Yangi O'zbekiston va inson huquqlari

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi tomonidan O'zbekiston Respublikasida inson huquqlari bo'yicha xalqaro majburiyatlarga rioya qilinishining holati to'g'risidagi axborotning ko'rib chiqilishi xalqaro tashkilotlar tavsiyalariga berilayotgan katta e'tibordan dalolat.

BMTning Inson huquqlari bo'yicha Oliy komissari va shartnomaviy qo'mitalari tavsiyalarida inson huquqlari bo'yicha xalqaro majburiyatlar sohasida parlamentning nufuzini oshirish masalasi belgilangan.

Parlamentlararo Ittifoq tomonidan ham jahon parlamentlari o'z faoliyatida ushbu muhim yo'nalishga e'tibor qaratishi to'g'risida bir qator tavsiyanomalar qabul qilingan.

Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi tomonidan “Yangi O'zbekiston va inson huquqlari” sarlavhasi ostida O'zbekiston Respublikasida inson huquqlari bo'yicha xalqaro majburiyatlarga rioya qilinishining holati to'g'risidagi axborot tayyorlandi. Unda so'nggi ikki yil davomida mamlakatamizda inson huquqlari bo'yicha xalqaro majburiyatlarni bajarishga qaratilgan qonunchilik, huquq amaliyoti hamda xalqaro hamkorlik sohalaridagi ishlar tahlil qilingan.

Axborot O'zbekiston Respublikasi Prezidenti, Oliy Majlis palatalari va Vazirlar Mahqamasiga taqdim qilindi.

Bu, o'z navbatida, O'zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 78 va 93-moddalari hamda «Xalqaro shartnomalar to'g'risida»gi qonunning 36-moddasi  bajarilishiga qaratilgandir. 

Shuni alohida ta'kidlash kerakki, keyingi uch yildan buyon Oliy Majlis palatalari tomonidan inson huquqlariga oid masalalarni ko'rib chiqish amaliyoti shakllanmoqda. Bunga yorqin misol sifatida Inson huquqlari bo'yicha Parlament ma'ruzasi, shuningdek Oliy Majlis palatalari Kengashlari tomonidan tasdiqlangan 5 ta Milliy harakat rejasini (“Yo'l xaritalari”) ko'rsatish mumkin.

Bunday amaliyot jahon parlamentarizmida ham izchil rivojlanmoqda. Misol uchun, Germaniya, Daniya, Shvetsiya parlamentlari tomonidan inson huquqlari bo'yicha axborotlarni ko'rib chiqish yuzasidan boy tajriba to'plangan.

Axborotda 2018-2019 yillarda insonning shaxsiy, siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquqlarini implementatsiya qilish,  xalqaro shartnomalar normalari bajarilishi borasidagi davlat siyosatining asosiy yo'nalishlari bilan birga, ushbu sohadagi tizimli muammolar hamda ularni hal etishga doir takliflar ham taqdim qilingan.

Sud-huquq sohasidagi islohotlar, jumladan sudlar mustaqilligi va odil sudlovga bo'lgan huquqni himoya qilish sohasida xalqaro standartlarni implementatsiya qilish masalalari tahlil etilgan.

Iqtisodiy-ijtimoiy sohadagi islohotlar, Barqaror rivojlanish maqsadlari doirasida amalga oshirilayotgan ishlar chuqur o'rganilgan.

Xalqaro tashkilotlar tomonidan O'zbekistonga bolalar mehnati, majburiy mehnat va odam savdosi masalalari bo'yicha berilayotgan tavsiyalarning bajarilishi holati ham tahlilga tortilgan.

Axborotda ayollar, bolalar va imkoniyati cheklangan shaxslar huquqlariga oid xalqaro standartlarning bajarilishi holatlari o'z aksini topgan. Jumladan, 2020 yil 10 martda qabul qilingan “Bola huquqlarining qo'shimcha kafolatlari belgilanishi munosabati bilan O'zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o'zgartish va qo'shimchalar kiritish to'g'risida”gi qonun ushbu tavsiyalarni bajarishga qaratilgan.

