Prokuratura tizimi rahbar xodimlari – maxsus o'quv modulining navbatdagi tinglovchilari

18 dekabr kuni “Inson qadr-qimmati – eng oliy qadriyat” maxsus o'quv modulining navbatdagi o'quv mashg'ulotlarida O'zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi bo'lim va bo'linmalari, hududiy boshqarmalari hamda Bosh prokuratura Akademiyasi rahbar xodimlari ishtirok etdi.

Vebinar shaklidagi mashg'ulotlar Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi tomonidan BMT Taraqqiyot dasturi va BMT Inson huquqlari bo'yicha oliy komissari Boshqarmasining Markaziy Osiyo bo'yicha mintaqaviy ofisi bilan hamkorlikda tashkil etildi.

BMT Qiynoqlarning oldini olish bo'yicha kichik qo'mitasi raisi o'rinbosari Viktor Zaxariya olib borgan mashg'ulot qiynoqlar va shafqatsiz muomalaning boshqa turlarini taqiqlash hamda ularning oldini olish borasidagi xalqaro standartlar tahliliga bag'ishlandi. Shuningdek, Bosh prokuratura tizimi rahbar  shaxslarining ushbu ilg'or andozalardan huquqni qo'llash faoliyatida foydalanishga doir bilimlari va ko'nikmalarini oshirishga e'tibor qaratildi.

Mashg'ulotlar davomida qayd etilganidek, BMTning Qiynoqlarga qarshi konventsiyasida "qiynoqlar" tushunchasiga ta'rif berilgan. Shuningdek, davlatlarning qiynoqlar va shafqatsiz muomalaning boshqa turlarini taqiqlash va ularning oldini olish borasidagi majburiyatlari bayon etilgan. BMT Qiynoqlarning oldini olish bo'yicha qo'mitasi davlatlar tomonidan ana shu talablarga rioya etilishini nazorat qiladi.

Mamlakatimizda Jinoyat kodeksini yangidan qabul qilish bo'yicha ishlar bormoqda. Shu munosabat bilan qiynoqqa doir xalqaro-huquqiy normalarni milliy qonunchilikka uyg'unlashtirish istiqbollari muhokama qilindi.

Tinglovchilar  tomonidan vebinar qiziqarli va foydali uslubda tashkil qilingani e'tirof etildi.

Inson huquqlari bo'yicha
O'zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati

Powered by GSpeech