sifatini oshirish zarurligi ko‘rsatib o‘tildi. Endilikda bir martalik ijtimoiy so‘rovlar bilan cheklanilmay, qayerda ishonch ortayotgani, qayerda susayayotgani, qaysi qarorlar adolatli, qaysilari odamlarga manfaat keltirmayotgani bo‘yicha doimiy monitoring va tahlillar o‘tkazilishi belgilandi.

Prezident Administratsiyasi Kommunikatsiyalar departamenti hamda Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar institutiga hudud va tarmoqlar rahbarlari reytingi metodologiyasini ishlab chiqib, tahlillar asosida reytingni shakllantirish va muntazam ravishda Prezidentga kiritib borish topshirildi.

Ijro intizomi masalalari ham ko‘rib chiqilar ekan, berilgan har bir topshiriqning real ijro holati bo‘yicha kundalik nazorat o‘rnatish, mas’uliyatni his qilmagan, sustkashlikka yo‘l qo‘ygan rahbarlar haqida xolis axborot kiritib borish vazifasi qo‘yildi.

Yig‘ilishda hududlar va mas’ul idoralar rahbarlarining hisobotlari tinglandi.

O‘zA

Powered by GSpeech