Shu o'rinda yana bir masala: 2019 yilda Oliy Majlis tomonidan ko'rib chiqilgan inson huquqlari masalalari bo'yicha 15 ta qonun loyihasi yuzasidan Milliy markaz o'z xulosalarini taqdim qilgan. Lekin, ayrim qonun loyihalari tashabbuskorlari tomonidan ushbu masalaga yetarlicha e'tibor karatilmagan.

Inson huquqlari bo'yicha xalqaro majburiyatlarni samarali bajarish borasidagi muammolar haqida fikr yuritganda, ayrim davlat organlaridagi ma'lumotlar va statistik hisobotlar tayyorlashga doir mavjud amaliyot xalqaro talablarga mos kelmasligiga e'tibor qaratishga to'g'ri keladi.

Shuningdek, davlat organlari bilan fuqarolik jamiyati institutlari o'rtasida inson huquqlari masalalari sohasida yetarli darajada hamkorlik o'rnatilmagan. Bu esa, samarali jamoatchilik nazoratini yo'lga qo'yishga salbiy ta'sir ko'rsatmoqda.

Qolaversa, inson huquqlari sohasidagi xalqaro majburiyatlar masalalari bo'yicha davlat organlari xodimlari malakasini oshirish tizimi yo'lga qo'yilmagan. Ta'lim muassasalaridagi o'quv dasturlaridan “Inson huquqlari” fani chiqarib yuborilgan.

Axborotda inson huquqlari bo'yicha xalqaro hamkorlik doirasida o'tgan davrda bajarilgan ishlar va istiqboldagi vazifalar aniq ko'rsatilgan.

Inson huquqlari bo'yicha Osiyo forumi, Islom hamkorlik tashkilotining yoshlar huquqlari bo'yicha oltinchi seminari, O'zbekistonning BMT maxsus ma'urzachilari bilan hamkorligi masalalariga e'tibor qaratilgan. Shu bilan birga, BMTning milliy ma'ruzalar hamda fuqarolar murojaatlari ko'rib chiqilishiga oid ma'lumotlari tahlil qilingan.

Jumladan, BMT shartnomaviy qo'mitalarining individual shikoyatlar bo'yicha qarorlarini ijro etishning aniq mexanizmi ishlab chiqilmagan, inson huquqlari bo'yicha xalqaro shartnomalar normalarini sud va huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan qo'llash amaliyoti yo'lga qo'yilmagan. Bu kabi holatlar, o'z navbatida, bugungi kunda ayni sohalardagi yangilanishlar yo'liga to'sqinlik qilmoqda.

Axborotda xalqaro majburiyatlarni samarali bajarishga erishish maqsadida bir qator takliflar bildirilgani juda muhim. Ushbu takliflar doirasida Markaz tomonidan Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy strategiyasi loyihasi ishlab chiqildi.

Ayni vaqtda inson huquqlari bo'yicha ta'lim masalasiga katta e'tibor qaratilmoqda. Markaz tomonidan inson huquqlari sohasida kadrlar malakasini oshirish bo'yicha o'quv kurslari tashkil etilib, hozirda davlat organlari xodimlarini o'qitish rejalashtirilmoqda.

BMT va YEXHT bilan hamkorlikda inson huquqlariga oid adabiyotlar o'zbek tilida nashr etilmoqda. Jumladan, BMT va Parlamentlararo Ittifoq tomonidan nashr qilingan “Inson huquqlari: Parlament a'zolari uchun qo'llanma” hamda “Parlamentlar va Barqaror rivojlanish maqsadlari” to'plamlarining o'zbek tilidagi nashrlari Qonunchilik palatasi deputatlari va Senat a'zolariga taqdim qilindi.

Kelgusida bunday amaliyotni muntazam amalga oshirish rejalashtirilgan. Umuman olganda, mamlakatimizda inson huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ta'minlash, rag'batlantirish va himoya qilish borasida samaradorlikka erishish o'zaro yaqin hamkorlikdagi doimiy ishchan munosabatni talab qiladi.

Mirzatilla Tillabaev,
Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi
Milliy markazi direktorining birinchi o'rinbosari

Powered by GSpeech